Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IShID tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 yigitga sud hukmi o‘qildi

IShID tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 yigitga sud hukmi o‘qildi

Foto: «Xalq so‘zi online»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari safida jangovar harakatlarda qatnashgan 8 nafar shaxsga nisbatan yakuniy hukmni o‘qib eshittirdi. Bu haqda «Xalq so‘zi online» nashri xabar bermoqda.

«Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanining 8 nafar fuqarosi Suriyadagi terrorchilik tashkilotlari tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun 6 yildan 14 yilga qadar ozodlikdan mahrum etildi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, sudlangan 2 nafar fuqaro — Muhammad Abdurasulov va Muhammadali Shokirov 2010-yilda O‘zbekistondan Turkiyaga chiqib ketib, u yerda «Tablig‘i jamoat» xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolarining ta’siri ostiga tushgan. Oradan 2 yil o‘tgach, ular Suriyadagi lagerga borib, IShIDga aloqador jangovar harakatlarda qatnashgan.

«2016-yilda Abdurasulov va Shokirov O‘zbekistonga qaytgan va 6 nafar fuqaroni Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga jo‘natgan», — deydi sud vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu guruhga nisbatan o‘tkazilgan tezkor tergov harakatlari davomida yana 30 nafar O‘zbekiston fuqarosining Suriyaga chiqib ketishining oldi olingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yil fevral oyida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudi IShID terrorchilik tashkilotiga a’zo fuqaro Ahror Qosimovni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring