Magnitogorskda qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek mukofotlandi
Kecha, 5-fevral kuni O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasida O‘zbekiston fuqarosi Olamafruz Abdullayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan yigit o‘tgan yilning 31-dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar-joy binosi portlashidan keyin yordamga shoshilgan birinchi insonlardan biri bo‘lib, qutqaruvchilar kelgunga qadar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, bino qoldiqlari orasidan sakkiz kishini qutqargan edi.
Uning beg‘araz va qahramonona harakati Rossiya matbuoti tomonidan keng yoritilgan. Bosh konsulxonadagi uchrashuvga Rossiyada vaqtinchalik bo‘lib turgan o‘zbeklar, jumladan, oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek, Sverdlovsk viloyatidagi o‘zbek diasporasi rahbari Zokir Allabergenov ham taklif etilgan.
Uchrashuv yakunida Olamafruz Abdullayevga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri nomidan qimmatbaho sovg‘a va mamlakatning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi faxriy yorlig‘i topshirilgan. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tomonidan uning 7 fevralda uchib ketishi uchun Yekaterinburg-Toshkent reysiga bepul chipta ajratilgan ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 qavatli turar-joy binosida gaz portlashi 31-dekabr kuni ertalab sodir bo‘lgandi. Qutqaruv ishlari 31-dekabrda boshlanib, 4 sutka davom etdi. Bino qoldiqlari ostidan 39 kishining jasadi topildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter