Hokim aralashuvi bilan Dehqonoboddagi bozor masalasi hal bo‘ldi
«Xabar.uz»da «Endi Dehqonobod! Hokim tadbirkorni «ezsa», bundan xalq, hatto bolalar jabr ko‘rsa...» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Unga nisbatan Dehqonobod tuman hokimligidan tezkor javob olindi. Biroq berilgan javob va asl holat o‘rtasidagi tafovutlar ancha ekani bois tahririyat yana bir bor mavzuga qaytgandi.
«O‘zA» muxbirining xabar berishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Dehqonobod tumanining olis «Yangihayot», Boyqo‘rg‘on qishloqlarida bo‘ldi.
Viloyat hokimining hudud aholisi bilan o‘tkazgan muloqoti davomida «Xabar.uz»da ko‘tarilgan bozor masalasiga ham yechim topilibdi.
Yodingizda bo‘lsa, «Yangihayot» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Choshtepa qishlog‘ilik tadbirkor Hamdam Mahmudov egalik qilayotgan bozor eskirgan va mavjud talablarga javob bermay qolgan deb topilib, faoliyati to‘xtatilgan edi.
Natijada qishloqning yuqoriroq qismidan boshqa tadbirkor tomonidan ochilgan yangi bozor faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buning oqibatida o‘rtada tortishuv yuzaga kelgan. Bu tortishuvlar, ya’ni eski bozorini qayta ochish ilinjidagi tadbirkor va yangi bozor atrofidagi muammolar saytlarda yoritilgan edi.
Muloqot jarayonida viloyat hokimi ushbu muammoga alohida e’tibor qaratib, masalani shu yerning o‘zida ijobiy hal qilgan. «Boyqo‘rg‘on bekligi» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyati egalik qilayotgan yangi bozor hududidagi mol bozori eski bozor hududiga ko‘chirilishi aytilgan. Shu tarzda, eski bozor egasi Hamdam Mahmudov unga egalik qiladigan bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter