Insof qiling, ko‘zi ochlar!
Yaqinda qishloq fuqarolar yig‘ini raisining huzuriga borgandim. Kotib uning ichkarida, kim bilandir gaplashayotganini aytib qoldi. Kutishimga to‘g‘ri keldi. Bir payt ichkaridan qattiq-quruq ovozlar eshitila boshladi. Hayron bo‘lib kotibga qaradim.
— Ichkarida kim bor, uka? Tortishuv qattiq bo‘lyapti-ku, — dedim ovozlar tobora avjga minayotganidan hayratim oshib.
— Falonchi hoji aka…
— Nega sen bola hukumat qaroriga zid ish qilyapsan? — Hoji darg‘azab baqirdi. — Nochor oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish haqida kunda, kunora gapirilyapti, qarorlar chiqyapti. Sen bo‘lsa, «unday, bunday» deysan, vaj-karson ko‘rsatasan…
— Hoji aka, gaplarim malol kelmasin, — bu fuqarolar yig‘ini raisining ovozi edi. — Men hech vaqt hukumat qaroriga zid ish qilmaganman, qilmayman ham. Bizda maxsus komissiya bor. Shu komissiyaning xulosasiga binoan moddiy yordamga muhtojlar ro‘yxati tuziladi. Shunga qarab navbati bilan yordam ko‘rsatiladi. Xafa bo‘lmaysiz, aka, sizning onangiz moddiy yordamga muhtoj emaslar.
— Nimaga asoslanib bunday deyapsan? Onam ukam bilan birga turadi. Ukamning qo‘li kalta, topish-tutishining mazasi yo‘q. Shunday oilalarga yordam bermay, kimlarga yordam berasanlar?! Yo senlarning ham tomog‘ingni moylash kerakmi, a? Yeng ichida ish bitirayotganlaringni hech kim bilmaydi deb o‘ylaysanlar shekilli.
— E tavba! Nima deganingiz bu? Tuhmat qilmang! Bizda hammasi qonuniy!
— E bor-e, suf sendaqa raisga! Kelib chakki qilibman o‘zi…
Hoji eshikni zarda bilan ochib, tashqariga yo‘nalarkan, menga ko‘zi tushib qolib, ichkarida chala qolgan «diydiyosi»ni davom ettirdi:
— Vey, eshitdingizmi buning gaplarini? Men o‘zimga emas, mushtipar onam uchun yordam so‘rab keluvdim. Bu mishiqi byurokrat bo‘lsa, fuqarolarning iltimosini bir tiyinga olmayapti! Muxbirsiz-ku, shunaqalarning po‘stagini qoqib, sharmandasini chiqarmaysizmi?!
U mening ro‘yxushlik bermay turganimni ko‘rib, «E senlarga gapirgan men ahmoq» dedi-da, vajohat bilan tashqariga otildi.
Hojini yaxshi taniyman. Ko‘p yillar savdo sohasida ishlagan. Hozir ham ikki-uchta savdo do‘koni, qassobxonasi bor. O‘ziga to‘q, tevaragi tekis odam. Ammo, ko‘zi to‘ymaydiganlardan.
Hukumatimiz tomonidan yakka-yolg‘iz yashovchilarga, kam ta’minlangan oilalarga yordam uchun mablag‘ yo‘naltirilayotganini eshitgan ayrim moddiyatxo‘r odamlarning uyqusi qochib, halovati tamom yo‘qolgan. Tomirining allaqaysi burchida saqlanib qolgan «boqimandalik virusi» yana bosh ko‘targan.
«Ber, ber!» zamoni allaqachon o‘tdi. Ammo to‘rt muchasi sog‘-salomat odamlarning ham «chiqmagan jondan umid» qabilida kerakli joylarga uchrab, kimlarningdir ustidan shikoyatlar yozib o‘z muddaolariga erishayotganlarini eshitib qolyapmiz. Uch-to‘rt so‘m evaziga bundaylarga «saxovat» ko‘rsatayotgan, hojatini chiqarayotganlar ham borligi sir emas. Boshqalarning rizq-nasibasiga chang solishdan qo‘rqmay, yeng ichida ish bitirayotganlarning kun kelib sharmandai sharmisor bo‘lishlari aniq. Lekin mana shunday tamagirlar tarqatayotgan «virus»ning asta-sekin ko‘payib, boshqalarning tomirida ham bosh ko‘tarayotgani xavotirga soladi odamni…
Sohib Manzur
Manba: mspressa.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter