IIV yosh qizaloqning murojaati bo‘yicha ma’lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh qizaloqning qarindoshlari qamalib, o‘zi chorasiz holda qolganligi tasvirlangan videolar tarqaldi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15-iyul kuni Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchilar (videotasvirdagi qizaloqning qarindoshlari) 1972-yilda tug‘ilgan M.M., 1975-yilda tug‘ilgan M.S. Asaka tumani hokimiyatiga kelib, 2004-yilda tug‘ilgan S.I. uchun oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirishga tavsiyanoma olish maqsadida hokimiyat hududida janjal ko‘tarishib, Asaka tuman hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Aliyevani uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, sochlari va kiyimlaridan tortib, urib-do‘pposlashgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra D.Aliyevaga «qisqa muddatga sog‘lig‘ini buzilishiga sabab bo‘lgan yengil» tan jarohati yetkazilgan.
Bundan tashqari, yuqorida tilga olingan fuqaro M.M. joriy yilning 20-iyun kuni soat 15:40 da o‘g‘li A.I., qizi Z.G‘. hamda jiyani S.I.lar bilan Asaka tumanlararo iqtisodiy sudiga kelib, sudda «Asakabank» AJ filialidan A.I.ga tegishli bo‘lgan «Asaka Bread Svit» MChJga 500 mln. so‘m kredit ajratish bo‘yicha qilgan murojaati rad etilganligi sababli sud zalida «Asakabank» AJ Bobur filiali rahbari B.Haydarovni haqoratlab, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, urib-do‘pposlashgan.
IIV matbuot kotibiga ko‘ra, mazkur oila, 2017-yildan buyon amaldagi qonun hujjatlarini ochiqdan-ochiq buzishi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasligi, fuqarolar va davlat idoralarining vakillari bilan deyarli har kuni turli janjallar uyushtirib yurishi, banklardan bir necha marotaba kredit mablag‘larini olishga erishib, so‘ng bank va boshqa xodimlar bilan aynan kredit qarzdorligini to‘lamaslik uchun janjallashib, ularning ustidan turli idora va tashkilotlarga tinimsiz murojaatlar yo‘llab (2020-2022 yillar mobaynida viloyat IIBning o‘ziga 64 marotaba murojaat qilgan), o‘tkazilayotgan sayyor va ommaviy qabullarga borib, notinchliklar tashkil qilib kelishi, doimiy ravishda norozi kayfiyatda yurishi bilan aholi hamda davlat idoralarining e’tiboriga tushgan.
Ayblanuvchi M.M. muqaddam sudlanib, 1 yil 10 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, shuningdek u MJtKning 183-moddasi bilan 3 marta, 194-moddasi bilan 1 marta, 40-moddasi bilan 1 marta, 41-moddasi bilan 3 marta, 211-moddasi bilan 1 marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Hozirda fuqaro M.M. Andijon viloyatidagi banklardan jami 738 mln. 210 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘larini qo‘lga kiritib, ularni qasddan to‘lamasdan kelmoqda.
Uning singlisi (internet tarmoqlarida chiqishi uyushtirilgan qizchaning onasi) M.S. muqaddam JKning 109-moddasi 2-qismi bilan sudlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha 2022-yil 22-iyun kuni M.M., A.I., S.M. (qizchaning onasi) va S.I.ga nisbatan JKning bir qator moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, shu kunni o‘zida M.M., Z.G‘., A.I. va S.M.larga nisbatan qamoqqa olish, voyaga yetmagan S.I.ga nisbatan esa uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ayblanuvchilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, fuqaro M.M. va uning jinoiy sheriklari bo‘lgan oila a’zolari tomonidan boshqa bir qator g‘ayriqonuniy hatti-harakatlar sodir etilganligi aniqlangan.
Ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan ayblanuvchi M.S.ning ijtimoiy tarmoqlar orqali videomurojaat qilgan voyaga yetmagan qizi I.I. ayni vaqtda yaqin qarindoshlari — opasi, holasi va uning turmush o‘rtog‘i qaramog‘iga topshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter