Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Izsiz ketgan qo‘ylar izidan: kalavaning uchi viloyat hokimi tomon yetaklamoqda

Izsiz ketgan qo‘ylar izidan: kalavaning uchi viloyat hokimi tomon yetaklamoqda

Foto: «Uznews.uz»

«Adolat» gazetasida chop etilgan va saytimizda «Oltiariqda hokim va IIB boshlig‘i haydab ketgan 65 bosh qo‘y «izsiz yo‘qoldi» nomi ostida e’lon qilingan maqoladan so‘ng o‘zimiz ham bu masalaga qiziqib, voqealar rivojini o‘rganishga kirishdik.

Dastlab qo‘ylaridan ayrilgan fuqaro Hasanboy Yunusov bilan bog‘landik. U maqolada keltirilgan faktlarni yana bir bor tasdiqlab, juda muhim bir jihatni esga oldi: qo‘ylar boqilayotganda va ularning bir qismi bug‘doy dalasini payhon qilgan paytda Oltiariq tumani hokimi emas, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning shaxsan o‘zi kelgan. U qo‘ylarning g‘alla maydonini payhon qilayotganini ko‘rib, zudlik bilan tuman hokimi va tuman IIB boshlig‘ini chaqirtirgan va bu holat yuzasidan chora ko‘rishni tayinlab, qaytib ketgan. Shundan keyin qo‘ylarning qanday qilib va qayerga olib ketilganidan Hasanboy Yunusov bexabar ekanligini bildirdi. Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida qo‘y egalariga nisbatan faqat jarima belgilangan, musodara qilish tayinlanmagan. Sudyaning o‘zi ham jarimani to‘lab qo‘ylarni olib ketaverish mumkinligini og‘zaki aytgan.

Qo‘ylarning keyingi taqdiri bilan qiziqib, Oltiariq tuman IIBga murojaat qildik. U yerda bizga rahbarning birinchi o‘rinbosari Dilshod aka bilan bog‘lanishni aytib, telefon raqamini berishdi. Bir necha bor urinishlardan keyin Dilshod aka bilan bog‘langanimizda u bu voqeadan bexabarligini, hokimiyatga murojaat qilish kerakligini aytdi. Qo‘ylar egasi ularning aynan IIB boshlig‘i buyrug‘i bilan olib ketilganini ta’kidlayotganini bildirganimizdan keyin «Men boshliq emasman, o‘rinbosarman» — dedi. Bo‘lmasa IIB boshlig‘ining raqamini berishini so‘raganimizda «Men o‘zim masalani o‘rganib, tez orada sizlar bilan bog‘lanaman» — deb javob qildi. Bir necha soat kutishdan keyin qayta qo‘ng‘iroq qildik. Ammo Dilshod aka telefonini o‘chirib qo‘ydi. Qayta urinishlarimiz besamar ketdi.

Shundan keyin bu qo‘ylarning egalari yashovchi «Qiziltepa» MFY raisi G‘ayrat Rahimovga qo‘ng‘iroq qildik. Uning ma’lum qilishicha, qo‘ylar aslida bu MFY hududida emas, «Povulg‘on» MFY hududida boqilgan va o‘sha hudud noziri tomonidan buyruq asosida haydab ketilgan. Yana bir qiziq jihati, qo‘ylar Oltiariq tumaniga emas, qo‘shni Rishton tumani hududidagi shtabga olib borib qamalgan. Shu bois Oltiariq rasmiylaridan qo‘ylar qayerdaligini surishtirish samara bermayapti. Sud jarayonida qo‘ylarning egalari har kuni shtabga borib yem-xashak berib kelishgan. Sud jarayoni tugab, jarimalarni to‘lab, qo‘ylarni olib ketish uchun borishganida shtab qorovuli qo‘ylar taqdiridan bexabarligini bildiradi. Almashib ishlaydigan uch qorovulning hech biri aniq ma’lumot bermagan.

Darvoqe, sud qarorida qo‘ylar soni 52 bosh deb ko‘rsatilgan. Ammo qo‘ylar egalarining bildirishicha, sudda jarimaga tortiluvchilarning vakillari umumiy hisobni aytishda adashishganlari munosabati bilan juz’iy xatoga yo‘l qo‘yiladi. Qo‘ylar sanab olib ketilganda ham, topshirilganda ham 65 bosh bo‘lgan.

Shu o‘rinda qator savollar tug‘iladi: inson xato qildi, munosib jazosini oldi, jarimani to‘ladi va barcha zararni qopladi. Sud qarori ham bu holatni tasdiqlab turibdi. Endi uning yagona daromad manbai bo‘lgan jonivorlar qaytarilishiga nima to‘sqinlik qilmoqda? Nahotki biz sud qaroriga amal qilmay qo‘ydik? Qiziq, umuman o‘zi bu qo‘ylar tirikmi? Qayerda ular? Shuncha kundan beri ularni kim boqmoqda?

Hozircha bu savollarga javob topmadik, ammo surishtirishda davom etamiz. Bizni kuzatib boring.

Sud qaroridan ko‘chirma
Foto: «Xabar.uz»
Sud qaroridan ko‘chirma
Foto: «Xabar.uz»
Sud qaroridan ko‘chirma
Foto: «Xabar.uz»

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring