«Kuyovchak» turkumidan. O‘n sakkizinchi bahorni ko‘rmagan qiz
O‘tgan yilning sentayabr oylari edi. Ishxonada o‘tirsam telefon jiringlab qoldi. Olsam bir qiz ekan. O‘zini tanishtirib raqamimni hamkasbim Saida opadan olganini aytdi.
— Bir maslahatingiz kerak edi, — deya so‘zini davom ettirdi u.
— Mayli qo‘limdan kelsa bemalol, — dedim.
— Jiyanim bor, akamning qizi. 17 yoshda. Yuragi xasta. Shifokorlar faqat jarrohlik amaliyoti yordam beradi, deyishayapti. Siz bir yurak jarrohi haqida ocherk yozgan ekansiz. Jiyanimni o‘sha shifokorning ko‘rigi va maslahatiga olib bormoqchi edik.
— Juda yaxshi o‘ylabsizlar, — dedim. — Agar lozim bo‘lsa men ham birga boraman. Imkon qadar masalaning ijobiy yechimini topishga harakat qilamiz. Qachon bormoqchisizlar?
— Hozir emas, — dedi suhbatdoshim. — Akam to‘ng‘ich qizini unashtirib qo‘ygan. Bir oydan keyin to‘y. Bilasiz, to‘yning o‘zi bo‘lmaydi. O‘ziga yarasha tashvishlari, sarf-harajatlari bor. Mebel, sep-sarpo olish kerak. Kuyov tomonning talablarini bajarish degandek. Hammamiz shu yumushlar bilan bandmiz.
— Jiyaningizning ahvoli tuzukmi? — so‘radim uning gapidan hafsalam pir bo‘lib.
— Ancha yaxshi. Uch kun avval kasalxonadan olib keldik. Muolajalarni uyda davom ettirayapti. To‘y o‘tsin biroz mablag‘ to‘plangach, o‘zim sizga yana qo‘ng‘iroq qilaman, — dedi qiz.
Xayrlashdik. Negadir ko‘z o‘ngimdan yuzlari za’faron, darddan toliqib qolgan qizning ma’yus chehrasi namoyon bo‘ldi. Shu damda qizginaning opasi turmushga chiqayotgan kuyovchakdan ham nafratlandim.
Hayot tashvishlari bilan bo‘lib bu gap-so‘zlarni unutib yuboribman. Yaqinda telefon daftarim chekkasidagi raqam yoniga bitilgan «yuragi xasta qizning ammasi» degan yozuvni o‘qib suhbat yodimga tushdi. Raqamni terdim. Go‘shakni o‘sha qiz oldi. O‘zimni tanishtirdim. Jiyanini surishtirdim. U negadir ancha payt jim qoldi.
— Nima gap, tinchlikmi? — so‘radim allanechuk xavotirlanib.
— Jiyanim ikki oy avval hayotdan ko‘z yumdi, — dedi u o‘kinch ohangida.
— Nega, axir, sog‘lig‘i yaxshi degan edingizku?
— Biz ham g‘aflatda qoldik. Avvaliga to‘y o‘tishini kutdik. To‘ydan keyingi yig‘inlaru tadbirlarni o‘tkazib olaylik, dedik. Jiyanimning esa hayot shami so‘nib borayotganini ham payqamabmiz. Oxirgi marta tobi qochib qolganida shifoxonaga olib borganimizda shifokorlar «attang, fursatni boy beribsizlar», deyishdi. Shundan bir hafta o‘tib u vafot etdi.
Uning gaplarini tinglar ekanman, bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi. Garchi tanimasam ham, ko‘rmagan bo‘lsam-da, bevaqt xazon bo‘lgan qizginani o‘ylab ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. «Eh, siz nodonlar, g‘ofil bandalar. Axir to‘y kutib turardi-ku. Inson hayotini hal qiladigan, jismiga jon ato etib turgan yurak esa hech qachon kutib turmasligini nahot bilmas edingiz? Agar eng birinchi navbatda hech qanday mol-dunyoga ham topilmaydigan salomatlikni o‘ylaganingizda bugun bir ma’suma qiz oramizda bo‘lar, shodu xurramlikda o‘n sakkizinchi bahorni qarshi olar edi. Eh, havoyi orzu-havas bandalari. Endi o‘z vaqtida qizginaning sog‘lig‘i haqida qayg‘urmaganingiz uchun, bema’ni hoyu havaslarga andarmon bo‘lib hamma mablag‘ingiz va fursatingizni «kuyovchak»ning «baxt yo‘li»ga sarflaganingiz uchun bir umr vijdon azobida qiynalasiz. So‘nggi pushaymondan esa hech qanday foyda yo‘q», deya hayqirgim keldi. Lekin endi kech, juda kech…
Hidoyat Jo‘rayeva
«Tafsilot.uz» axborot-tahliliy saytidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter