«Mahalladan ma’lumotnoma» talab qilinsa, nima qilish kerak?
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi fuqarolardan yashash joyidan ma’lumotnomalarni taqdim etishni talab qilishga va ularni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida yana bir bor eslatdi.
2018-yil 15-oktyabrdan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida fuqarolar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek hokimliklarga tavsifnoma va quyidagi ma’lumotnomalarni taqdim etishga majbur emaslar:
- yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi haqida;
- ishsizligi haqida;
- bolani, yolg‘iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida.
Ko‘rsatilgan ma’lumotlarni olish zaruriyati tug‘ilganda davlat organlari ularni IIV, Mehnat vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab olishi lozim.
Ammo, bugungi kunda mahallalar va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi boshqa muassasalar (hokimliklar, IIB, pensiya bo‘limlari, tuman soliq inspeksiyalari, ta’lim muassasalari, banklar va b.) qonunchilik talablarini noto‘g‘ri talqin etib, fuqarolarni yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois, Agentlik Davlat xizmatlari markazlari tomonidan «mahalladan ma’lumotnoma» berilmasligini rasman e’lon qiladi. Ular orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma’lumot axborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomadan tubdan farqlanadi.
Yashash joyidan ma’lumotnomani taqdim etish talab qilingan fuqarolar quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin:
- Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi – 1148;
- Adliya vazirligi – 1008.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter