Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini ma’lum darajada yumshatish uchun bor-yo‘g‘i 10 yil vaqtimiz qolgan...»

«Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini ma’lum darajada yumshatish uchun bor-yo‘g‘i 10 yil vaqtimiz qolgan...»

O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lganiga mart oyida 30 yil to‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi rahbari doimiy vakili Matilda Dimovska xonim bilan tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar, mamlakatimizning ekologik  siyosati haqida suhbatlashdik.

Muhtaram Dimovska xonim, mana yaqinda butun dunyo 5 iyun Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonladi. Aytingchi, shaxsan siz uchun bu kun nimani anglatadi?

– Bu kun mana 50 yildan buyon dunyo bo‘ylab nishonlab kelinmoqda, ya’ni birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazilganiga yarim asr bo‘ldi. O‘shanda dunyo atrof-muhitning ayanchli ahvolga kelib qolganini anglab, bu haqda baralla gapira boshladi. Ilk konferensiya Stokgolmda «Bizning yagona sayyoramiz» shiori ostida o‘tkazilgan. Bu yilgi kampaniyaning ham shiori: «Yer sayyoramiz yagona». Agar biz dunyo saqlanib qolinishini va kelajakda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmaslikni istasak, nafaqat jamoaviy, balki individual darajada harakat qilishimiz talab qilinadi. Olimlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini ma’lum darajada yumshatish uchun bor-yo‘g‘i 10 yil vaqtimiz qolgani haqida bong urishmoqda. Mazkur kunni O‘zbekistondagi atrof-muhitni muhofaza qilish harakati, ko‘plab hamkorlarimiz va eng muhimi bolalar bilan birgalikda nishonlangani e’tiborga loyiq bo‘ldi.

Aytingchi, bugun BMT TD O‘zbekistonda atrof-muhit bilan bog‘liq qaysi loyihalar ustida ish olib bormoqda va ulardan qaysilari aynan O‘zbekiston uchun eng samarali loyihalar hisoblanadi?

– BMT TD 130 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi, O‘zbekistonda esa 1993 yildan, ya’ni qariyib 30 yildan beri biologik xilma-xillik, tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va boshqa sohalarda keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Iqtisodiy islohotlar  jadal sur’at olar ekan, atrof-muhit va iqlim bilan bog‘liq muammolarga katta e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki busiz hech qanday iqtisodiy islohot natija keltirmaydi. Shu bois asosiy e’tiborni tabiiy resurslardan foydalanish, asrash, biologik xilma-xillik, o‘zgarishlarga milliy darajada  moslashish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishni qo‘llab-quvvatlash kabi mavzularga e’tiborni qaratmoqdamiz.

Men shulardan ayrimlarini tilga olib o‘tmoqchiman. Bular jumlasiga Orolbo‘yi mintaqasida olib borayotgan barcha faoliyatimiz kiradi. Bu yerda atrof-muhitga bog‘liq ayrim muammolarni tirikchilik vositalari bilan ta’minlash masalasiga bog‘lagan holda hal qilishga urinyapmiz. Shuningdek, biz qor qoplonining o‘ta muhim bo‘lgan turlaridan birini saqlab qolish, «yashil iqtisodiyot» siyosatini shakllantirishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash borasida ham loyihalarimiz mavjud.

O‘tgan yil noyabr oyida COP- 26 Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiyaning 26-sessiyasi (COP-26) bo‘lib o‘tgandi.  BMT TD bugungi kunda O‘zbekiston aholisini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish borasida o‘z oldiga qanday vazifalarni qo‘ymoqda?

– Biz nafaqat COP-26 anjumanini yaqindan kuzatib bordik, balki hukumat va turli muassasalar, jumladan, O‘zgidromet, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Investitsiyalar, tashqi savdo vazirligi bilan COP-26 ga tayyorgarlik ko‘rish asnosida hukumat tomonidan majburiyatlar to‘g‘risidagi asoslangan qaror qabul qilinishi borasida ish olib bordik. Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston tomonidan belgilangan, ya’ni milliy miqyosda belgilanadigan hissasiga oid ikkinchi ta’rifini qo‘llab-quvvatlaganimizdan va gaz emissiyasi bo‘yicha majburiyat 300 foizga oshganidan mamnunmiz, bu juda yaxshi natija. Ammo  oldimizda hamon bir qator savollar turibdi: «Bu yog‘iga nima qilish kerak?», endi «O‘zbekiston uchun nimalar ustuvor ahamiyatga ega?». Moslashishuv borasida katta salohiyatga ega bo‘lgan – qishloq xo‘jaligi, suv, sog‘liqni saqlash, qurilish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish kabi beshta asosiy sohani qo‘llab-quvvatlaymiz. Bundan tashqari, mintaqaviy moslashish rejasiga ega bo‘lgan uchta maqsadli hudud – Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Xorazm ham e’tiborimizda. Glazgoda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatlar o‘z zimmalariga o‘rmonlarning yo‘qolishi jarayonini ma’lum darajada ortga qaytarish maqsadida o‘rmonlashtirish borasidagi tashabbuslarini kengaytirishni va’da qilishgan. O‘zbekiston esa ana shu mamlakatlardan biri. Mamlakatning «Yashil makon» tashabbusi diqqatimizni o‘ziga jalb qildi va bu biz hukumatni qo‘llab-quvvatlaydigan sohalardan biri. Yana bir muhim masala – mamlakatlar tomonidan karbonat angidridning tashlanishining qisqartirilishi va uning savdosini yo‘lga qo‘yish. Ya’ni, O‘zbekiston ham uglerod bozorining a’zosiga aylanmoqda desak, adashmagan bo‘lamiz. Uglerod savdosi mexanizmi o‘ta muhim ahamiyatga ega, biz ana shu yo‘nalishda ishlashga umid qilamiz, hukumatni boshqa ko‘plab masalalarda qo‘llab-quvvatlash rejamiz bor. Kelajakda, hozir, COP-26 dan so‘ng, masalaning mohiyati majburiyatlarni bajarishga borib taqaladi.

Shu haftada «Stokgolm+50» konferensiyasi o‘tkaziladi. Barchamizga ma’lumki, BMT TD konferensiya o‘tkazilishi arafasida milliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ayni shu tadbirlar haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.

– Ha. Oldinroq aytib o‘tganimdek, 1972 yilda BMTning inson muhiti muammolari bo‘yicha birinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Yaqinda anjumanning 50 yilligini nishonlash uchun dunyo hamjamiyati vakillari yana Stokgolmda yig‘ilishdi. Albatta, bundan maqsad nafaqat bu sanani nishonlash, balki tadbirda qilingan da’vatlar natijalarini birgalikda, yuqorida aytganimdek, hatto individual darajada mustahkamlash va tasdiqlashdan iborat. Ushbu konferensiya barcha davlatlar, xususan, O‘zbekiston uchun ham mamlakatning atrof-muhit bilan bog‘liq holati, iqlim o‘zgarishi, uning rivojlanish sohasidagi oqibatlari bo‘yicha o‘z qarashlarinii, tajribasini ifodalash, shuningdek, o‘z zimmasiga majburiyatlarni olish va harakatlar bo‘yicha ba’zi tavsiyalarni taqdim etish imkoniyatidir. Shu bois BMT TDga Shvetsiya hukumati ko‘magida konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bir qator milliy maslahatlashuvlar tashkil etish taklifi bilan murojaat qilindi. Bu davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgani bizlarni quvontirdi. O‘tgan bir necha oy davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zgidromet, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish  davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi kabi hamkorlarimiz bilan birgalikda qator maslahatlashuvlar tashkil etdik. E’tiborimizni bir nechta mavzuga qaratdik: «Yashil o‘sish (yoki Yashil o‘tish strategiyasi)», «Orolbo‘yi mintaqasining barqaror rivojlanishi», «Milliy miqyosda belgilangan hissalar va iqlim o‘zgarishiga moslashuv» hamda «Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish» mavzularidir. Tadbirlarda nafaqat hukumatlar, balki ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va jamoatchilik guruhlari vakillari, boringki, jamiyatning barcha doiralari vakillari ishtirok etdi. Mavzularning har biri yanada chuqurroq ko‘rib chiqildi. Kelib tushgan bir qator tavsiyalarni umumlashtirib, O‘zbekiston delegatsiyasiga topshirdik. O‘zbekiston ulardan liderlar muloqoti doirasida o‘z tajribasini taqdim etganda, so‘nggi bir necha yil ichida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi uchun kelajak sarmoyalari va, albatta, duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida hikoya qilganda foydalanishiga ishonamiz.

O‘zbekiston barqaror rivojlanishning 14-maqsadi, ya’ni «Dengiz ekotizimlarini asrash»dan tashqari, qolgan barcha maqsadlariga qo‘shildi. Ushbu maqsadlar bugungi kunda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqdami? Shu haqda qanday fikrdasiz?

– Men O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiq ekanligini qayd etib o‘tmoqchiman. O‘zbekiston hukumati barqaror rivojlanish maqsadlariga bu qadar kuchli qiziqish va sadoqatni namoyish etayotgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib, bularning barchasi shunchaki og‘zaki aytilgan majburiyatlar emasligi amalda yaqqol ko‘rinib turibdi. Atrof-muhit bilan bog‘liq barqaror rivojlanish maqsadlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ha, O‘zbekiston ularning ba’zilarida muvaffaqiyatga erishgan, boshqalarida esa natijalar yaxshilanishi uchun ish olib borilyapti. Masalan,  O‘zbekiston «O‘rmon va yo‘qotishlarni tiklash» yo‘nalishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishmoqda. «Suv resurslari va oqava suvlarni tozalash» yoki «Havo sifati» maqsadlariga kelsak, bu sohalarda hali ancha ishlar qilinishi lozim.

Men 2020 yilda BMT YeIK va BMT Atrof-muhit dasturidagi hamkasblarimiz tomonidan o‘tkazilgan ekologik samaradorlik tahlilining muhim hujjat ekanligini atmoqchiman. Unda O‘zbekistonda ekologik ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligiga oid yuzga yaqin juda aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Nihoyat, uchinchi jihat shundaki, hukumat buni juda jiddiy qabul qildi va rasmiylar uni nafaqat taqdim etishdi, balki jarayon davomida bu xususdagi mulohazalarni qo‘llab-quvvatlashdi, men bunda hukumat harakat rejasi va ushbu tahlilda keltirilgan tavsiyalarga qanday reaksiya bildirish kerakligiga oid yo‘l xaritasi bilan kelganini nazarda tutyapman. Shuning o‘zi yetarlimi? Bu yetarli emas. Bizga ko‘proq reaksiya kerakmi? Albatta kerak.

Masalan, OTBdagi hamkasblarimiz O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishining oldini olish ishlariga ajratilayotgan mablag‘lar juda kamligini ta’kidlashmoqda. O‘tgan davr mobaynida bu xarajatlar ortib bordi, lekin ular hamon juda past. Ular keltirayotgan ko‘rsatkichga ko‘ra, YaIM ning 0,05 foizi  ana shu maqsadlarga sarflanadi. BMT TD sifatida biz ham bahslashmoqdamiz, muhokamada ishtirok etmoqdamiz va menimcha, hukumat hozir buni atrof-muhitni muhofaza qilish usullaridan biri, ya’ni iqtisodiy o‘sishga ekologik hissalarning pul qiymatini joriy etish sifatida qabul qilmoqda.

Batafsil javoblaringiz va ajratgan vaqtingiz uchun minnatdormiz.

Nargis QOSIMOVA suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring