Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Keksalik gashti»ni surmayotgan keksalar

«Keksalik gashti»ni surmayotgan keksalar

Foto: Xabar.uz

Keksalar haqida gap ketganida uyning to‘rida, oyog‘ini uzatib, ko‘k choyini ichib, nevaralar qurshovida  o‘tirgan nuroniy otaxonu onaxonlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Biror joyda ishlab  nafaqaga chiqqan yoki  ishlashda davom etayotgan keksalarimiz shaharma shahar sayohatga chiqib turishadi. Farzandlari toparmon-tutarmon nuroniylarimiz haj ziyoratini amalga oshirishdek orzulariga ham erishgan. Ammo har doimgidek tanganing ikkinchi tomonini unutib qo‘yamiz.

Biz yuqorida sanab o‘tgan keksalarimiz keksalik gashtini surayotgan bir paytda umuman «keksalik gashti» nimaligidan bexabar, tirikchilik tashvishi bilan boshqalar kabi g‘imir-g‘imir qilib yurgan momoyu bobolarimiz ham ko‘pligini unutganmiz.

Noyabrning sovuq izg‘irinli kuni. Allaqanday kattakonlar o‘tadigan shaharning markaziy ko‘chalarida obodonlashtirish xodimlari orasida nafaqaga chiqqan ishchilarni ham uchratdik. Surishtiruv jarayonida men keksalarimizda o‘z holatini ma’lum qilishda qo‘rquv, hadiksirash va andishaning guvohi bo‘ldim.  «Mening hayotim yaxshi», «noliydigan joyim yo‘q», deya o‘zini tanitishni, suhbatlashishni istamaganlari istaganlaridan ko‘proq.

Ra’no xola:

— Hali oltmish yoshga kirmadim. Pensiyam bilan oyligim 3 mlnga yaqin, ammo nogiron o‘g‘lim bor, 500 ming nafaqa oladi, uni bir necha bor operatsiya qildirganman. Yana bir o‘g‘lim bilan turmush o‘rtog‘im Rossiyada, o‘tgan yili bir oy turib keldim, o‘g‘limni qarindoshlarga tashlab. Mening o‘sha nogiron farzandim ikki yilgina maktabda o‘qigan, lekin juda bilimdon, yolg‘on bo‘lmasin, mahalladan ikki marta ikki quti tuxum berishdi. Menga ularning hech narsasi kerakmas,  o‘g‘limning o‘qishiga, jamiyatga aralashishiga yordam berishsa degandim. Lekin uni taqdiriga qiziqadigan odamning o‘zi yo‘q. O‘g‘lim mendan xafa bo‘ladi, «siz meni o‘qishga bermadingiz», deb. Meni esa uni alohida o‘qituvchi yollab shug‘ullantirishga qurbim yetmaydi. (ko‘ziga yosh to‘lib yig‘lab yuboradi.)

—Sizga pensiya yoshida ishlash yoqadimi?

— Menga ishim juda yoqadi. Men juda kam uxlayman, uyimdayam tinim yo‘q. Tozalash ishlarini yaxshi ko‘raman. Bugun ham ertalabdan oshxonamning kafellarini, gazini yuvib keldim...

Ixtibor xola:

— Pensiyam 1 mln 400 ming so‘m, yana oyligim ham shuncha, obodonlashtirishda ishlayman. Qizim kollejda o‘qiydi. Unga kiyim-kechak, yo‘lkirasiga pul kerak. Sayohatlar deysizmi? Ishxonamiz bilan birga Samarqandga, Buxoroga borganman.

Agar pensiyam 3 mlndan oshiq bo‘lganida uyda o‘tirgan bo‘lardim, mana sovuq tushdi oyoqlarim zirqirab og‘rishni boshlaydi, agar sayohatga chiqa oladigan darajada pulim bo‘lganida ishlamasdim.

Yunusobod bozori 

— Bolam bu qalin nimchang qancha?

— 220 ming, yaxshi qalingina, oling xola.

— Keyinroq kelaman.

 Xola yonidagi oyoq kiyim sotadigan ayolga yuzlanadi:

— Bu issiq oyoq kiyiming qancha?

— 130 ming so‘m, kiyib ko‘rasizmi xola?

— Hozir olish niyatim yo‘q, pensiyam kelsin keyin olaman.

— O‘zi qancha pensiyangiz, deb gapga solishga harakat qilaman xolani.

— 600 ming.

— Menga intervyu bersangiz degandim, masalan shu pensiya bilan sayohatga chiqa olasizmi, pensiyangiz ko‘o‘o‘o‘o‘p bo‘lsa nima qilgan bo‘lardingiz, mana noyabr oyida keksalar sayohatga chiqishi uchun chegirmalar qilinmoqda xabaringiz bormi?

— Yo‘g‘ey, men hech qanaqa savolga javob bermayman, mening yashashimda muammo yo‘q, deydi xola mendan uzoqlashgancha...

 Matluba xola:

— 30 yil maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berganman. To‘ytepadan kelaman, pensiyam 900 ming, harna nevaralarimga yordam bo‘lsin deymanda.

— Xola, mana bu oy keksalar uchun yurtimizga sayohatga bir oylik chegirmalar bor, xabaringiz bormi?

— Bunday narsalarni esdan chiqarib yuborganmiz, e to‘xtang, gapchi mahalladoshlarimiz bilan Samarqandga borgandik.

— Pensiyangizdan o‘zingiz uchun ajratasizmi?

— Nimasini ajarataman, to‘lovlarni to‘lash kerak, oziq-ovqat olish kerak. Mening mahalladosh dugonalarim bor bir umr kolxozda ishlab 300 ming so‘m pensiya oladi...

— Biron marta chet elga sayohat qilish haqida orzu qilib ko‘rganmisiz?

Xola kamtarona jilmayadi:

— Chet el deysizmi? To‘g‘risi qizim, unday narsalarni hech qachon o‘ylab ko‘rmagan ekanman.

Valentin xola:

—  Men 85 ga kirayapman.

— Sizning pensiyangiz qancha?

— 800 ming so‘m nimagayam yetardi. Yaxshiyam eski-tuski narsalar sotaman, hov anov «Megaplanet» gipermarketning oldida.

— Davlat mana shu noyabr oyida keksalar sayohatga chiqishi uchun 50 foizli  chegirmalar ajratdi, mazza qilib sayohatga chiqmaysizlarmi?

— Qanaqa sayohat, sayohatga chiqsam bir oy och qolishimga to‘g‘ri keladi.

Abubakir bobo:

—64 yoshdaman, eski-tuski sotaman, xaltamni ko‘tarib ko‘ring qanchalik og‘ir, 400 ming pensiya nimaga yetadi?

—Bugun nima ovqat yemoqchisiz kechga?

—Rollton (kuladi).

—Farzandlaringiz yo‘qmi?

—Rossiyada yashashadi...

Yo‘l-yo‘lakay yana bir qancha pensioner keksalar bilan suhbatlashdim. Ular ham pensiyasi kamligini, agar ro‘zg‘orga yetganida hecham bozorga chiqmasligini ta’kidlashdi.

«Axir pensiyangiz ro‘zg‘or uchun emas, o‘zingizga sarflashingiz uchun, qachongacha bolalar, nevaralar deb o‘tib ketasiz» deganimda, ular bir ovozdan: shu oilada yashab ularning ro‘zg‘orga yetkaza olmayotganini ko‘rib, qanday hissa qo‘shmaslik mumkin, deyishdi...

Ularning juda ko‘pchiligi hayotidan nolimasligini qayta-qayta ta’kidlashdi. Biri ishidan zavq olishini, yana biri oyog‘ining chigilini yozish, harakatda bo‘lish uchun bozorga chiqishini yoki ishlashini sabab qilib ko‘rsatdi. Men esa ularga o‘zimning mulohazalarimni ayta olmadim:

Balki, sizlarning mana shu ozginaga ham qanoat qilishlaringiz, sabrlik ekanliklaringiz, o‘z muammolaringizni, haqingizni talab qilmaganingiz e’tibordan chetda qolayotganingizga turtki bo‘layotgandir. Siz ishingizdan zavq olmaysiz, sizga ishingiz yoqmaydi, agar bu dunyoda qora mehnatdan boshqa hayot ham borligini bilgan kuningiz.

Siz oltmish yoshga ham chiqmagansiz, ammo tirikchilik tashvishi, doimiy yetishmovchilik yuzingizga shunchalar ko‘p ajin ariqlarini tortganki, qaddingiz shunchalar bukikki ishingizdan zavq olishingiz, tuproq changallab yer kovlashni rohat deb o‘ylashingiz o‘zingizni aldashdan boshqa narsa emas. Boshqa ilojingiz ham yo‘qda.

Turmush tashvishlari, Rossiyaga ketgan o‘g‘lingiz, boshingizga boshini qo‘yib gurunglashib o‘tirishi kerak bo‘lgan suyanchig‘ingizni sog‘inib tunni tongga ulaganlaringiz sizni juda erta qaritgan.

Ishidan zavq, hayotida u qadar qiyinchilik ko‘rmagan kishi qarimaydi, balki yosharadi. Shunday sovuqda oyog‘ingizga kiyib olganingiz yirtiq shippak, uniqib ketgan paypoq yashash sharoitingiz u qadar farovon emasligini fosh qilib qo‘yyapti. 

«Menda hammasi yaxshi, nolimayman», deb shukr qilasiz, sabrli bo‘lasiz. Birortangiz «men orzu qilaman xorijga sayohatni», deb aytolmadingiz, aytolmaysizam.  Axir keyingi pensiyangizga oyog‘ingizga issiq kovush olasizmi, nevaralaringizning kamini butlaysizmi, to‘planib qolgan kommunal to‘lovlarni to‘laysizmi, qay biriga yetkazasiz?

Bu yoqda hali sog‘liq bilan bog‘liq muammolar turibdi, tishlaringizni oxirgi marta qachon davolatganingizni o‘zingiz ham eslolmaysiz.

Belgiyada pensiya yoshidagilarni tish shifokori har olti oyda ko‘rikdan o‘tkazmasa, mijoziga shtraf to‘lashi shartligi haqidagi boshqa mamlakatlardagi sharoitlar haqida aytib sizning ichingizni qizdirmoqchi ham emasman. Shusiz ham yetishmovchilikni o‘ylash, siqilmaslik, noshukrlik qilmaslik uchun ham ishga ko‘milasiz, bor muammolaringizni unutish uchun boshingiz bilan ishga sho‘ng‘iysiz.  

Qaysidir mamlakatda pensioner chol-kampirlar qo‘l ushlashib sayohatma-sayohat yurgan bir paytda siz mehnatdan zavq olayotgan bo‘lasiz, ular haqida eshitmaysiz, hatto bilmaysiz. 

Siz ayni paytda limonlaringizni tezroq sotish, oxirgi avtobusga ilinib qolish haqida o‘ylayapsiz, balki ertaga qayerga gul ekish haqidagi topshiriqni olgandirsiz, xuddiki, televizorda ko‘rsatayotgan oppoq ro‘molli momoyu, soqoli ko‘ksiga tushgan nuroniy chollarning keksalik gashtini surayotgani haqidagi ko‘rsatuvning sizga mutlaqo dahli yo‘qdek.  

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring