Katta yo‘lda... Bulung‘urdan kartoshka, Sheroboddan anor, Chag‘alidan patir... olmang!
Bugun «Fasebook» tarmog‘ida bir do‘stimiz shunday e’lon qoldiribdi: «Samarqanddan Toshkentga keluvchilar diqqatiga! Bulung‘urdan o‘tayotganda kartoshka oluvchilardan mahsulot xarid qilib o‘tirmang. Deyarli birga bir tarozidan uradi!»
Ushbu e’longa yozilgan izohlar esa barchamizni ogohlikka chaqiradi:
Husnuddin Norqobilov: + Sheroboddan anor olmang! )))))
Tolib Raxmat: Yonimda tarozi yo‘q edi, bo‘lmasa bilardim nima deyishni, uyga kelib tortib o‘tiribmanda, keyingi safar shu odamni topaman.
Mansur Alimov: Bir marta «Farhod» bozorida go‘sht olganimda “Elga xizmat” sotuvchilari 3 kilo go‘sht o‘rniga 2,3 berishibdi. Tarozini xaridorga ko‘rinadigan joyini o‘chirib qo‘yishibdi, tortilgan go‘shtni ko‘tarib ko‘rsam cho‘g‘i kam. Keyin nariroqdagi nazorat tarozisiga borib o‘lchadim, 700 gram kam chiqdi, so‘ng sotuvchiga qaytarib bervordim, pulimni cho‘z deb. Yonimda bir xaridor olayotgan ekan, bulardan olmang, 3 kilodan 700 gram urishdi mendan, harom, gunohdan qo‘rqmas ekan bular dedim...
Eng qizig‘i shulardan ayrimlari juma kunlari o‘zi aldagan jamoat bilan namoz o‘qiydi.
Maqsud Jonixonov: Qolaversa, ularning kartoshkasini yegandan ko‘ra kesak qaynatib ichgan yaxshi.
Sharifa Madrahimova: Toshkentdan Qo‘qonga kelishda perevalda olmani shunaqa sotishadi. Qora chelakni go‘yoki to‘ldirib qo‘yishardi, ammo ichini qarasangiz olma yarmidan terilgan bo‘lardi. San’at asari darajasida. Menga bu sirni bir haydovchi aytgandi. Keyin qarasam xuddi shunday ekan. Shu-shu perevaldan olma olmay qo‘yganman.
Chag‘ali degan joyda patir bozori bor. Patirni 10-20 ta olsangiz ustiga ikkita o‘zingiz tanlagan yaxshi va qimmat patirni qo‘yib, tagiga arzon, bemaza patirni taxlab berishadi...
Xulosa shuki, birniki mingga, mingniki tumanga degan gap bejiz aytilmagan. Ba’zan xalqimiz, ayniqsa qishloqlarda kundalik ehtiyojlari chiroq, gaz, suv kabi inson hayotini yengillashtiradigan omillardan ham mosuva deb o‘ylayman. Zahmatkash, mehnatkash xalqimizning qaysi gunohlari uchun bu jazo... Keyin bu savollarning yechimini topgandek bo‘laman. Ijtimoiy tarmoqlarda tunuka idishga Toshkentning havosini chet elliklarga sotish kashfiyotini, hamyurtlarimiz ko‘mir briketlari o‘rnida kesakni sotib olishgani haqidagi xabarlar ham ancha muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Nimaga pul uchun ana shunday «shum kashfiyot»larni o‘ylab topaveramiz. Axir, shundan ortiq sharmandali kashfiyotlar, o‘g‘irliklar bo‘lishi mumkinmi? Birniki mingga, mingniki tumanga... ya’ni yuzsiz, talonchi hamyurtlarimizning qilayotgan gunohlari boshqalarga ham urmoqda...
Xullas, Bulung‘urdan kartoshka, Sheroboddan anor, Chag‘alidan patir, perevaldan olma olmang, pulingizga kuyib qolasiz... Ha aytgancha, bularni ham nazorat qiladiganlar bormi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter