Ichki kema yo‘llarida faqat O‘zbekiston bayrog‘i ostida suzish mumkin bo‘ladi
Hukumat qarori (462–son, 11.09.2023-y.) bilan O‘zbekiston Respublikasining ichki kema yo‘llarida suzish qoidalari tasdiqlandi.
Qoidalar O‘zbekistonning kema qatnaydigan suv yo‘llarida hamda tabiiy va sun’iy barpo etilgan suv havzalarida kemalar harakatlanishining yagona tartibini belgilaydi.
Ichki kema yo‘llarida faqat O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostida suzishga yo‘l qo‘yiladi.
Kema egalari quyosh botishidan chiqqunga qadar (tunda) hamda ko‘rinish cheklangan vaqtda (tuman, chang-to‘zon, kuchli yog‘ingarchilik) navigatsiya chiroqlaridan foydalanishlari shart.
Navigatsiya belgilaridan quyosh chiqqandan botgunga qadar (kunduz kuni) foydalaniladi.
Suv havzalarida baliq ovlash anjomlari bilan turgan, to‘rlarni o‘rnatayotgan yoxud tashlangan to‘rlar bilan oqim bo‘yicha harakatlanuvchi kemalarda tunda o‘ng qirg‘oqda ishlash vaqtida gorizont bo‘ylab 360 gradusda ko‘rinadigan vertikal joylashgan ikkita qizil, chap qirg‘oqda - ikkita oq chiroq, kunduz kuni tegishli ikkita qizil va ikkita oq bayroq bo‘lishi shart.
Uzunligi 7 metr va undan ortiq bo‘lgan mexanik dvigatelga ega kemalar hamda suv tubini chuqurlashtiruvchi zemsnaryadlar davomli va qisqa tovushli signallar beruvchi qurilmalarga ega bo‘lishi shart.
Kemalardan o‘zib ketish manevrlari o‘zib ketilayotgan kemaning (tarkibning) chap borti tomonidan amalga oshirilishi shart.
Quvvati 300-400 ot kuchiga ega bo‘lgan har bir shatakka oluvchi kemada 200 metrdan kam bo‘lmagan, quvvati 100-180 ot kuchiga ega bo‘lgan kemada 75 metrdan kam bo‘lmagan zanjirlar bo‘lishi shart.
Chegara hududlarida suzish Xalqaro bitimlar va O‘zbekistonning chegara hududlarida faoliyat yuritishni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari hamda mazkur qoidalar bilan tartibga keltiriladi.
Gorizont bo‘ylab ko‘rinish masofasi 1 kmdan kam bo‘lganda kemalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter