Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kambag‘allik aybmi yoki ayb emas? Unga nima sabab bo‘ladi? Tavakkalchilik va tajriba

Kambag‘allik aybmi yoki ayb emas? Unga nima sabab bo‘ladi? Tavakkalchilik va tajriba

Foto: Xabar.uz

Kambag‘allikka nima sabab bo‘lishi mumkin? Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, boquvchisini yo‘qotish, ishsizlik va yana bir talay muammolar. Hammasini bir qarashda ilg‘ab bo‘lmaydi. Nechta oila bo‘lsa, shuncha taqdir, shuncha muammo bor.

Yaqin-yaqingacha ham O‘zbekistonda kambag‘allik haqida gapirish urf emas edi. Ko‘rib ko‘rmaslikka olish — eng qulayi shu bo‘lgan. Toki Prezident gapirmagunga qadar. Faqat shundan so‘ng istar-istamas tan oldik — ha, shunaqa muammolar yo‘q emas. Tabiiyki kambag‘allikni bartaraf etish chora-tadbirlari ham shundan so‘ng avj oldi. Namanganning so‘lim go‘shasi bo‘lmish Chortoq tumanidagi Baland adir issiqxonalar majmuasi mana shunday tadbirlardan bittasi.



Ushbu loyiha tajriba sifatida ish boshlagan. Tashabbusni esa «Golden Nuts Namangan» MChJ o‘z qo‘liga oldi.

— Biz tomorqa mahsulotlarini konservatsiyalash va eksport qilishga ixtisoslashganmiz. Buning uchun o‘zimizda issiqxona ham bor. Ammo oxirgi vaqtlarda xorij bilan shartnomalarni bajarishda muammoga duch kela boshladik — mahsulot yetishtirishga ulgurmay qoldik. Shu sababli hokimiyatga murojaat qildik va yer ajratishlarini so‘radik. Bizga mana shu loyihani taklif etishdi. Bajonidil qabul qildik.

Bu yerda 1000 ta ikki sotixlik issiqxonalar bor va barchasi «temir daftar»ga tushgan kambag‘al oilalarga ajratib berilgan. «Golden Nuts Namangan» ularga pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa poliz ekinlari ko‘chatlarini yetkazib beradi. Hosil tayyor bo‘lgach, bozor narxida yana o‘zimiz sotib olamiz va qayta ishlab, xorijga eksport qilamiz. Bundan hamma yutadi. Biz ham xorij bilan imzolangan shartnomalarni bajarish imkoniga ega bo‘lamiz, kambag‘al oilalar esa qo‘shimcha daromadni qo‘lga kiritadi, — deydi MChJ rahbari Ahad Egamberdiyev.

Albatta buncha tashabbusni amalga oshirishning o‘zi bo‘lmaydi. Avvalo aholini kredit olishga ko‘ndirishning o‘zi bo‘lmaydi. Hamma ham tavakkal qilishni istamaydi. Albatta ularga subsidiyalar ajratiladi, ammo baribir «olmoqning bermog‘i bor», ertaga bu yog‘i nima bo‘ladi?

— Nasib qilsa hammasi yaxshi bo‘ladi. Aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib bordik. Avval qilmagan ishini bajara olishiga hammaning ham ko‘zi yetmaydi. Ammo kredit olgan oilani hech kim tashlab qo‘ymoqchi emas. Ularga doimiy maslahat berib boriladi, o‘qitiladi va yordam beriladi.

Eng muhimi — fuqaro olgan hosilini kimga sotishni oldindan yaxshi biladi. Aslida dehqon uchun eng og‘iri ham shu, mahsulotini sotish. Biz ko‘chat yerga qadalgandan tortib, sotilgunga qadar ko‘mak berib boramiz. Buning uchun bir yil yetarli, u yog‘iga fuqarolarimizning o‘zi tadbirkor bo‘lib ketadi, — deydi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov.

Kambag‘allikdan chiqish uchun kredit berishning o‘zi kamlik qiladi. Buni davlatimiz yaxshi tushunadi. Shu bois ham umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan loyihaga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari va tijorat banklarining 6,3 millard so‘mlik imtiyozli krediti yo‘naltirildi.

Tuproq tarkibini o‘rganadigan ko‘chma laboratoriya

Bu yerda ish o‘rganish, issiqxona tilini tushunish va pul topish uchun deyarli hamma sharoit yaratilgan. Tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatilgan, darsxonalar va hatto tuproq tarkibini tekshirish uchun ko‘chma laboratoriya ham bor. Bu yog‘iga faqat mehnat qilish qolgan holos.

Bugun ushbu hududga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi va olib borilgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif davomida Davlat rahbari yana qo‘shimcha 10 mingta ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berdi.



Xalqimizda «kambag‘allik ayb emas», degan gap bor. Darhaqiqat, ayb emas. Ammo kambag‘allikdan chiqish uchun shuncha imkoniyat yaratib berilayotgan ekan, harakat qilmaslik — mana bunisi ayb bo‘ladi.

Shunday emasmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring