Harbiylar Vazirlar Mahkamasi qarori bajarilishida yordamga kirishdi
![Harbiylar Vazirlar Mahkamasi qarori bajarilishida yordamga kirishdi](https://static.xabaruz.com/crop/4/4/720_460_95_444507447.jpg)
Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 900 ta xonadonga suv chiqarib beriladi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati Xabar.uz’ga ma’lum qildi.
Mudofaa vazirligi va harbiy okrug tasarrufidagi muhandislik bo‘linmalaridan tuzilgan yig‘ma burg‘ulash otryadi tomonidan suv ta’minoti og‘ir aholi punktlarida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun sug‘orish quduqlari qazib berilmoqda.
18 aprel kuni ko‘chma otryad Karmana tumanidagi Kumushkon aholi puktiga borib joylashdi. U yerda harbiy xizmatchilar tomonidan dala chodirlari tiklanib, maxsus texnikalar uchun joy hozirlandi.
Hozirgi kungacha PBU-50, PBU-200 hamda UDV-15 ko‘chma burg‘ulash texnikalari yordamida 20 ta aholi tomorqasiga suv chiqarib berildi. Aholi yashash manzillarida 15 metrgacha chuqurlikdan suv tortib chiqarilmoqda. Ba’zida maxsus texnikalarning burg‘ulash moslamasi 10-13 metrdan keyin qattiq jismga duch kelib qolishi natijasida, boshqa joyga ko‘chirilmoqda.
Bundan tashqari Mudofaa vazirligi muhandislik texnikalari Xatirchi tumanidagi O‘zbekiston qishlog‘ida ham burg‘ulash ishlarini davom ettirmoqda. Qir-adirlardagi lalmikor yerlarga 200 metrgacha chuqurlikdan suv qazib chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda «Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter