Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimov 2005-yilgi deputatlik saylovida kimga ovoz bergani ma’lum qilindi

Islom Karimov 2005-yilgi deputatlik saylovida kimga ovoz bergani ma’lum qilindi

Foto: «Facebook» / Olimjon O‘sarov

2005-yilning 9-yanvarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar o‘tkazilgan (aslida ushbu saylov 2004-yil 26-dekabrda bo‘lib o‘tgan. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 58 ta saylov okrugida takroriy ovoz berish 2005-yil 9-yanvarda o‘tkazilgan). O‘sha saylovda birinchi Prezidentimiz Islom Karimov huquqshunos va jurnalist Olim O‘sarovga ovoz bergan. Bu haqda jurnalistning o‘zi «Feysbuk»dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Istiqlol yillarida mamlakatimiz erishgan barcha yutuq va marralar Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan bevosita bog‘liq. Buni hech kim inkor etolmaydi, — deb yozadi O.O‘sarov. — Shu o‘rinda ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan bir sirni ochmoqchiman: 2005-yil, 27-yanvar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ilk yig‘ilishi. Unda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Professional parlament tizimiga o‘tishimizning zaruriyati va ahamiyati, parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlar haqida gapira turib shunday dedi:

— Mana, saylovlar o‘tdi, har kim o‘zi istagan nomzodga ovoz berdi. Bugun bu haqda, ya’ni kimga ovoz berganim haqida men ham aytishim mumkin. Men O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a’zosi, yurist va jurnalist Olim O‘sarovga ovoz berdim.

O‘sha chog‘dagi hayajonlarim, qani uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lsa... Parlamentdagi 10 yillik faoliyatim davrida, eng yosh deputatlardan biri sifatida faqat shu ishonchni oqlashga harakat qildim.

Ha, Islom Karimov ana shunday bag‘ri keng, mehridaryo va chin vatanparvar inson edilar. Vatan uchun, kerak bo‘lsa, jonini fido qilishga tayyor edi. Shu ulug‘ inson bilan zamondosh va vatandosh bo‘lganimiz bizning baxtimiz. U kishi bilan bo‘lgan suhbatlar, uchrashuvlar xotiralarimizda mangu yashaydi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring