Said-Abdulaziz Yusupov: «Kommunistik tafakkur bilan demokratik jamiyat qurilmaydi»
«Oq va qora» ko‘rsatuvining navbatdagi soni tayyorlandi. Unda muallif — mustaqil analitik va terrolog Said-Abdulaziz Yusupov davlat va jamiyat rivojlanishi uchun eng avvalo odamlarimiz ongi o‘zgarishi lozimligi, ijtimoiy va etnik qusurlarimizni yo‘qotishimiz kerakligi haqida so‘z yuritadi.
«Biz birinchi ko‘rsatuvimizda yaralar haqida gaplashgan edik. Afsuski, biz bu yaralarni tan olib, ochib, tozalashga majburmiz. Hozirda prezidentga juda qiyinligi haqida ham suhbatlashgandik, — deydi muallif. — Bugun jamiyatimizda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Yaxshi harakat bo‘lmoqda. Lekin yetarli harakat bo‘lmayapti. Sababi davlat bir tomonlama harakat qilyapti, biz esa o‘zimizni isloh qilishga ojizlik qilmoqdamiz. Oddiy bir fuqaro sifatida o‘zimizni isloh qilishga shoshilmayapmiz. Chiroyli tanqid qilyapmiz, chiroyli gapiryapmiz, ammo yetarlicha amal qilmayapmiz. Muammo shunda».
«Sekin tarixga, o‘tgan ikki yuz yilga nazar tashlaylik. Biz boshqalarga o‘zimizning ijtimoiy holatimizdan kelib chiqib munosabat bildiramiz. Aql bilan emas, quloq bilan munosabat bildiramiz. Bu har birimizning fojiamiz. Shuning uchun ham u millat fojiasiga aylangan. Yaqin ikki yuz beri ahvol shu. 17-yilni oling, 37-yilni oling, bundan tashqari «Paxta ishi». Xo‘sh 1937 yil qatag‘onlarida millatimiz javohirlari misralaridan, aynan o‘zbekcha yozilgan satrlardan kim antisovetcha ma’nolarni topib berdi? Kim ularni NKVD xodimlariga chaqdi?» — deya o‘rtaga savol tashlaydi Said Abdulaziz Yusupov.
Uning aytishicha, bugun kimningdir boshqa odam haqida bildirgan fikri uning ustidan chiqarilgan xulosaga aylanib qolmoqda. «Kimnidir yomonotliq qilish uchun uni «yomon» deyish yetarli bo‘lib qolgan. Bugungi emas, qon-qonimizda bor narsa bu. Negadir bizning aqliy filtrlarimiz ishlamay qolyapti. Biz hali aybi bo‘lmagan odamga aybdorlik nuqtayi nazaridan baho beramiz. Uni ichimizda aybdor qilib hukm chiqarib qo‘ya qolamiz. Osongina undan voz kechib yuboryapmiz. Nega?» — dkya yozg‘iradi muallif va bu savolga o‘zi javob beradi: «Chunki birovni yomonotliq qilish oson, yomonlash oson…»
Ushbu fikrlarning davomi yuqoridagi videodan o‘rin olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter