Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iyun oyida qanday ob-havo kutiladi? Mutaxassislar izohi

Iyun oyida qanday ob-havo kutiladi? Mutaxassislar izohi

Foto: Xabar.uz

Bu yil yoz quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1-7-iyun kunlari respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin 35-38 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 40 darajagacha ko‘tariladi.

Keyinchalik oy oxirigacha harorat 33-38 darajadan 25-30 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq kunlarda harorat 39-41 darajagacha ko‘tariladi.

Birinchi o‘n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda ayrim kunlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

Bu yil issiq kunlar aprel oyida ham kuzatilganligi sababli, ushbu yilning yoz fasli qanday bo‘ladi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirib kelmoqda. Juda issiq bo‘ladimi? Bu savolga javob berish juda murakkabdir. Sayyoramizda sodir bo‘layotgan global isish haqiqatan ham yozning juda issiq bo‘lish xavfini oshiradigan omillardan biridir.

Shu bilan birga, global isish yillararo yuqori o‘zgaruvchanlik fonida sodir bo‘lmoqda. Bu har bir keyingi yoz fasli avvalgisiga qaraganda iliqroq bo‘ladi degani emas.

Bundan tashqari, 2025-yil boshida okeanning isishiga olib keladigan El-Nino hodisasi yakunlandi va okean neytral holatga qaytdi.

Biroq, kuchli El-Ninodan keyin okean yuzasi harorati ancha yuqori bo‘lib qolmoqda, bu esa atmosfera holatiga ta’sir qiladi: okeanlardan uzatiladigan issiqlik havo haroratining oshishiga sabab bo‘ladi.

Biroq, bu issiqlik butun dunyo bo‘ylab qanday taqsimlanishini aytish mumkin emas.

O‘zbekistonda yoz asosan quruq va issiq bo‘ladi – bu bizning O‘rta Osiyo iqlimimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bundan tashqari, so‘nggi 50 yil ichida yoz fasllarining o‘rtacha harorati ko‘tarilishi barqaror tendensiyasi kuzatilib kelinmoqda.

O‘zgidrometning jahon prognozlash markazlari hisob-kitoblariga asoslangan dastlabki bahosiga ko‘ra, bu yilgi yoz faslining o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Yozgi mavsum davomida, albatta, ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan juda issiq ob-havo davrlari ham qayd etiladi. Ammo yoz uchun nisbatan qulay harorat fonida issiqning pasayish davrlari ham kuzatiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring