Issiqlik ta’minoti uchun tariflar oshiriladimi? Vazirlik mutaxassislari javob berishdi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda «Issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va «Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorlari loyihalarining maqsadi, mazmun va mohiyati muhokama qilindi.
«Mazkur qarorlar loyihalari ijtimoiy tarmoqrlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, — dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Aliposho Ahmedov. — Qaror loyihasining 2-bandida issiqlik ta’minoti uchun yangi to‘lov tizimi joriy etilishi nazarda tutilgan. Buni aholining ko‘pchilik qismi tariflar ko‘tarilishi deb noto‘g‘ri tushunmoqda. Yo‘q, qaror loyihasida issiqlik ta’minoti uchun tariflarni oshirish nazarda tutilmagan, faqat to‘lovlarni amalga oshirish tartibi o‘zgartirilmoqda».
Ta’kidlanishicha, joriy etilayotgan yangi to‘lov tizimiga ko‘ra, faqatgina issiqlik ta’minoti berilgan muddatga to‘lov qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘zgarish aholi tomonidan tushgan ko‘plab murojaatlarga asosan kiritilgan.
Misol uchun, bugungi kunda issiqlik ta’minoti uchun amaldagi to‘lov tizimi bo‘yicha aholi yil davomida to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda va ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘lgan isitish mavsumining davomiyligini hisobga olmaydi. (Masalan, 2018/2019 yillarda isitish mavsumi 135 kun, 2017/2018-yil — 148 kun davom etdi.)
Tavsiya etilgan to‘lov tizimini joriy etish natijasida aholi haqiqatda amalda taqdim etilgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun haq to‘laydi.
Mutasaddilar aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suv taminoti yetkazib berish davomida tarif hamda yetkazib berish xarajatlari o‘rtasida yuzaga keladigan zararlar respublika va mahalliy budjetlar hisobidan qisman qoplanishini bildirdi.
«E’tiborlisi, qarorga ko‘ra, markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimi 2019–2024-yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkaziladi, — dedi Issiqlik ta’minoti sohasidagi istiqbolni belgilash va tarif siyosati bo‘limi boshlig‘i Abdulaziz Matro‘ziyev. — Bunda resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda iste’mol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini amalda muvofiqlashtirish jarayonlari inobatga olinadi».
Ma’lum qilinishicha, aholiga issiqlik energiyasi va issiq suvni issiqlik ta’minoti korxonalari, iste’molchilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki professional boshqaruv kompaniyalari o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘p xonadonli uylar bevosita mulkdorlar tomonidan boshqarilgan taqdirda esa ikki tomonlama shartnomalar asosida yetkazib berish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
«Hozirda Jahon banki ishtirokida umumiy qiymati 220,7 mln AQSh dollari bo‘lgan «Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va uning energiya samaradorligini oshirish» loyihasi amalga oshirilmoqda, — dedi vazirlik Issiqlik ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Ravshanbek Jo‘rayev. — Maqsad: markaziy qozonxonalar, isitish tizimlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, uylar va xonadonlar ichki issiqlik ta’minoti tizimlarini yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tgan holda tiklashdan iborat».
Aytilishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda issiqlik manbalarining isitish uskunalarini kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy etgan holda rekonstruksiya qilishni, shuningdek, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirishni nazarda tutuvchi qiymati 780,4 mln AQSh dollari bo‘lgan «Buxoro, Farg‘ona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter