Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus suyak va bo‘g‘imlar yemirilishiga sabab bo‘lmoqda: mutaxassis nima deydi?

Koronavirus suyak va bo‘g‘imlar yemirilishiga sabab bo‘lmoqda: mutaxassis nima deydi?

Koronavirus asoratlari ba’zi bemorlarda suyak va bo‘g‘imlar yemirilishiga sabab bo‘lmoqda. SSV ushbu mavzu yuzasidan mutaxassis fikrini taqdim etdi. 

Murod Irismetov, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

 — Koronavirus pandemiyasining dastlabki yili butun insoniyat uchun og‘ir sinov bo‘ldi. O‘shanda eng asosiy e’tibor, avvalo, bemorlar hayotini saqlab qolish va kasallik keng tarqalishining oldini olishga qaratildi.

Vaqt o‘tishi bilan tibbiyotda bu xavfli infeksiya bilan kurashishning samarali yo‘llari topildi. Davolash standartlari takomillashtirildi. Eng muhimi, COVID-19ga qarshi vaksinalar yaratildi.

Ammo ko‘p o‘tmay, koronavirusning yana bir xavfli jihati ma’mum bo‘ldi. Ya’ni uning og‘ir asoratlari! Ushbu holat SOVID-19ni boshdan kechirgan ba’zi bemorlarda son suyagi, yelka, tizza bo‘g‘imlarining yemirilishi bilan kechayotgani sir emas. Bu — dunyo olimlarining ilmiy xulosasi.

Agar statistik tahlillarga murojaat qilsak, pandemiyagacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha mazkur xastalikka chalingan bemorlar soni 3-4 barobar ortganini ko‘ramiz.

Oqibatda ushbu kasallikning og‘ir bosqichlarida yuqori texnologik operatsiya hisoblanadigan endoprotezlash amaliyotiga muhtoj bemorlar soni ko‘payib bormoqda.

To‘g‘ri, koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval ham avaskulyar nekrozdan aziyat chekuvchi yurtdoshlarimizdan murojaatlar bo‘lardi. Ammo ularning soni hozirgi paytdagi singari ko‘p emasdi.

Bugunga kelib tibbiyot markazimizda shunday dardga chalingan mingdan ortiq bemorlarning reyestrini shakllantirganmiz. Tahlillar asnosida ko‘ryapmizki, ularning aksariyati koronavirusga qarshi emlanmagani oqibatida kasallikni og‘ir o‘tkazgan.

Ustiga-ustak, shifokor tavsiyasisiz, uy sharoitida turli antibiotik, gormon preparatlarini palapartish qo‘llagan. Oqibatda vaqt o‘tishi bilan suyaklarda yemirilish holatlari yuzaga kelmoqda.

Shunday ekan, dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish turli og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishini unutmaylik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring