Hokimiyatga qaytolmayotgan to‘rtinchi hokimiyat
Telegramdagi kanallardan birida shu haqda maqola chiqdi. Uning ayrim joylarini o‘zgartirgan holda va juz’iy qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola qilamiz. Maqoladagi fikrlar Xabar.uz nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Yuzxotirlik, andisha, tanish-bilishchilik — taraqqiyot kushandalari. O‘zbekchilikda shunday xislatu illatlarimiz borki, ulardan voz kecholmaymiz. Garchi buni o‘zimiz istasak ham. Voz kechish uchun betni "beton" qilib olish kerak bo‘ladi.
Qaysidir saytda biror amaldor haqida negativ xabar chiqsa, darrov qidirib qolishadi. Kim yozibdi, nima maqsadi bor ekan, nega yozadi? Men o‘zi asli shunaqaman shekilli, demaydi, masalan.
Misollar keltirishimiz mumkin. Jumladan, Xabar.uz saytida bir necha maqolalar ana shu xislatu illatlar "ishga solingach", saytdan o‘chirilgan. Yoki yaqinda Kun.uz saytida shunaqa narsa kuzatildi. "Yangi tarix. Shov-shuvli hibslar yettiligi" nomli maqolada yirik korrupsiya mojarolari reytingi tuzilgandi, bir soat turar-turmas, saytdan "uchirilgan".
Agarda yuzxotirlik, andisha (qo‘rquv emas), tanish-bilishchilik ish bermasa, tahdid, qo‘rqitish kabilar yordamga keladi. Bunisiniyam eplasholmasa, indamay qo‘ya qolishadi, kuchi yetganlar bilan "ishlayverishadi".
Masalan, Nikita Makarenkoning o‘sha shov-shovli maqolasini olaylik. Ma’naviyat haqidagi, esladingizmi? O‘sha maqolani saytdan oldirish uchun rosa urinishgan, lekin eplasholmagan.
Jurnalistikani erkinlashtirish o‘rniga battar botqoqqa botirmaslik kerak. Jurnalistikaning ham boshini silaydigan biror amaldor chiqib qolar. Bizni chindanam himoya qiladigan tashkilot baribir paydo bo‘lishiga ishonamiz. Qachondir. Axir hamma sohada islohot ketyapti-ku. Har holda shundan umid qilamiz.
Xayriyatki, o‘zimizni ovutish uchun taskin topib olganmiz: prezidentimiz doim jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularga erkinlik berishni istaydi. Jurnalistlar-da shuni xohlaydi. Endi boshqa mutasaddilar shu istaklar yo‘lida birlashishi kerak. Ular ham xohlashi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter