Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kashfiyotchi va Nobel sovrindori vafot etdi

Kashfiyotchi va Nobel sovrindori vafot etdi

Foto: «Brookline.com»

AQShda taniqli kardiolog, defibrillyator ixtirochisi va Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Bernard Laun vafot etdi. U 99 yoshda edi, deb yozadi «The New York Times».

Qayd etilishicha, u Massachusets shtatida Chestnat Xilldagi uyida hayotdan ko‘z yumgan. So‘nggi yillarda shifokor turg‘un yurak yetishmovchiligi ko‘rinishidagi asoratlardan aziyat chekkan, ustiga-ustak, unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgandi.

Yurak urishining normal ritmini tiklashga imkon beruvchi ilk defibrillyator 1962-yilda Laun tomonidan kashf etilgan. AQShda o‘sha paytlarda yiliga yarim million o‘limga olib keluvchi yurak xuruji yurak ritmi buzilishi bilan bog‘liq deb hisoblangan. Kashfiyot reanimatsiyaning yangi texnikasini ishlab chiqishga hamda zamonaviy yurak stimulyatorlarini yaratishga imkon berdi.

Laun, shuningdek, o‘zining urushga qarshi faoliyati bilan ham tarixga kirdi. 1980-yilda u kardiolog Yevgeniy Chazov bilan birga «Dunyo shifokorlari yadro urushining oldini olish uchun» harakatiga asos solgan. Tashkilot yadro sinovlari va qurollanish poygasiga qarshi chiqdi. Harakat faoliyati Nobel qo‘mitasining ham nazaridan chetda qolmadi: Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi (1985). Tibbiy tadqiqotlardan tashqari kardiolog xayriya ishlari bilan ham shug‘ullangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring