Jar yoqasidagi o‘n ikki jon. Olmaliqdagi vayronada yashayotganlar dardini kim tinglaydi?
Yurtimizdagi o‘z o‘rniga va so‘ziga ega nashrlardan biri — «Oila davrasida» gazetasida «12 jonning dardini kim tinglaydi?» nomli maqola e’lon qilindi. Uni quyida e’tiboringizga havola etamiz.
Tahririyatimizga Toshkent viloyatining Olmaliq shahri Tog‘oldi ko‘chasi 35-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nigora Arslonova murojaat qildi. Uning aytishicha, xonadoni avariya holatiga kelib qolgan, biroq hech qaysi mutasaddidan yordam ololmayotgan ekan.
Ushbu murojaat yuzasidan fuqaroning xonadonida bo‘ldik. Ochig‘i, vaziyat biz o‘ylagandan ham ayanchliroq ekan. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlarining tog‘da tinimsiz portlatish ishlarini olib borishi natijasida derazalaridagi oynalari sinib tushgan, o‘rtasi bo‘z tortib bo‘lingan ikki xonali tor va vayrona kulbada to‘rt oila, jami 12 kishi yashamoqda. Ulardan olti nafari voyaga yetmagan norasida. Eng achinarlisi, mazkur kulbayi vayrona shundoq jarning yoqasida joylashgan... Ota-ona sho‘rlik bolalaridan birontasi jarga yiqilib ketishidan yoki vayrona kulba ustimizga qulab tushmasin degan xavotirda yurak hovuchlab yashamoqda.
— O‘n yil ilgari shu joyni sotib olib, uy solgan edik, — deydi Nigora Arslonova. — Dastlab, qurgan uyimiz uch xonali edi. Lekin tog‘oldi, konga yaqin hudud emasmi, tinimsiz portlash bo‘ladi. Yomg‘ir-qorli kunlardan birida xonamizdan biri jarga o‘pirilib tushgan. Yaqin orada qolgan ikki xonamiz ham qulab tushmasaydi, deb jonimiz halak. Jarlik yoqasida bo‘lgani uchun uyimizni zax bosgan, hasharotlar ko‘paygan. Kunda-kunora uy ichidan chayon tutib olamiz. Nabiralarimni chaqib olishidan qattiq xavotir olib, bir necha yil boshqa joylarda ham sarson-sargardonlikda, ijarada yashab yurdik. Lekin ijara haqi qimmatlab ketganiga qurbimiz yetmay, ikki yildan beri yana shu joydamiz. Qirq yil traktor haydagan turmush o‘rtog‘im hozirda nafaqada. Ijaraga mashina olib, kirakashlik qilyapti. Ikki qizni uzatganmiz. Afsuski, katta qizimning eri vafot etgach, bir farzandi bilan qaytib keldi. Shundan so‘ng uni qayta uzatgan edik. Lekin bu kuyov uch nafar farzandi bilan qizimni tashlab, ishlash uchun xorijga ketdi-yu haligacha daragi yo‘q. Bir necha marotaba aliment undirib berishni so‘rab, tegishli idoralarga murojaat qildik. Lekin kuyovim boshqa davlatda bo‘lgani bois, uni bunga majbur qilib bo‘lmasligini aytishdan nariga o‘tishmadi.
Yaqinda kelinimning ham ko‘zi yorigan edi. U ham uyimizdagi sharoit yomonligidan onasinikiga ketib qoldi. Xullas, shu birgina nochor turarjoyimiz farzandlarimizning oilasi parokanda bo‘lishiga olib kelmoqda.
Qo‘rqinchli, ammo va’da beramiz...
Xonadonda na gaz bor, na ichimlik suv. Hartugul, elektr tokini bir amallab, qo‘lbola usulda tortib kelishgan ekan. Gaz olib kelishga esa, qurbi yetmagan. Shu bois choy elektrda, ovqat o‘choqda qilinar ekan.
— Uyimdagi ahvol yuzasidan ikki yildan beri tuman hokimligiga qatnayman, — deya so‘zini davom ettirdi Nigora Arslonova. — Lekin biron bir ijobiy natija bo‘lmadi. Joriy yilda tuman hokimining virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Shundan so‘ng tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limidan vakillar kelib, holatni ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Bu uyda bir yoki ikki yil yashash tugul, bir kun ham turib bo‘lmaydi, deb ketgan mutasaddilar shu bo‘yi qorasini ko‘rsatmadi. Uyimizdagi vaziyatni tegishli tartibda ko‘rib chiqib, ijobiy hal etib beramiz, degan va’dasini bajarishmadi.
Ahvolimizdan mahalla raisi ham xabardor bo‘lsa-da, biron marta bizning tarafimizni olib, yordam qo‘lini cho‘zgan emas.
Tuman hokimining qabuliga kirish uchun rosa harakat qildik. Lekin bu maqsadimiz ham amalga oshmay kelyapti. Kotibaning aytishicha, u bizga o‘xshaganlarni hokimning qabuliga kiritmagani uchun maosh olar emish. Prezidentimizning o‘zi xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, deb turgan bir paytda, hokimlikdagi mutasaddilar tutgan bunday yo‘lning mohiyatini hech tushunmayman. Men ulardan tekinga uy berishini yoki uyimni ta’mirlab berishlarini so‘rab murojaat qilmayapman. Arzon tipdagi uy-joylardan bizga ham ajratilishini yoki o‘zimiz uy qurib olishimiz uchun, to‘rt-besh sotix bo‘lsa-da, tuzukroq joydan yer ajratilishini so‘rayapman, xolos. Bir gal arzon uy-joy berishini so‘rasam, boshlang‘ich badalni to‘lay olmaysizlar, deb arizamni qaytarishdi. Axir, boshlang‘ich badalni to‘lashning ham boshqacha yo‘llari bordir... Bu borada davlatimiz rahbari bir qator qulayliklar yaratib beryapti-ku. Nahotki, mutasaddilarimiz shuni bila turib, ko‘kragimizdan itaraveradi? Bu adolatdanmi? Hech bo‘lmasa, bizga boshqa joydan to‘rt sotix yer ajratishning iloji ham yo‘qmikan?
Sig‘indi bo‘lib yashash mashaqqati
Hayotda o‘z farzandining kamolini, rohatini ko‘rishni istamaydigan odam yo‘q. Kiprigining uchida asrab, katta qilgan farzandi baxtli bo‘lsa, undan masrur inson topilmaydi. Nigora Arslonovaning esa bugun halovati yo‘qolgan. U o‘zi emas, nuridiydalari uchun kuyib-pishmoqda. Ikki qizining taqdiri o‘xshamay, ota uyiga qaytib kelgani ham dardini ikki hissa orttirdi. Eng achinarlisi, ne umidlar bilan uylantirgan yolg‘iz o‘g‘lini ham oilaviy sharoiti tufayli kelini tashlab ketdi.
Bu gaplarni o‘qiyotgan mushtariy, ehtimol, aslida ayb xonadon egalarining o‘zida bo‘lsa kerak, yo‘qsa, bunchalik ko‘rgilik qayerdan kelardi, deya fikrga borar. Biroq oila bilan yaqindan tanishgach, bu fikr nechog‘li xato ekanini anglaydi. Boisi, ikki qiz ham odob-axloqli, xo‘shro‘ygina, farzandlariga mehribon, xokisor ekanini o‘zini tutishidan, gap-so‘zidan sezish mumkin. Ularning peshonasiga bitilgan qismat shudir, balki.
Oilaning katta qizi S.Jo‘rayevaning aytishicha, u ham tuman hokimligiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Murojaatiga Olmaliq shahar hokimining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Qosimxo‘jayev imzosi bilan quyidagicha javob xati kelgan. Xatni shundayligicha keltirdik:
«Sizning 2017 yil 12 dekabrda shahar hokimi nomiga yozgan arizangiz yuzasidan shahar hokimligi qoshidagi «Uy-joylarni hisobga olish, taqsimlash va xususiylashtirishga ko‘maklashish markazi» davlat korxonasiga murojaatingiz yuzasidan o‘zingiz ishtirokingizda suhbat o‘tkazish uchun taklif etilganingizda suhbat jarayonida quyidagilarni, ya’ni: otangizga tegishli tog‘oldi ko‘chasi 35-A uyda ro‘yxatda turishingizni, ushbu uy avariya holatida ekanligini, 4 nafar voyaga yetmagan farzandingiz borligini, birinchi turmush o‘rtog‘ingiz vafot etganligini, ikkinchi turmushingizdan 3 nafar farzandingiz borligini, turmush o‘rtog‘ingiz bilan yashamayotganingizni, shaxsiy turarjoyingiz yo‘qligini inobatga olib, turarjoy ajratib berishni so‘rab, murojaat qilganingizni ma’lum qildingiz.
Sizga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 28 iyundagi 325-sonli qaroriga asosan, uy-joy fondidan chin yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, kam ta’minlangan mehnatga layoqatsiz I va II guruh nogironlari, kasallikni og‘ir shakllariga chalingan fuqarolar navbat asosida turarjoylar bilan ta’minlanishini hamda avariya holatidagi turarjoylari (baraklar) buzilishga tushgan uylarda yashovchi fuqarolarga o‘rindosh sifatida joy ajratilishini, shahar hokimligi sizni turarjoy bilan ta’minlash imkoniga ega emasligini va kredit asosida turarjoy olish uchun shahar hokimligining iqtisod bo‘limiga murojaat etishingiz to‘g‘risida tushuntirish berildi».
Ko‘rib turganingizdek, hokimlik ayolga uy-joy berish u yoqda tursin, hatto, uning sharoiti bilan ham yaqindan tanishmagan. Uning o‘zidan eshitganlari asosida ish ko‘rib, boshqa joyga murojaat qilish uchun «qimmatli» tavsiya bergan, xolos.
Xo‘sh, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi? Bugun davlat rahbari inson manfaatlari har narsadan ustun ekanini bot-bot takrorlab, tuman va shahar rahbarlaridan shu tamoyil asosida ishlashni talab qilib turgan ayni bir paytda, Olmaliq shahar hokimligi yordamga muhtoj bir fuqaroning mushkulini oson qilish o‘rniga, o‘zidan soqit qilishini qanday izohlash mumkin? Tuman hokimligi sizning talabingizni bajarish imkoniyatiga ega emas, degan gapidan demak, butun boshli shaharda iqtisodiy ahvol bir mushtipar ayolning istagini amalga oshira olmaydigan darajada harob, nochor degan xulosa qilish kerakmi?
Aslida shahar hokimligidagi mutasaddilar muammoni bu tarzda — faqat qog‘ozda hal qilmay, yechimini topish yo‘llarini ko‘rishi zarur emasmidi? Afsus...
Xullas, mutasaddilar ayolga yordam berish u yoqda tursin, hatto, voyaga yetmagan farzandlari uchun nafaqa puli ham ajratmagan. Bu borada na mahalla, na hokimlik yordam qo‘lini cho‘zgan. Yolg‘iz o‘zi to‘rt farzandi bilan birga ota uyiga sig‘indi bo‘lib yashashga majbur.
* * *
Xonadondan chiqib, Olmaliq tuman hokimligiga bordik. Hokimlik binosi peshtoqiga hokimning fuqarolar qabul qilish kuni juma kuni deb yozilganiga ko‘zimiz tushdi. 8.00 dan 12.00 ga qadar belgilangan qabulda afsuski, na fuqaro bor, na hokim. Tuman hokimligi mutasaddisining aytishicha, qabul tugagan, hokim zarur ish bilan chiqib ketgan ekan. Vaholanki, bu paytda soat hali 12.00 bo‘lmagan edi...
Fuqaro murojaat qildi. Biz uning dardini tingladik. E’tirozlarini eshitdik. Uning murojaati haqida hokim bilan yuzma-yuz gaplashish maqsadimiz ham puchga chiqdi. Ehtimol, hokimlik mutasaddilari gazetamiz sahifalari orqali munosabat bildirar. Harqalay, nochor yashayotgan o‘n ikki jon haqi-hurmati, biz shundan umidvormiz...
G‘ulomjon Mirahmedov,
«Oila davrasida» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter