Hokim vs sudya: mojaro davom etadi
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov va G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov o‘rtasidagi telefon so‘zlashuvi audiosi tarqalganidan xabaringiz bor. Keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mazkur voqelikda uloq sud raisida ketdi, rosti. Axir o‘zini xon, ko‘lankasini maydon his qiluvchi hokim(lar)ning «panjasiga panja urmoq» har kuni kuzatiladigan holat emas-da.
Ikki mansabdor o‘rtasidagi suhbat audiosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgach, tuman hokimi vaziyatga izoh berar ekan, «sud raisi xalq deputatlarining tuman kengashi sessiyasida ishtirok etib, deputatlarga hisobot berishi lozimligi, shu sababdan sudyaga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda bildirmoqchi bo‘lgani, biroq u (sudya) hurmatsizlik qilgani»ni aytadi. Shuningdek, sud raisining bundan xatti-harakatidan so‘ng «Sudyalar oliy kengashiga murojaat qilgani, ammo 10-12 kun o‘tyaptiki, javob yo‘q», deya alohida ta’kid etadi.
Tuman hokimi bu gaplari bilan yana bir marta qovun tushirgan ko‘rinadi. Gap shundaki, O‘zbekiston Republikasi sudyalar oliy kengashi tuman hokimining iddaolariga oydinlik kiritdi. Kengashning ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘’basidan O‘zAga ma’lum qilishicha:
«Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, G‘uzor tumani hokimi S.Boboqulovdan yuqoridagi holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashiga xat kelib tushmagani» aniqlangan.
Shuningdek, Kengash alohida qayd etadiki: «Sudyalar xalq deputatlari Kengashlari majlislarida hisobot bermaydi. Aksincha, O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 24-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari majlisida bir yilda kamida bir marta fuqarolar huquqlari va erkinliklari, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati to‘g‘risida axborot beradi. Ayni paytda, Sudyalar oliy kengashi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio yozuv va G‘uzor tumani hokimi S.Boboqulovning maqolada keltirgan vajlari yuzasidan, shu jumladan, hokim tomonidan sud ishlarini hal etishga aralashish, sudyaga nisbatan qonunga xilof ravishda ta’sir (bosim) o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yilganligini aniqlash yuzasidan tekshiruv boshlangan.
Tekshiruv natijalari ma’lum qilinadi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash biz uchun eng ustuvor vazifa ekanligi, ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qo‘li yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik shartligi, shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim o‘tkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozimligi haqida ta’kidlab o‘tgan».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter