Ichki ishlar xodimlari «Eng yaxshi kitobxon» tanlovida qatnashadi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2019 yil 27 fevraldagi qo‘shma qarori asosida joriy yilning aprel-may oylarida ichki ishlar organlarining yosh xodimlari o‘rtasida «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlov yosh xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyati, kasbiy, siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosini, ularning noyob asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida ilk bor tashkil etilmoqda.
Tanlovda 30 yoshdan oshmagan Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari, Qorovul qo‘shinlari hamda Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta’minlash qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar vazirligi oliy ta’lim muassasalari kursantlari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda ishtirokchilar «Siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy kitoblar bilimdoni», «Badiiy kitoblar bilimdoni», «Men sevgan adib» va «She’riyat» kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.
Tanlovning birinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchi Vazirlik miqyosidagi yakuniy bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
«Eng yaxshi kitobxon» tanlovining yakuniy bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 1-darajali diplom, kompyuter to‘plami hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 250-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandiga asos bo‘luvchi tavsiyanoma va kitoblar jamlanmasi bilan;
ikkinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 2-darajali diplom, noutbuk hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 4 oylik malaka oshirish o‘quv kursiga qabul qilish bo‘yicha tavsiyanoma va kitoblar jamlanmasi bilan;
uchinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 3-darajali diplom, televizor hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining 4 oylik malaka oshirish o‘quv kursiga qabul qilish bo‘yicha tavsiyanoma va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlanadi.
Ichki ishlar organlarining barcha yoshlarini ushbu tanlovda faol ishtirok etib, eng yaxshi kitobxon nomiga munosib bo‘lishga chorlaymiz!
Murojaat uchun telefonlar: 71- 231-36-80, 71- 231-46-86, 71- 231-48-05
O‘zbekiston Respublikasi IIV Kadrlar bosh boshqarmasi
Yoshlar ittifoqining Yetakchilar Kengashi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter