Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlar ayrim vakolatlardan mahrum bo‘lmoqda

Hokimlar ayrim vakolatlardan mahrum bo‘lmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Prezident tomonidan 20.01.2023 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-815-son Qonun imzolandi.

Norma nashri xabariga ko‘ra, kiritilayotgan o‘zgarishlar mahalliy davlat hokimiyati organlari, hokimlar, bojxona organlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlariga hamda MChJni majburiy auditdan o‘tkazish talabiga oid.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi vakolatlari bekor qilinmoqda:

  • tibbiy yordam sifatining klinik-statistik standartlariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi, ularni saqlash sharoitlari ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.

Hokimlar uy-joy mulkdorlari va uy-joydan foydalanuvchilaridan kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida da’volar bilan sudga murojaat qilish vakolatidan ham mahrum bo‘lmoqda.

Shuningdek, aktivlarining balans qiymati BHMning 100 ming baravari miqdoridan ko‘p bo‘lgan MChJlar uchun har yilgi tashqi auditorlik tekshiruvidan o‘tish majburiyati bekor qilinmoqda.

Endilikda chet davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalarining egalari tomonidan majburiy sug‘urta bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bojxona organlari amalga oshirmaydi. Ushbu vakolat davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida saqlanib qolmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Moliya va iqtisodiyot vazirligining auditorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ayrim vakolatlari nodavlat notijorat tashkilotlari – auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga o‘tkazilmoqda. Xususan, auditorlar birlashmalariga:

  • auditorlar malakasini oshirishning namunaviy dasturini tasdiqlash;
  • malaka imtihonini o‘tkazish tartibini belgilash (Moliya va iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda);
  • nomzodni malaka imtihoni topshirishga qo‘yish yoki rad etish;
  • sertifikatni rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, sertifikat va uni dublikatini berish vakolatlari o‘tkazilmoqda.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.01.2023 yildan kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring