Kichik muammoning katta tashvishlari
Kuni kecha Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi va «Nuroniy» jamg‘armasining to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz va dabdabasiz o‘tkazish bo‘yicha mamlakatimiz xalqiga murojaati qabul qilindi.
Ezgu qadriyatlarimizdan bo‘lgan mehr va muruvvat, insoniylik fazilatlari, yaqinlik va totuvlikni ifoda etuvchi to‘y va boshqa oilaviy marosimlar, ochig‘ini aytish kerak, so‘nggi paytlarda juda serxarj bo‘lib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish vositasiga aylanib ketayotgan edi.
Ammo kichik maishiy masalaning katta makroiqtisodiy zarari haqida o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Hozir yurtimizda har yili 300 mingdan ortiq nikoh qayd etilmoqda. Agar bitta to‘yga kami bilan 10 million so‘m sarflasak, bir yilda 3 trillion so‘m ketadi. Ammo buncha pulga to‘y o‘tkazadigan odam juda kam. O‘rtacha 50 million so‘m ketadi. Demak, 15 trillion so‘m. Kimlardir 100 va undan ko‘proq millionlarga ham to‘y o‘tkazmoqda. Biz oila qurishga emas, balki to‘yga tayyorlanayotganga o‘xshaymiz. Vaholanki, shuncha mablag‘ni yangi qurilayotgan uyga, avtomobilga, ta’lim olishga, kasb o‘rganishga, biznes boshlashga sarflasak bo‘lajak oila ham mustahkam bo‘lmaydimi? Har yili qayd etilayotgan 30 mingga yaqin ajrimning aksariyati aynan moddiy qiyinchiliklar, yigit va qiz bir-birini tushunmasligi, oiladagi uquvsizlik, tayinli ish joyiga ega emaslik sababli kelib chiqmoqda.
Marosimlarni ixcham va chiroyli o‘tkazish o‘rniga bid’at va illatlar komiga tushib, o‘z ravnaqimizga katta to‘siq yaratayapmiz. Bemaza va beo‘xshov tadbirlarni o‘ylab topishda kimo‘zarga kirishib ketdik.
Yaqin-yaqindan boshlab ayrim yoshlar hatto ajrashishlarini nishonlashgacha yetib bordi. Ular asabni buzmasdan, o‘zlarini ehtiyotlab, do‘stona munosabatni saqlagan holda chiroyli bazm qilib, ajrashmoqdalar. Bolalarni tirik yetim qilish, nikohni buzish nishonlanadimi, axir bu fojia emasmi?
Yaqinda nomini aytishni ham istamaydigan bir taniqli san’atkor bir shovvoz yigit bir yilda uch marta uylangani va har safar to‘yda o‘zi xizmat qilganini, yigit saxiylik bilan unga mo‘may haq to‘laganini aytib maqtandi. To‘g‘ri, hamma hamma narsani o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Lekin bunchalik tor dunyoqarash bilan inson qanday san’atkor bo‘lishi mumkin deb o‘ylab qolasan kishi.
Yaqindan boshlab ayrim joylarda kelinning onasi kuyovning onasiga uzuk taqdim etishgacha yetib borishdi. Bunda qanday ma’no, mantiq bor? Bir to‘yda to‘y egasi oshga kelgan talabalarni ichkariga kiritmay, haydab soldi. Ularni avval ham qaysidir to‘yda ko‘rganini, ularda or-nomus yo‘qligini aytib yozg‘irdi. «Siz ham talaba bo‘lganmisiz?» degan savolimga esa «yo‘q, o‘qimasam ham yaxshi yashayman» deya g‘o‘ddaydi. Mana sizga saviya. Vaholanki, bu to‘ylarda stipendiyasini bir oyga yetkaza olmayotgan, mashaqqat ila ilm olayotgan talabalarga dasturxon yozilishi kerak emasmi? Osh berib, kazo-kazo to‘q-to‘kis boylarni chaqirishimizda qanday ma’no bor?
Ayrim beli og‘rimay pul topayotgan, kibrga berilgan boyvachchalar ijtimoiy mas’uliyatni unutib, tadbirlarni ko‘ngliga kelganiday o‘tkazmoqda. Yaqinda bir ta’ziya munosabati bilan berilgan oshga bordik. To‘yxonaning eshigidan kiriverishda kichik byust o‘rnatilib, uning ostiga xorijning ming-ming dollarlik gullari yoyib qo‘yilgan. Marhum shu gullarni sevar ekan va bu uning ruhiga chuqur ehtirom ramzi ekan. Ehsonni ham shuhratparastlikka aylantirayapmiz.
Ma’naviy dunyosi sayoz, tafakkurida nuqsoni bor kimsalar oyog‘i yerdan uzilib, ijtimoiy axloq-odob mezonlarini mutlaqo unutmoqda.
Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun militsiya yoki prokuror nazoratini o‘rnatish bilan kutilgan samaraga erishish qiyin. Shu bilan birga hozirgi jamoatchilik nazorati tizimi ham samara bermayapti.
Shu sababli mahalla-ko‘y, «Nuroniy» jamg‘armasining obro‘li, gapi o‘tadigan otaxon va onaxonlari, Ma’naviyat va ma’rifat markazining targ‘ibotchilari, ziyolilar hamkorlikda aholi orasida keng tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borishi lozim. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bir-ikkita namunaviy to‘yni o‘tkazib bersa va u butun mamlakat miqyosida targ‘ib qilinsa samarasi yaxshi bo‘lur edi.
Mahalla-ko‘y, jamoatchilikning fikrini inobatga olmaydigan ayrim o‘zbilarmonlarni ko‘pchilik oldida izza qilish, mansabdor bo‘lsa hatto lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi masalasini ko‘rib chiqishni ham zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Chunki bu shaxsiy ish emas, millatimizning umumiy muammosidir.
Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va jurnalistlarni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yoki yashayotgan mahallaga biriktirib qo‘yish, ularni ishining samaradorligiga qarab moddiy rag‘batlantirib borish ham ayni muddao bo‘ladi. Chunki qalam ahlining ta’siri ham, so‘zining salmog‘i ham yuqoridir. Ular odam butun umr misqollab yiqqan mablag‘ini bir kunda havoga sovurishi yaxshi emasligini, isrofning oqibatini, nochor va kambag‘al oilalarga qilingan ham oshkora, ham yashirin ehsonning savobi naqadar katta bo‘lishini chuqur tushuntirib berishlari kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter