Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimning «G‘ijduvon shashligi» haqidagi so‘zlariga izoh berildi 

Hokimning «G‘ijduvon shashligi» haqidagi so‘zlariga izoh berildi 

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Sherzod Ashurov endi kimdir G‘ijduvon shashliklarini pishirib, sotmoqchi bo‘lsa, G‘ijduvon tumani hokimligidan so‘rab, to‘lovini to‘lashi kerakligini talab qilgani haqida videolavha tarqalgandi.

«Mana Hindiston Oyga o‘zining kosmik kemasini jo‘natdi. Men kecha aytdim: biz g‘ijduvonliklar albatta Oyga yetib boramiz. O‘sha yerda G‘ijduvon shashliklarini pishiramiz», — deydi hokim.

G‘ijduvon tumani hokimi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, respublika poytaxti va qator viloyatlarda «G‘ijduvon shashligi» bannerli reklamlari ostida kaboblar pishiriladi.

«Hamma joyda ham g‘ijduvoncha shashlik maromiga yetkazib pishirilmaydi. Va bu o‘z-o‘zidan G‘ijduvon shashligi mashhurligiga ziyon yetkazishi mumkin. Shu bois, tuman hokimi g‘ijduvoncha shashlikni brend darajasiga ko‘tarish uchun shunday munosabat bildirgan. Va bu borada chora-tadbirlar belgilanadi», deya izohlaydi matbuot kotibi.

O‘z navbatida, Adliya vazirligi G‘ijduvon hokimining so‘zlarini rad etdi.

Buxoro viloyati adliya boshqarmasi 24 avgust kuni «G‘IJDUVON ShAShLIK»ni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Adliya vazirligining ma’lumot berishicha, «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik ob’yekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi.

Buxoroda birinchi bo‘lib davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi G‘ijduvon tuman hokimligiga topshirildi.

Tuman hokimi Sherzod Ashurov endi boshqa hududlardagi kabobchilar G‘ijduvon kabobini sotish uchun tuman hokimligi ruxsatini olishi kerakligini ma’lum qildi.

Biroq Adliya vazirligi buni rad etdi.

«Muayyan tovarning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring