Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonalarga qat’iy choralar ko‘riladi

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonalarga qat’iy choralar ko‘riladi

Foto: Xabar.uz

Poytaxtimizning ba’zi hududlarida psixotrop moddalar savdosi avj olgani bu joylarning kechki manzarasiga salbiy ta’sir etmoqda. Bu hududlarda yashovchi o‘smir yigit-qizlarning tarbiyasi, kichik yoshli bolalarning emin-erkin yurishlari uchun ham bu kabi noqonuniy moddalarning tarqalishiga chek qo‘yish zarur, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2019-yilning 1-dekabridan boshlab,  kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan  (yulduzcha bilan belgilangan) alohida dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda yurtimizda 14 mingdan ziyod dorixona faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, shundan 2360 tasi poytaxtimizda joylashgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida joriy yilning 16 iyun kuni Toshkent shahrining Chilonzor va Uchtepa tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasi bilan bog‘liq 37 ta holat aniqlandi. Unda jami 62 337 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi.

Shundan murojaatda ko‘rsatilgan hududlarda jami 9 ta dorixonada tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, noqonuniy muomaladan 2 518 dona nazorat ostidagi dori vositalari olindi.

Yuqorida aniqlangan holatlarda aksariyat dorixonalar dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan noqonuniy faoliyat yuritgan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Surishtiruv natijalariga qo‘ra, aybdorlarga nisbatan qonunda  belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. 

— Muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi va litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi  raisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ismatjon Azizov.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186.3-moddasiga muvofiq, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini takroran buzganlik uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring