23 yashar o‘qituvchining o‘limi tafsilotlarini surishtirgan jurnalist o‘ziga bosim va tahdid bo‘layotganini aytmoqda
«Xabar.uz»ning Samarqand viloyatidagi maxsus muxbiri, jurnalist Karimberdi To‘ramurod o‘zining «Facebook»dagi sahifasida kattaqo‘rg‘onlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning o‘limi tafsilotlarini yoritganidan so‘ng unga nisbatan bosim va tahdidlar bo‘layotganini ma’lum qildi.
«Mening o‘zimdan qahramon yo avliyo yasash niyatim yo‘q, — deb yozadi u. — Menga suiqasd qilishadigan darajada katta ish ham ko‘rsatganim yo‘q. Ammo siz, aziz FBdoshlar, hamkasblar, bir narsani bilib qo‘yishlaringizni istayman: Diana fojeasini yoritganimdan so‘ng turli tahdidlar, g‘arazli, haqoratli qo‘ng‘iroqlar, turli idoralar tomonidan bosimlar, qo‘rqitib qo‘yishlar, cho‘chitib qo‘yishga intilishlar ko‘payib ketdi».
Karimberdi To‘ramurodning yozishicha, unga: «Falon raqamli mashinada yurar ekansiz, mashinalar o‘z-o‘zidan yonib ketadi, portlab ketadi, ustiga KamAZ chiqib ketadi, shunaqa hodisalardan qo‘rqmaysizmi?» degan tahdidlar bo‘lgan. Qaysidir kuni peshin namoziga masjidga piyoda chiqqanida bir raqamsiz mashina ustimga haydab, urib yuborishiga sal qolgan. Jurnalist yashaydigan ko‘p qavatli uyning «domkom»idan o‘zini viloyat IIBdan deb tanishtirgan ikki noma’lum shaxs u haqida surishtirgan, «Bu odamning uyiga kimlar kirib-chiqayapti, shubhali shaxslarga ko‘zingiz tushmadimi?» deb surishtirgan.
U bo‘lib o‘tayotgan hodisalarni sanab o‘tar ekan, OAV xodimlariga quyidagicha murojaat qildi: «Karimberdi To‘ramurodning mashinasi portlab ketibdi», «mashinasi yonib ketibdi», «mashinasining ustiga «Kamaz» chiqib ketibdi», «Karimberdi To‘ramurod bedarak yo‘qolibdi», «Karimberdi To‘ramurod o‘z joniga qasd qilibdi», «o‘zini osib qo‘yibdi» yo «o‘zini daryoga tashlabdi», «Karimberdi To‘ramurod yurak yetishmovchiligi tufayli to‘satdan vafot etibdi» degan gaplar chiqsa, «Karimberdi To‘ramurodning yonidan yoki mashinasidan giyohvand modda chiqibdi», «qurol chiqibdi», degan gaplar tarqatilsa, ishonmanglar! Shunday gaplar chiqsa, bu rejalashtirilgan ish bo‘ladi».
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14-mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalashga olib chiqilgan 23 yashar maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva fojiali halok bo‘lgan, Karimberdi To‘ramurod mazkur voqea tafsilotlarini o‘rganib, «Xabar.uz» surishtiruvi: 23 yoshli o‘qituvchining o‘limida kim aybdor?» nomli maqola e’lon qilgan edi. Biroq Samarqand viloyatidagi rasmiylar o‘qituvchi katta yo‘l (trassa)dagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida halok bo‘lganini tan olmagan, aksincha, u ko‘chani kesib o‘tayotganda «KamAZ» rusumli avtomashina uni urib ketganini ma’lum qilgan edi. Biroq o‘qituvchi va uning hamkasblari dars vaqtida trassada nima qilib yurganiga oydinlik kiritmagan edi. Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev ham voqeaga munosabat bildirib, marhumning yaqinlariga hamdardlik izhor qilgan hamda viloyat rahbari sifatida vafot etgan ayolning oila a’zolariga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatilishi, bundan tashqari, ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga so‘z bergan edi. Karimberdi To‘ramurod «Fojia ko‘zimizni ochmadi yoxud sinalgan usuldagi javob» nomli raddiyaomuz maqolasini aynan rasmiylarning tazyig‘i ostida yozganini aytadi.
«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali tahririyati jurnalistning maqolasi uchun ta’qib qilinayotganini keskin qoralaydi va bunga murosasizligini bildiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga ko‘ra har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Konstitutsiyada amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno ekani aytilgan, biroq Karimberdi To‘ramurod maqolasi amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilmagan, unda qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlar oshkor qilinmagan. Qolaversa, muallifning qo‘lida maqolada tilga olingan tafsilotlarni tasdiqlaydigan dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari mavjud.
«Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.
«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasiga muvofiq davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, ya’ni senzura qilganlik, jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik, jurnalistning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik uchun javobgarlikka tortiladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter