IIV: Fohishalik bilan shug‘ullanish holatlari 22 baravarga ko‘paygan
Tahlillarga ko‘ra, jamiyatning axloqiy asoslarga putur yetkazuvchi qilmishlar bilan shug‘ullanish, ya’ni fohishalik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Ayrim shaxslar uchun bu asosiy daromad manbaiga aylangan, deb xabar bermoqda «O‘zA».
IIV ma’lumotiga ko‘ra, bunday huquqbuzarliklar soni 2012-yilda 1017 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yil sayin oshib borgan. 2017-yilda bu raqam 3 mingga yaqinni tashkil etgan. Takroran fohishalik bilan shug‘ullanish holatlari 22 baravarga ko‘paygan.
Oliy Majlis Senatida ma’qullangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Kodeksning 190-moddasi, ya’ni fohishalik bilan shug‘ullanganlik uchun – eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etsa – eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishni belgilovchi normalar kiritilmoqda.
Qonunda nazarda tutilgan jarimalar miqdorini oshirish, shuningdek takroran fohishalik bilan shug‘ullanganlik uchun ma’muriy qamoq jazosi tayinlash axloqiy asoslariga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining salomatligini muhofaza qilish, yuqumlik kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan to‘g‘ri tarbiyalashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter