Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kasbida fuqaroning elektrdan 44 million so‘m qarzdorligi bekor qilindi

Kasbida fuqaroning elektrdan 44 million so‘m qarzdorligi bekor qilindi

Kasbi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro Karim Ochilov elektr ta’minoti korxonasi tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga asosan qo‘llanilgan jarima asossiz ekanligidan norozi bo‘lib murojaat qildi.

Qayd etilishicha, 2017-yilning 17-yanvarida elektr ta’minoti korxonasi sobiq nazoratchilari Z.Husenov, M.Ro‘ziyev va R.Mukarramovlar tomonidan K.Ochilovning nomiga dalolatnoma rasmiylashtirilib, unga nisbatan 44 044 294 so‘m jarima qo‘llanilgan. Bunga xonadondagi tegirmonning hisoblagichi joyida emasligi qoidabuzarlik sifatida ko‘rsatilib, to‘la quvvat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilgan. Ya’ni, ikkita dvigatel uchun 8,6 kVt hamda ikkita yoritgich uchun 0,2 kVt elektr sarfi hisoblanib, uch yillik da’vo muddati bo‘yicha qayta hisob-kitob qilingan.

O‘rganish jarayonida, mazkur dalolatnoma amaldagi «Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari» talablariga zid ravishda rasmiylashtirilganligi aniqlandi. Birinchidan, K.Ochilov 2014-yilning aprel oyida elektr ta’minoti korxonasini tegirmoni ishlamasligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor etgan va elektr sarfi hisobini to‘xtatgan. Ikkinchidan, yozma xabarni olgach elektr ta’minoti korxonasi energiyani tarmoqdan uzib qo‘yishi lozim edi. Qolaversa, tegirmonga uch fazali yuqori kuchlanishli energiya ulanganligi sababli iste’molchi uni mustaqil tarzda uzib tashlashga haqli emas. Amaldagi xavfsizlik talablari ham bunga yo‘l bermaydi. Bundan tashqari, 2014-2017-yillar mobaynida hudud nazoratchisi tomonidan 15 marta nazorat ishlari olib borilgan bo‘lib, tegirmonning ishlamayotganligiga guvoh bo‘lingan. Uchinchidan, nazoratchilar tomonidan dalolatnoma tegirmon uchun ochilgan abonent raqamiga emas, balki K.Ochilovning xonadoni uchun ochilgan abonent raqamiga rasmiylashtirilgan. Bu esa, amaldagi qoidalar talablariga zid hisoblanadi.

Yuqoridagi asoslarga ko‘ra noqonuniy qo‘llanilgan jarimani bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan mazkur dalolatnoma g‘ayriqonuniy deb topildi va iste’molchiga qo‘llanilgan 44 044 294 so‘m jarima bekor qilinib, elektr ta’minoti bazasidan chiqarish majburiyati yuklatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring