Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatilmoqda

Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar o‘rnatilib, muayyan choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, 27-mart soat 10:00 dan e’tiboran viloyatlararo transport vositalari (avtobus, avtomobil, shaharlararo taksi, avia, temir yo‘l transporti)ning harakati (yuk tashish hollari bundan mustasno) butunlay to‘xtatiladi. Bunda muayyan hududga taalluqli avtotransportlarning (tranzit) o‘z hududlariga kirib borishiga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, viloyatlar tarkibidagi shahar va tumanlararo transport qatnovi harakati ham vaqtincha cheklanadi.

Mamlakatimiz fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda (xizmat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari hamda jamoat tashkiloti xodimlaridan tashqari), uyidan tashqariga chiqishi cheklanadi. O‘ta zarur hollardagina ko‘chaga chiqqanda (dorixona, oziq-ovqat do‘konlari va kundalik zarur maishiy hamda xo‘jalik vositalar) — shaxsiy himoya vositasi (niqob)da bo‘lishi shart. Bordiyu fuqarolar uyidan tashqariga shaxsiy himoya vositasi (niqob)siz chiqsa, qonunda belgilangan tartibda jarimaga tortiladi. Ya’ni, bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida — 1 115 000 ming so‘m jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, epidemiologik holatni inobatga olgan holda, fuqarolar o‘zaro muloqot chog‘ida ikki metr masofa saqlashi shart. Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatiladi. Bu taqiq bir vaqtda harakatlanayotgan oilaga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Respublika hududidagi barcha ko‘ngilochar ob’yektlar, shu jumladan restoran, kafe, oshxona, choyxona, singari tadbirkorlik sub’yektlari (uyga yetkazib berish xizmati bundan mustasno) mamlakatdagi epidemiologik holat barqarorlashmaguniga qadar faoliyatini to‘xtatmay, davom ettirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring