Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ozodlikka chiqdi

Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ozodlikka chiqdi

Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosarini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov qayta sud-psixologiya ekspertizasi xulosasidan so‘ng kecha, 29-avgust kuni qamoqdan ozod etildi. Bu haqda tadbirkorning advokati Muzaffar Abidov ma’lum qildi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi davlat universiteti psixologiya fakulteti olimlaridan iborat ekspertlar guruhi 24-avgust kuni B.Isomov to‘g‘risida «o‘sha xatti-harakatni sodir etgan vaqtida affekt holatida bo‘lgan» deb xulosa bergan. Ushbu xulosa asosida, Yakkabog‘ tumani prokurori sanksiyasi bilan ayblov Jinoyat kodeksining 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish»)dan 98-modda («Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish»)ga qayta malakalanib, ayblov yengillashgani munosabati bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Advokatning aytishicha, B.Isomov shu bilan uchinchi marta ruhiy ekspertiza qilingan. Avvalroq, jinoiy ish qo‘zg‘atilgach, u sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun Toshkentga jo‘natilgani haqida xabar qilingan edi. Respublika sud-ekspertiza markazida o‘tkazilgan sud-psixiatriya tekshiruvida, protsessual qonunchilikka asosan uning umumiy ruhiy ahvolini o‘rganilib, ijobiy xulosa berilgan. Shundan so‘ng ayblanuvchining jinoiy qilmishni sodir etish chog‘ida affekt holatida bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashtirish maqsadida sud-psixologik ekspertiza tayinlangan.

Advokat M.Abidov ushbu ekspertiza masalaga yuzaki va bir tomonlama qarab, ayblanuvchining ruhiy ahvolini hisobga olmaganini aytadi.

– Psixolog mutaxassislar himoyamdagi shaxs bilan hatto biror marta suhbatlashmagan ham. Uning ayblanishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatning sodir etilishidagi vaziyat, motivlar puxta o‘rganilmagan. Shunchaki, tergov materiallari nari-beri varaqlanib, «bu odam o‘z xatti-harakatlariga javob bera oladi», degan mazmunda xulosa tayyorlashgan!.. – deydi advokat.

Bundan xabar topgan Muzaffar Abidov viloyat prokuroriga iltimosnoma yozib, himoyasi ostidagi shaxsga qayta ekspertiza tayinlanishiga erishadi. Bu safar Qarshi universiteti psixolog olimlaridan tashkil topgan ekspertlar Isomovning ruhiyatini va tergov materiallarini sinchiklab o‘rganib chiqishgach, jamiyatda katta rezonans keltirib chiqargan «Yakkabog‘ voqeasi» asosiy ishtirokchilaridan bo‘lgan mahalliy tadbirkorning o‘sha vaqtda affekt, ya’ni kuchli ruhiy hayajonda bo‘lganini tasdiqlagan.

Ish qayta malakalanishi bilan birga tergov tugatilib, materiallar sudga taqdim qilingan.

Eslatib o‘tamiz, JKning 98-moddasida kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirganlik uchun 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

– Nima deb o‘ylaysiz, Bahriddin Isomov qamaladimi? – so‘radik advokatdan.

– Sud jamiyatning voqeaga nisbatan reaksiyasini hisobga olib, yengilroq jazo tayinlaydi, deb umid qilaman. Qolaversa, o‘sha mashhur «snos» mojarolariga hukumat va prezident qanday munosabat bildirganini, keyin qanday o‘zgarishlar bo‘lganini yaxshi bilasiz. Bu yog‘ini ko‘ramiz.

Manba: «Advokatnews»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring