Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki senzura, uyqudagi noz partiyalar, Ixtiyor Abdullayev «mahorati»

Ichki senzura, uyqudagi noz partiyalar, Ixtiyor Abdullayev «mahorati»

Foto: «Sovershenno sekretno»

O‘zbekistonda senzuraning rasman «badarg‘a» qilinganiga ancha vaqt bo‘lganiga qaramay, norasmiy ravishda OAVlar ishiga aralashuvchilar, qo‘rqoqlik va ichki nazorat pardasidan qutula olmayotgan muharrirlar hamon topiladi.

O‘tkir maqolalari, teleko‘rsatuvlari bilan ziddiyatni yuzaga keltirgan xodimi(jurnalist)ni himoya qilish o‘rniga, undan tezroq qutilish payida bo‘ladigan nashrlar ham yo‘q emas. Chunki ular yillar davomida asl vazifasini unutib, shunchaki targ‘ibot quroli bo‘lib kelishdi.

Yaqinda qator markaziy nashrlar muharrirlari ishtirokida yig‘ilish bo‘ldi. Ular bilan muloqot qilgan bir idora rahbari yumshoqqina qilib, jurnalistlar noto‘g‘ri tanqidlarga berilayotgani, idora haqidagi «haqqoniy xabarlar» faqat o‘zlarining rasmiy saytida e’lon qilinishini, OAVlar shu manbadan foydalanishi kerakligini aytdi. Idora rahbarining bunday yondashuviga qarshi chiqilmadi. Aksincha, ayrim muharrirlar mulozimning kalomini ma’qullab, hamkasblarini shu tizimda «amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar»ni targ‘ib qilishga chaqirdi.

Qiziqda, nega jurnalistlar «islohotlar»ni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanishi kerak? Qachongacha «ma’rifat, nur» tarqatuvchi bo‘lishi kerak? OAVning auditoriyasiga (bo‘lsa, agar) bu qiziqmi? Aslida-ku, bu savollar ham — ritorik. Chunki o‘sha muharrirlar o‘z nashri auditoriyasi va reputatsiyasini yo‘qotishdan qo‘rqishmaydi. Chunki boy beriladigan bu jihatlarning o‘zi yo‘q, aksarida.

Yillar davomida OAV shunday «tarbiyalandi». O‘zanga tusha olmaganlar chetga uloqtirib tashlandi, oqimga qo‘shilganlarining esa «targ‘ibotchilik missiyasi» qon-qoniga singib ketdi. Endi bu o‘zandan chiqib, haqiqiy jurnalistika maydoniga kirish, o‘zlari istagan taqdirda ham, oson bo‘lmayapti. Bir tarafda esa OAV ishiga mayda-chuyda aralashuvlar jarayonni ortga suryapti, xolos.

***

So‘z va fikr erkinligining bo‘y-basti to‘laligicha namoyon bo‘lishida siyosiy partiyalarning ham o‘rni nihoyatda katta. Ammo, bizda barcha partiyalar mavsumiy — faqat saylov oldidan bir jonlanib, so‘ng yana shamday so‘nib ketaveradi.

Mustaqil jurnalist Ismat Xushev O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi raisi Hotamjon Ketmonovning «nojo‘ya xatti-harakatlari va ma’naviy qiyofasi»ga «baho» berib, ketma-ket maqolalar e’lon qildi. Ammo bu chiqishlarga na partiyaning matbuot xizmati, na biror rasmiysi va na raisning o‘zi javob qaytarmadi. Buni qanday tushunish mumkin? Maqolalarda keltirilgan faktlar haqiqatmi?! Agar yolg‘on bo‘lsa, unda kimsan partiya lideri nega uni inkor qilib chiqmadi? Siyosiy va ijtimoiy faollik kutiladigan partiya o‘z sha’nini himoya qilib, bir so‘z ayta olmasa, ulardan boshqa masalalarda faollik kutish mantiqsizlik bo‘lib qolmaydimi?

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi Sarvar Otamurodovning so‘nggi chiqishlari biroz e’tiborni tortgandek bo‘ldi. Ammo u ham yozdagi yomg‘irday bir sepkilab, o‘tdiyu ketdi.

Shugina tanqididan so‘ng madaniyat va xalq ta’limi vazirliklari jiddiy norozi bo‘lib, raddiya bildirishgan bo‘lsa-da, partiyalar bayroqdorlari ikki muhim — ijtimoiy va iqtisodiy masalalarda o‘zlarining siyosiy pozitsiyalarini doim ko‘rsatib borishlari lozim. Ular aynan shu vosita — saylovchilarning ishonchini faqatgina ortishiga xizmat qilishini anglab yetishlari zarur.

Aslida internet orqali o‘nta odamni «gruppa»ga qo‘shib, «tarixiy qurultoy» o‘tkazilgani haqida iddaolar qilayotgan va xorijdagi uch-to‘rtta tarafdori bilan o‘zini O‘zbekiston siyosatiga «haqiqiy va munosib muxolifat» deb atayotgan «siyosatchi»larning paydo bo‘lib qolishiga shu partiyalarimizning sustkashligi sabab emasmi?! 

«Ortiqcha boshog‘riqqa ne hojat, sen menga tegmasang, men senga tegmayman» qabilida yuraverishning asorati og‘irki, bir paytlar chorvachilik kompleksiyu bo‘rdoqichilik fermasidan boshqa biror tayinli boshqaruv idorasi eshigidan hatlamagan, o‘ziga «Xon» taxallusini qo‘yishdan uyalmaydigan, «prezidentga siyosiy raqobatdamiz, shu sababdan uning kamchiliklarini yoza olamiz. Biz sizning o‘rningizda bo‘lsak, boshqacha ishlarni olib borardik», deb va’dabozlik qiladigan ayrim «daho»larning soni ko‘payib boryapti.

Oliy Majlisda fraksiyasiga ega, budjetdan pul olib turgan siyosiy partiyalarimiz vakillari va yetakchilarining tanqidiy mulohazalari yetishmasligi, me’yoridan ortiq «sukutda yurishlari» ularning onda-sonda uchrab turadigan chiqishlariga toqatsizlikni yuzaga keltirgan. Buni o‘sha Sarvar Otamurodovning birgina tanqidiga vazirliklarning «saylov kampaniyasi boshlanmasidan, ya’ni muddatidan oldin qilingan xatti-harakat» deb baho berishidan ham bilsa bo‘ladi.

Yoki ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati vakilining Oliy Majlis deputatining tarixda birinchi marotaba qamoqxonalarga borib, u yerdagi haqiqiy vaziyat va mahkumlar holati haqida bergan tahlillarini keskin tanqid qilishi, «deputatlar bunday fikrlamasligi kerak»ligi haqidagi e’tirozlari ham umumiy holat haqida tasavvur beradi.

Vazirliklarning matbuot xizmati vakillari xalq saylagan noib bilan o‘zi o‘tirgan kursining farqiga borishi kerak. Deputatning fikri bilan hisoblashishni istashmas ekan, unda, Oliy Majlis rahbariyati chora ko‘rib qo‘ysin. «Chora» deganda zimdan bosim o‘tkazish, «yakka gaplashib» qo‘yish emas, teran, ochiq va oshkora fikrlar, tanqid va tahlil orqali o‘zlarini «hurmat qilishga majburlashi»ni nazarda tutmoqdamiz.

Senat raisi bugungi yalpi majlisda ko‘plab og‘riqli muammolarni ko‘tardi. Aslida avvalgi majlisdayoq mustaqil O‘zbekiston deb atalmish davlatda boshqaruv tili hamon ruscha bo‘lib qolayotganidan norozi kayfiyatda qilgan chiqishi senatorlar korpusining obro‘sini birmuncha oshirib yuborgan edi. Qani endi senatorlarimizdan o‘zbek bo‘lib o‘zbekcha gapirishni or biladigan qatlamning shakllanishiga va tag zamirida boshqa maqsad yotgan qarashlarning «oziqlantirilayotgani»ga (shu kunlarda ular bir qalqib, bosh ko‘tarishdi) nimalar yo‘l ochib berayotgani haqidagi mulohazalarni ham kutib qolamiz.

Yoki bugun dolzarb bo‘lib turgan Georgiy tasmasi mashmashalarini olaylik. Rus imperiyasining bosqinchiligi ramzi hisoblangan bu tasmaning targ‘ib qilinishiga qarshi nega siyosiy arboblarimiz gapirishidan avval partiyalar yetakchilari bong urmaydi?!

Siyosiy partiyalar, deputatlar mamlakatimiz, xalqimizning kelajagiga daxldor yukni o‘z yelkalariga olib, ko‘tarishlari, toki hukumat rahbarining fikri keyinchalik rasmiy tus olib, mamlakat pozitsiyasi sifatida baholanishiga, «shimol ayig‘i»ga qarshi qayrovchi kuchlar uchun yaxshigina bahona yaratilishiga yo‘l qo‘ymasliklari lozim edi.

Deputat degan mardum kichkina bir odam emasligi, uning ijtimoiy fikri hukumat organlarida e’tiborsiz tashlab qo‘yiladigan, shunchaki havoyi safsata va xashaki gap bo‘lib qolmasligi kerak. Ming afsuski, zamonaviy milliy Qonunchilik palatasi deganda ikki-uchta mard deputatlar ko‘z o‘ngimizga keladi, xolos...

***

Oxirgi paytlarda o‘ziga katta ishonch bildirilgan, lekin uni suiiste’mol qilgani aytilayotgan Ixtiyor Abdullayevning respublikadagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlik lavozimlariga o‘ziga sodiq va topshirig‘ini labbay deb bajaradigan kadrlarni qo‘yishi orqali davlatning butun siyosiy faoliyati ustidan umumiy «huquqiy» nazorat o‘rnatishga bo‘lgan yashirin intilishini Prezident jamoasi payqab qolgan ko‘rinadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va kadrlar bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ko‘p yil faoliyat olib borgani uning katta ambitsiyalariga, ehtimol, asos yaratgandir.

U «xizmat»ning avvalgi gegemonlik kayfiyatini qo‘msashda, huquqiy chegaradan chiqib, korrupsiya va poraxo‘rlik botqog‘iga botganlikda ayblanmoqda. Prezident bu holatda g‘alvirni baland ko‘tarishga majbur bo‘ldi va unga siyosiy ishonchsizlik bildirdi.

Nomi sir saqlanayotgan ekspertlarning bahosiga ko‘ra, sobiq generalning hurfikr saytlarni yopishi, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarga cheklov qo‘yishi, xorijdagi ayrim ta’sirli vatandoshlarni sun’iy ravishda muxolifatga aylantirishi, mamlakatdagi butun hokimiyat tizimlarini nazoratga olish orqali prezident olib borayotgan demokratik o‘zgarishlarni aholiga buzib ko‘rsatishga bo‘lgan intilishi, bu orqali, o‘zi uchun kelgusida yaxshi siyosiy platforma hozirlagani kuzatilgan.

Albatta, barcha noqonuniy ishlarga oxirgi nuqtani sud hokimiyati qo‘yadi. Uning ortida kimlar turgan, qanday maqsadlar yashirin, ishga kimlarni jalb qilgan, kimlar xayrixoh va ko‘makchi bo‘lgan... barchasiga oydinlik kiritilishi shubhasiz.

Ammo O‘zbekiston qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi organning boshqaruvning barcha tizimlari ustidan mutlaq ustunligiga asoslangan davlat emas, balki prezidentlik boshqaruvidagi, fuqarolik huquqiy demokratik davlat qurish niyatida. Bu maqsadga zarba berishni istovchilar uchun «Abdullayev ishi» o‘ziga xos ishora va signal.

Shu ma’noda, prokuraturaning ham davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini total nazorat qilishi, «kuratorlar» tizimining yaratilishi siyosiy va ijtimoiy faol jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi hamda uning tuzilmaviy shakl-shamoyilini o‘zgartirish zaruriyatini keltirib chiqardi. Prezident tomonidan shunday qaror qabul qilindi ham. Toki, yangicha vazifalar qo‘yilgan ushbu tizimning vazifasi davlat rahbari tomonidan aniq belgilangan va undan har qanday og‘ishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ayon.

Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlisning har ikki palatasi, Vazirlar Mahkamasi va Oliy sud — davlat tuzilishi va hokimiyatning eng bosh bo‘g‘inlari, bir-birini o‘zaro tiyib turuvchi, muvozanatlashgan tizim ekanligini va bunga qarshi chiquvchi kuchlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ular bilan ortiqcha hisoblashib o‘tirilmasligini ham hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Mustaqil OAV va tetik partiyalari bo‘lgan jamiyatda zimdan gegemonlik kayfiyatini qo‘msab qoladigan, lobbizm, korrupsiya va poraxo‘rlik botqog‘ini yaratishdan manfaatdor kimsalar osonlikcha yashay olmaydilar. Ular tezda fosh bo‘ladi, yuzi ochib tashlanadi va jamiyatning o‘zi adolatni joy-joyiga qo‘yib qo‘yadi.

Erkin Jarchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring