Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsion rivojlanish vaziri farg‘onalik olimlarni tanqid qildi

Innovatsion rivojlanish vaziri farg‘onalik olimlarni tanqid qildi

6 may kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Farg‘ona politexnika institutida Farg‘ona, Andijon va Namangan universitet prorektorlari va o‘qituvchilari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda olimlar, professorlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va Farg‘ona Yoshlar innovatsiya markazi vakillari qatnashdilar.

− O‘tgan yilning oktyabr oyida Prezidentimiz tomonidan 2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanib, mazkur strategiyaning asosiy maqsadi − inson kapitalini rivojlantirish ekani belgilandi, ­− dedi vazir. ­ − Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tganini e’lon qilar ekan, endi axborot va fanga yo‘naltirilgan texnologiyalarni qo‘llashga ta’lim sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2018 yili yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish maqsadida uch marotaba tanlov o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar, 40 nafar yosh olimlarning AQSh, Xitoy, Germaniya, Rossiya, BAA va boshqa davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlaridagi maqsadli ilmiy stajirovkalari moliyalashtirildi.

Vazir, shuningdek bugungi kundagi doktorantura tizimidagi o‘zgarishlar, innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilayotganga amaliy va innovatsion loyihlarni taqdim etish tartibi haqida gapirdi.

Shu o‘rinda vazir 2019 yildan boshlab innovatsion rivojlanish vazirligi davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan innovatsion hamda amaliy loyihalar, shuningdek, o‘z xarajatlarini o‘zi qoplash asosida moliyalashtiriladigan ustuvor innovatsion, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalar tanlovlari natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan jami 59 ta loyihani 45,4 mlrd. so‘m miqdorida moliyalashtirishga kirishganini qayd etdi.

− Avvallari bir olimga 30-40 million so‘m miqdorida grantlar ajratilgan bo‘lsa, endi bu grantlarning summasi anchayin ko‘paydi. Har bir olim yoki olimlar jamoasiga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan grantlar berilmoqda. Ammo talab ham oshgan! Endi olim maqola bilan emas, innovatsion mahsulot, yangi texnologiyalar, yoki sanoat namunasi bilan hisobot berishi shart qilib qo‘yildi. Toki olimlar tomonidan yaratilgan mahsulot yurtimiz iqtisodiyotiga foyda keltirsin, xalqning turmushi yanada farovon bo‘lsin!

O‘z navbatida, farg‘onalik olimlar va doktorantlar vazirlik tomonidan e’lon qilinayotgan mavzuga doir grant tanlovlarida ishtiroklari sustligi, topshirayotgan loyihalari soni juda kam ekanligi tanqidiy tahlil qilindi va kamchiliklar ko‘rsatildi. Vazir ularni faolroq bo‘lishga undadi.
Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash jamg‘armasi tomonidan Fanlar akademiyasi 2018 yilda taqdim etgan ro‘yxatlarga muvofiq oltita ilmiy-tadqiqot muassasalariga 173 turdagi 7,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari xarid qilinishi, joriy yil uchun o‘n bitta ilmiy-tadqiqot institutlariga 8,4 mln. dollar miqdoridagi laboratoriya jihozlari xarid qilinishi ko‘zda tutilganini va bu sa’y-harakatlar yurtimiz ilm-fanining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishini ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring