Senat inson a’zolari transplantatsiyasiga oid qonunni ma’qulladi
Bugun Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi Qonun muhokama etildi.
Qayd etilishicha, uzoq yillar davomida transplantatsiya yo‘nalishi bo‘yicha qonunchilik asoslari yaratilmagani transplantologiyaning klinik fan sifatida to‘xtab qolgan va kasalliklarga chalingan ko‘p sonli bemorlarning hayotini saqlab qolish imkoniyati yo‘qotilishiga olib keldi.
Ushbu vaziyat ba’zi bemorlarni bu turdagi amaliyotlarni qimmatligiga qaramay, chet el tibbiyot muassasalarida o‘tkazishga majburlamoqda. Ular chet ellarda davolanishda turli mashaqqatlar, katta miqdordagi moliyaviy xarajatlar, xorijga safari davomida chet tillarida so‘zlashish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ma’lumki, insonning juft bo‘lmagan a’zolarini (yurak, jigar, oshqozonosti bezi va boshqa a’zolar) faqat murdadan olish imkoniyati mavjud. Transplantatsiya muvaffaqiyatli o‘tishi uchun transplantni, ya’ni olinishi mo‘ljallangan organni o‘lim konstatatsiyasi amalga oshirilgan zahoti transplantning keyinchalik normal faoliyat qilishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar yuzaga kelishidan oldin murdadan olish lozim bo‘ladi.
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, fuqarolarimizga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va o‘ta og‘ir bemorlarning to‘laqonli hayotga qaytishiga imkon yaratish maqsadida ushbu Qonun ishlab chiqildi. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova va AQSh kabi davlatlarning transplantatsiyaga taalluqli qonunchiligi o‘rganilgan.
Qonun transplantatsiyani amalga oshirish maqsad va shartlari, transplantatsiya ob’yektlari, donorlar doirasi (tirik va o‘lganlar), donor va retsipiyentning huquqlari, tirik va o‘lgan donorlardan a’zo va to‘qimalarini olish shartlarini belgilab beradi.
Qonunning qabul qilinishi sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishga, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatining amaldagi qonunchilik asoslarini to‘ldirishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, Qonun, kasallanish va a’zolardagi qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar tufayli o‘limga olib keluvchi holatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter