Ishga ketayotganda halok bo‘lgan bank xodimi uchun kompensatsiya undirildi
2020-yilning 17-dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro O.T. turmush o‘rtog‘ining ish bilan bog‘liq holatda vafot etgani uchun kompensatsiya undirilishini so‘rab murojaat qildi.
Ombudsman matbuot xizmati xizmatiga ko‘ra, Xalq bankining sobiq kassiri, marhuma M.T. 1989-yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning 2 nafar voyaga yetmagan farzanlari bo‘lgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish hamda karantin munosabati bilan sayyor kassa xizmatini ko‘rsatish maqsadida AT Xalq banki Jizzax viloyati filialining 2020-yilning 21-avgust kungi buyrug‘i bilan marhuma M.T. hamda 20 dan ortiq xodimlar 22-23-avgust kunlari ishga jalb qilingan. 22 avgust, ya’ni shanba kuni esa sobiq bank xodimasi ishga ketayotgan vaqtida avtohalokat tufayli voqea joyida vafot etgan.
Bir necha oydan so‘ng, marhumaning turmush o‘rtog‘i Jizzax viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga rafiqasining ish vaqtida bevaqt vafot etganligi sababli ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan bir yo‘la beriladigan nafaqa miqdorining undirilishini so‘rab murojaat qilgan. Lekin, «Xalq sug‘urta» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sug‘urta kompaniyasi bir necha marotaba xodimning ishga kelayotgan vaqti ish vaqti hisoblanmasligi vaji bilan sug‘urta qoplamasini to‘lab berishdan bosh tortgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklarga chalinishi yoki salomatliklikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash Qoidalari»da «Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘ligiga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi» deb belgilangan.
Shundan so‘ng, Ombudsman sodir bo‘lgan mazkur baxtsiz hodisaga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy baho berish va kompensatsiya undirilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildi.
Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq deb topildi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Vanihoyat, sudning hal qiluv qarori bilan marhumaning turmush o‘rtog‘i O.T. foydasiga «Xalq banki» Jizzax filialidan sal kam 218 mln so‘m bir yo‘la to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa hamda 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun ular 16 yoshga to‘lgunlarigacha har oyda 756 ming so‘mdan zarar undirilishi belgilandi. Agarda bolalar kunduzgi o‘qishni davom ettirsalar, har oylik summa, ular 18 yoshga kirgunlariga qadar undiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter