Havasdan xiyonatgacha...
Tongni qanday qarshi olamiz? Ko‘pchilik hali uyqu hazmidan xalos bo‘lmayoq, yarim tungacha hamrohi bo‘lgan yonidagi telefonga ilhaq qo‘l cho‘zadi. Kun shu holda qarshi olinadi.
Yoshga, dunyoqarashga qarab hammamiz o‘sha telefondagi virtual olamning qaysidir tarmog‘iga asirmiz. To‘g‘ri, internetsiz ulg‘ayganlar ehtimol o‘zini «biz beg‘ubor olam vakillarimiz» der, lekin ular ham bugun cheksiz «o‘rgimchak to‘ri»ning bir uchiga bog‘langan.
Har xil tarmoq, har kimni ehtiyojiga, dunyoqarashiga, mayliga qarab cheklanmagan tarzda muloqotga chorlaydi. Ushbu tarmoqlarning foydali jihati cheksiz bo‘lgani holda, ularning yomon, hatto dahshatli tomonlari ham bisyor.
Asli sinfdoshlarning virtual diydori uchun ochilgan ba’zi tarmoqlar, bugun shu qadar keng qamrovliki, bunda sinfdosh qolib, o‘zgalarga diydor g‘animatdek. Ming taassufki, shu tarmoqlar sabab bugun ko‘plab oilalar darz ketmoqda, norasida go‘daklar tirik yetim bo‘lib qolmoqda, otalarlarning, erlarning mag‘rur boshi egilmoqda. U yerda kimdir o‘zini shoh atasa, kimdir buyuk shaxs deyishi, istagan paytda o‘sha mashhur filmdagidek doktor Jekildan Xaydga aylanishi, Zolushkadan zumda Margoga aylanishi mumkin. Tarmoqning ohanraboligi ham shundaki, bunda o‘zga nom ostida mislsiz va betizgin mayllarga erk berishi, zohiriy mudroq hislarini, orzularini bevosh Xayd ko‘rinishida ruyobga chiqarishi mumkin.
Aksariyat profillarda soxta ismlar, manzillar, foto o‘rnida esa o‘ziga qahramon deb bilguvchi Po‘lat Alamdardan tortib Boyka yoki qaysidir mashhur obrazlarning rasmi. Bu mavhumlik esa xohlagan razolatli xatti-harakatga panoh. Bu manzillarda qo‘rqoqlar botir, xasislar saxiydek, eng yomoni, aksariyat guruhlardagi e’lonlar «manyak» oshiq yigitlarning qo‘rqinchli izhorlariyu, da’vatlari bilan to‘la.
Azaldan millatimizda erkak ulug‘ zot deb ehtirom qilingan, er kishidan hatto shayton ham hayiqadi derdilar. Ammo o‘sha tarmoqlarda ba’zi yigitlar shu qadar pastkashlikka shayki, ular tomonidan ayollarga taklif etilayotgan, xiyonatga chorlovchi xitoblaru, tuban xizmatlarni o‘qib «dod» degingiz keladi.
Bu manzillarda bir-birini ko‘rmagan virtual er-xotinlar qancha, «kliki» borlar uchun sirli suhbat va’da qiladiganlaru, ayollarga rasm jo‘natishini so‘rab, keyin tarqataman deb, shantaj qiluvchi tovlamachilar, sadaqa so‘rovchi virtual gadoylar, xullas, tubanlikni kasb qilib olganlar qancha... O‘sha tarmoqlarda biz anglamagan yana qanchadan-qancha razolatlarga to‘la jihatlar bordir. Ammo eng yomoni, yoshlarimiz juda ko‘p vaqtini shu yerda o‘tkazmoqda, boshqacha qilib aytganda, ichida yashamoqda va har xil ma’lumotlarni qabul qilib olmoqda. O‘z o‘rnida, dunyoqarashi ham shu tarmoqlar sayqalida shakllanmoqda.
Ba’zi tarmoqlarda «laykomaniya» shu qadar avjki, oniy lahzalik internet «yulduzi» bo‘lish uchun ba’zi yoshlarimiz temir yo‘l relsiga yotib, yoki vagonlar ustiga chiqib, jonini xatarga qo‘yayotgan bo‘lsa, boshqalari o‘z tuqqan onasiga yoki o‘qituvchisiga betamiz qiliqlarini tasvirga olib tarqatishdan toymayapti.
«Layk» ilinjidagi rasmlar ham xilma-xil, xalat va boshda chambarak sochiqli beka hozirgina hammomdan chiqqanini izohlab joylasa, boshqasi shundoq yotoqxonada selfi qilishdan ham toymaydi. Avvallari ayollarimiz latofati uzun sochlaru, surmali ko‘zlarda namoyon bo‘lgan bo‘lsa, endi barcha go‘zallik go‘yoki lablarda jam bo‘lgandek, selfilarda qizlarimizning lablari cho‘chchaygan...
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarning biz sanagan zararli jihatlari faqatgina insonning ma’naviy yoki tarbiyaviy jihatiga emas, balki eng katta zarba — uning ruhiyatiga, salomatligigadir.
Katta shaharlarning birida ishlovchi urolog tanishimning nadomat bilan aytishicha, hozir 30-40 foiz kuyovlar nikoh oqshomida «vazifani vaqtida ado etolmay» yuzi shuvit bo‘lib qolmoqda. Achinarlisi, erkaklarning 50 yoshdan keyin uchraydigan nozik dardi tobora yosharmoqda. Afsuski, bu borada o‘sha tarmoqlardagi mislsiz sirli suhbatlarning, vaqt bevaqt maylga erk berilishiyu, «tomoshabop» rasmlar va videolarning «hissa»si beqiyos ekan. Undan tashqari, internetda o‘tirish yoshlarning ko‘ziga, miyasiga, nerv tizimiga, xotirasiga, uyqusiga va boshqa ko‘plab salbiy ta’siri borligi ham aniqlangan. Qolaversa, kamharakatlik oqibatida yurak-qon tomirlaridagi kasalliklar ham avj olmoqda.
Yaqin tarixgacha bir qizning muhabbatini qozonish bir olam, u bilan ko‘rishish bir olam bo‘lgani holda, omadi kelgan oshiqning erishgani bir bo‘sa bo‘lar edi... Endi-chi, qanchadan-qancha dil izhorlari bor bisoti bilan shundoq telefon ekranidan yangramoqda. Sarson tuyg‘ularu, sirli suhbatlar telefondayoq ado etilib, mahtal qilguvchi hissiyotlar o‘z qadrini yo‘qotmoqda. Axir, soxta visoldan junbushga kelaveradigan inson organizmida chin vasl qadri ham susayishi aniqku.
Nima qilmoq kerak?
Ma’naviyat bizga nega kerak, u nima beradi deydiganlar endi javob bering, ma’naviyatsizlik bizga nima beradi? Texnologiyalar davri davom etar ekan, biz yoshlarmiz uchun foydali, ularni intelektual rivojlantiradigan platformalarni yanada ko‘paytirishimiz va ularni qulay, qiziqarli, muhimi tekin qilib qo‘yishimiz kerak.
Hozir ko‘plab qiziqarli va foydali tarmoqlar pullik. Til o‘rganish deysizmi, qiziqarli kitob o‘qiyman deysizmi, aksariyatiga onlayn to‘lov mavjud.
Ma’naviyatga deb, nomiga o‘tkaziladigan tadbirlarga qanchalab mablag‘lar ajratilmoqda. O‘sha mablag‘lar hisobidan yoshlar uchun qiziqarli, foydali, bepul va asosiysi mukammal resurslar yaratilsa. Ota-onalar ham farzandlarining bilim olishiga birinchi sinflaridanoq jiddiy e’tibor berishsa. Bilimli avloddan bo‘lar-bo‘lmas ma’naviyatsizlar chiqmaydi. Ana shunda bizning kelajagimiz, taqdirimiz bo‘lgan yoshlar qaysidir unsurlardan, bema’ni odatlardan xoli bo‘larmidi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter