Halilillo To‘raxo‘jayev: «Ayrimlar davlat xizmatlarini ikkinchi darajali vazifa deb o‘ylashadi»
Davlat xizmatlari agentligi aholining koriga yaraydigan muassasa sifatida tilga tez tushdi. Talab ham aslida shu: odamlar o‘z muammolari yechimini oylab, yillab kutishmasin, bir parcha qog‘ozni deb viloyat markazi-yu poytaxt yo‘llarida sarson-ovora bo‘lib yurishmasin degan maqsadlarda shu tashkilotga asos solinganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab jami 201 ta Davlat xizmatlari markazi qariyb 100 turdagi xizmatlarni innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda, tezkor, qulay, shaffof va sifatli tarzda ko‘rsatib kelyapti. 2018-yilning 1-aprelidan yuridik shaxslar bilan bir qatorda, jismoniy shaxslarga ham davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
— Suhbatimiz avvalida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savolga aniqlik kiritib olsak: Davlat xizmatlari agentligi va «Elektron hukumat» tizimining farqi nimada? Ularning yo‘li boshqa-boshqami yoki bitta yo‘nalishda ishlayotgan ikkita tizimmi?
— Elektron hukumat — davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tizim. Davlat xizmatlari agentligi esa aholiga va tadbirkorlarga talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yagona davlat siyosatini olib boruvchi organ sifatida elektron hukumatning aksariyat qismini tashkil etadi. Ya’ni, bugungi kunda xalqimizga tezkor, qulay va shaffof xizmatlarni ko‘rsatishda innovatsion axborot texnologiyalariga tayaniladi.
— Bugun davlat xizmatlarini chin ma’noda milliy tizim deya olamizmi?
— Albatta. Avvalo mazkur tizimning yaratilish tarixiga nazar solsak. Prezidentimizning Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili xalqimizning davlat idoralaridan, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidan norozi ekanligini ko‘rsatdi. O‘z-o‘zidan xalqning og‘irini yengil qilish, uning davlat idoralariga ishonchini oshirish maqsadida yangi tuzilmaga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi hamda joylarda uning Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga asos solindi. Markazlar orqali nafaqat avvalgidek tadbirkorlarga, balki jismoniy shaxslarga ham davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
— Davlat xizmatlari qay tarzda yo‘lga qo‘yiladi? Odamlarning talab va ehtiyojlarini qanday o‘rganasizlar, xizmatlarni yo‘lga qo‘yishda va barqaror ishlatishda qanday muammolarga duch kelyapsiz?
— Xalqimizga avvalo tabiiy gaz, suv, elektr tarmoqlariga ulash, haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berish, bolalarni bog‘chaga joylashtirish kabi ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 20 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Olis qishloq va mahallalarda uyma-uy kirilib, odamlarning fikr-mulohazalari o‘rganildi. Keyin talab yuqori, taqdim etilishi murakkab bo‘lgan davlat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar (tartib) ishlab chiqilishiga kirishildi. Bunda avvalgi tartibni soddalashtirish, taqdim etiladigan hujjatlar sonini kamaytirish, belgilangan muddatni qisqartirishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Dastlab 30 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018-yilda — 80 ta, 2019-yilda — 122 ta, 2020-yilga borib 160 dan ortiq davlat xizmatlarini faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda xizmatlarni yo‘lga qo‘yishda va barqaror ishlatishda duch kelinayotgan asosiy muammolardan biri — davlat organlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish muddatlarining buzilishidir. 2018-yilning 1-yarim yilligi davomida 12 000 dan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Ayniqsa, ortiqcha hujjatlar talab qilish, murojaatni ko‘rib chiqish muddatlarini buzish (cho‘zish) kabi holatlar ko‘p uchrayapti.
— Bunga sabab nimada? Qonunbuzarlarga chora ko‘rilyaptimi?
— Bu kabi qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilishining asosiy sabablari sifatida vazirlik va idoralarning elektron hujjat almashinuv tizimiga o‘z vaqtida ulanmasligini, davlat xizmatini ko‘rsatish uchun mas’ul bo‘lgan xodimlarning qo‘nimsizligini, davlat xizmatini ko‘rsatishga ikkinchi darajali vazifa sifatida qarayotganligini aytib o‘tish mumkin.
Shu paytgacha Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan aksariyat qonun buzilishi holatlari dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berishda, bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishda, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishda, ob’yektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berishda, turar joylarni noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsatnoma berishda, qurilishi tugallangan (rekonstruksiya qilingan) ob’yektni foydalanishga qabul qilishda kuzatilgan.
Qonun buzilishi holatlarini idoralar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, asosan mahalliy davlat hokimligi organlari, arxitektura va qurilish organlari, gaz, elektr tarmoqlari korxonalari, maktabgacha ta’lim organlari va kadastr idoralariga to‘g‘ri kelmoqda.
Agentlik tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlariga nisbatan o‘z vaqtida huquqiy ta’sir choralari ko‘rib kelinmoqda.
Bu borada, joriy yilning 23-iyulida qabul qilingan «Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarning faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Endilikda Davlat xizmatlari agentligi direktori va uning o‘rinbosari, agentlikning hududiy boshqarmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolati berildi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2155-moddasiga asosan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
— Markazlar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlardagi yangiliklarga ham to‘xtalib o‘tsangiz. Umuman, bugun odamlar DXM ga asosan nima maqsadda kelishmoqda?
— Davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi eng muhim yangilik — takror bo‘lsa ham aytaman, 2018-yilning 1-aprelidan aholiga ham DXMlar orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi.
Qolaversa, bu yil 1-iyunidan mamlakatimizning 14 ta hududida tajriba tariqasida qo‘shimcha 31 ta davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Sinovdan o‘tayotgan bu xizmatlar aynan odamlarning talabi yuqori ehtiyojlari asosida shakllantirildi. Masalan, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, fuqarolarga STIR raqami, sudlanganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma berish kabilar. Bu xizmatlar qisqa muddatlarda, ortiqcha hujjat va ovoragarchiliklarsiz ko‘rsatilyapti.
Bizga murojaat qilayotgan aholi va tadbirkorlar soni kundan-kunga oshib boryapti. Avvallari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yaman, u yoki bu kundalik tashvishlar bilan bog‘liq hujjatni to‘g‘rilayman deb ko‘pchilik sarson bo‘lardi. Davlat xizmatlari markazlari — ushbu masalalaning o‘ziga xos yechimi. Buni ushbu raqam misolida ham ko‘rish mumkin: agar 2017-yil davomida 120 ming xizmatlar «yagona darcha» markazlari orqali ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018-yil aprel—iyun oylarining o‘zida bu ko‘rsatkich bir milliondan ortdi.
— Yangi tashkilotsizlar. Xalqaro tajriba va amaliyotlardan ham foydalandingizmi?
— Albatta. Davlat xizmatlari agentligida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, sohaga innovatsiyalarni keng joriy etish, turli mamlakatlar tajribasini muntazam ravishda o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgacha Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Litva va boshqa davlatlar qonunchiligini o‘rgandik, Avstraliya va Kanadaning davlat xizmatlari elektron tizimini tahlil qildik. Bu o‘rganishlar asosida eng yaxshi tajribalarni joriy qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida Adliya vazirligi hamda agentlik tashabbusi bilan xalqaro tashkilotlar vakillari bilan yigirmaga yaqin uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning «National school of Government International» tashkiloti hamda Turkiya xalqaro hamkorlik va muvofiqlashtirish bo‘yicha agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, AQShning Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatorlari, Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Seul shahri meriyasi delegatsiyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning loyiha muvofiqlashtiruvchisi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ularda aholiga davlat xizmatlarini taqdim etish tizimini yanada takomillashtirish, bu bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsadida hamkorlik qilish uchun takliflar ishlab chiqish, mablag‘ va grantlar jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, bir qator xorijiy mamlakatlarning davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida agentlik xodimlarining Singapur, Vetnam, Xitoy, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga xizmat safarlari uyushtirildi.
Hozirgi kunda Agentlik qator xorijiy tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan o‘zaro hamkorlikda soha faoliyatini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Tizimning milliyligi shundaki, hech bir amaliyot to‘g‘ridan-to‘g‘ri namuna sifatida olinmagan. Har bir xorijiy tajribaning faqatgina ijobiy hamda mamlakatimizda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan taraflari joriy etilishiga ahamiyat berilyapti. Chunki ular ham albatta bekamu ko‘st emas, ular ham yangilikni joriy etar ekan, uni avvalo sinov tariqasida joriy etib, kamchilik va muammolarni aniqlagach, bu tizim kerak yoki yo‘qligi tahlil qilingan.
— Aholiga davlat xizmatlarini taqdim etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni juda katta. Bu jarayon qay tarzda kechyapti, texnologiyalarni ishlatishda kimlar bilan hamkorlik qilasiz?
— Agentlik bu borada bir qator idoralar bilan hamkorlikda ishlayapti. Zarur axborot tizimlari, resurslar, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish hamda apparat-dasturiy komplekslarni o‘rnatishning konsepsiyasi va texnik topshirig‘iga asosan, Davlat xizmatlari markazlari kompyuter uskunalari yoki internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun respublikaning barcha tuman (shahar)lari interaktiv infokiosklar bilan ta’minlandi.
Xizmatlarni olishda odamlarning vaqtini tejash maqsadida markazlarda elektron navbat tizimini joriy etish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha zaruriy o‘rganishlar o‘tkazilib, test rejimida ishga tushirildi. Elektron navbat tizimini 2018-yilning 1-sentyabrigacha bosqichma-bosqich ushbu tizimga ehtiyoj yuqori barcha davlat xizmatlari markazlarida ishga tushirishni rejalashtirganmiz.
Tezkor aloqalar, rasmiy veb-sahifalardagi internet-botlar, ijtimoiy tarmoqlar yordamida aholi bilan qayta aloqaning samarali tizimi tashkil etildi. Agentlikning davxizmat.uz veb-sayti, «Facebook»da «Davlat xizmatlari agentligi» sahifasi ochildi hamda «Telegram» mobil ilovasida «Davlat xizmatlari» kanali ishga tushirildi, [email protected] elektron pochta manzili hamda [email protected] idoralararo tezkor elektron hujjat almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy bank, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun uchun boj yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish (yagona billing tizimi) mexanizmi ishlab chiqildi.
Shu bilan bir qatorda, Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish bo‘yicha davlat xizmati aholining vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish maqsadida sinov tariqasida joriy etilgan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun joriy yilning 15-iyunidan 15-iyulbga qadar respublikadagi barcha Davlat xizmatlari markazlari tomonidan hujjatlar elektron tarzda qabul qilindi. Abituriyentlarning test imtihoni o‘tkaziladigan binoga kirish jarayonini to‘liq nazorat qilish hamda haqqoniyligini ta’minlash maqsadida, barmoq izi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat tekshiriladigan maxsus qurilmalar xarid qilinib, binoga kirish joylariga o‘rnatildi. Bu esa o‘z navbatida, test imtihonlari haqqoniy-shaffoflik tamoyili asosida o‘tishini ta’minladi. Ushbu xizmatdan 7050 nafar abituriyent foydalandi.
Davlat xizmatlari tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha yagona yondashuvni qo‘llagan holda markazlarning axborot tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
— Ko‘rsatayotgan xizmatlaringizni aholiga qanday tanishtiryapsiz? Targ‘ibot bilan ham shug‘ullanasizlarmi?
— Targ‘ibotning barcha usullaridan foydalanyapmiz, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Nafaqat gazeta, radio va televideniye, balki elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar ham bizning targ‘ibot qurolimizga aylangan.
Olis hududlarda esa sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida tushuntirish ishlari tashkillashtirilyapti, kerak bo‘lsa uyma-uy yurib, markazlar orqali xizmatlardan foydalanishning afzalliklari, qulayliklari tushuntirilmoqda.
— Soha faoliyatiga baho berish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda aholi fikri o‘raganilganda, ijobiy mulohazalar bilan bir qatorda, e’tirozlar ham mavjudligi aniqlanibdi.
— Doimiy ravishda aholining soha faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalari o‘rganib boriladi. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, odamlar markaz xodimlarining malakasi yetarli emasligidan norozi ekanliklarini bildirishgan. Masala yuzasidan Agentlik maxsus komissiya tuzib, respublikamiz bo‘ylab joylashgan barcha Davlat xizmatlari markazlarida xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazyapti. Bundan tashqari, xodimlar uchun maxsus «mahorat darslari» reja-jadvali tasdiqlandi. Maqsad — ularning bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish.
Qolaversa, markazlarda xizmatlar ko‘rsatishda turli noxush holatlarning oldini olish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlarini o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu tadbirlarda xodimlarning muomalasi, malakasi hamda odob-axloqiga oid boshqa jihatlari o‘rganilib, tahlil qilinyapti.
— Davlat xizmatlari yagona reyestriga ham to‘xtalib o‘tsangizq. Xizmatlar soni qanchaga yetdi? Hammasi ham DXM orqali yo‘lga qo‘yiladimi?
— Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirishda fuqarolardan, vazirlik va idoralardan ko‘plab taklif va tavsiyalar olindi. Ular bergan takliflar bevosita vazirlik va idorlar bilan birgalikda qayta ishlandi va natijada 693 ta davlat xizmatidan iborat yagona reyestr shakllantirildi. Bu reyestrga 79 ta vazirlik va idoraning davlat xizmatlari kiritildi.
Ushbu reyestr Adliya va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarining qaroriga asosan tasdiqlandi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Albatta, ushbu reyestr davlat xizmatlarini shakllantirish to‘liq oxiriga yetkazildi degani emas. Keyinchalik davlat xizmatlariga yangi xizmatlar qo‘shilganda, nomi o‘zgarganda yoki davlat xizmatlari bo‘yicha yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda reyestrga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.
Ko‘pchilikda «Ushbu reyestr nima beradi?», degan savol tug‘ilishi tabiiy. Davlat xizmatlarining yagona reyestrini qabul qilishdan maqsad — davlat xizmatlarining ro‘yxatini shakllantirish, qaysi vazirlik va idoralar tomonidan qanday davlat xizmatlari kimlarga qay usullarda, bepul yoki haq evaziga ko‘rsatilishini belgilab olish hisoblanadi. Ushbu reyestrning yana bir e’tiborli jihati shundaki, reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanadi.
Hozirgi vaqtda umumiy hisobda 100 ga yaqin davlat xizmatlari DXMlar orqali ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, bu raqamlar o‘sishdan to‘xtab qolmaydi, albatta. Xususan, 2021 yilga qadar bosqichma-bochqich yana 50 dan ortiq davlat xizmatlarini DXMlar orqali ko‘rsatishni amaliyotga joriy etish belgilangan.
Davlat xizmatlarini «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatishni joriy etishga turli omillar salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Jumladan, vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot-kommunikatsiya tarmog‘ining yetarli darajada rivojlanmaganligi, ba’zi idoralar davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimiga hali-hanuz eskicha yondashayotgani, davlat xizmatlarini «yagona darcha» tamoyili asosida ko‘rsatishdan manfaatdor emasliklari DXMlar orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishni joriy etishga sun’iy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
— Bilishimizcha, shu paytgacha Namangan va Qo‘qon shaharlarida juda ko‘plab mijozlarga bir paytning o‘zida tez va sifatli xizmat ko‘rsata oladigan, zamonaviy, har tomonlama qulay Davlat xizmatlari markazlari binolari foydalanishga topshirilgan va bu tajriba endi mamlakatimiz bo‘ylab davom ettirilyapti. Shu ishlarga ham to‘xtalsangiz. Umuman, Davlat xizmatlari markazi binosi qanday bo‘lishi kerak?
— Tuman va shaharlarda Davlat xizmatlari markazlari binolari davlat-xususiy sheriklik shartlarida tasdiqlangan namunaviy loyihalarga asosan quriladi. Bu binolarni qurishda xorijiy tajribalar o‘rganilgan holda zamonaviy arxitektura-qurilish yechimlari, yuqori energiya samaradorligi, eng asosiysi, tashrif buyuruvchilarga sifatli va tezkorlik bilan xizmat ko‘rsatish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutiladi.
Bunda ona va bola xonalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchaklari tashkil etish hamda aholini axborot bilan samarali ta’minlash, shu jumladan stendlar, broshyuralar, bukletlar va ular huquqlarining amalga oshirilishiga ko‘maklashishga qaratilgan boshqa vositalar bilan jihozlash nazarda tutilgan. Shuningdek, markaz binosi tutash hudud obod qilinishi, jumladan, avtomototransport vositalarining zamonaviy bepul to‘xtab turish joyining barpo etilishiga e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini olishda aholi vaqtini tejash maqsadida markazlarda elektron navbat tizimini joriy etish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda real vaqt rejimida davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan masofadan videokuzatuv, monitoring, ushbu sohada sifat va tezkorlikni baholash mexanizmlarini joriy etish belgilangan.
O‘tgan qisqa davr mobaynida Namangan, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari Davlat xizmatlari markazlari to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Kompyuter uskunalari yoki internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga davlat xizmatlari taqdim etish uchun markazlar 197 ta infokiosklar bilan ta’minlandi.
Ayni paytda 177 ta markaz binosini qurish uchun yer uchastkasi ajratilib, shundan 168 tasida bino-inshootlarni qurish (kapital rekonstruksiya qilish) bo‘yicha zarur chora-tadbirlar olib borilyapti. Jumladan, 85 ta DXM binosi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurib bitkazish (rekonstruksiya qilish) yuzasidan investorlar bilan kelishuvga erishildi, 32 ta markaz binosini qurish ishlari boshlab yuborilgan.
Prezidentimizning topshirig‘iga asosan, investorlar ob’yektlar foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 5 yil muddatda (Nukus shahri, Toshkent shahri, viloyatlarning ma’muriy markazlarida Xalq qabulxonalari binolarini qurayotgan investorlar 2 yil muddatga) tegishli ravishda taqdim etiladigan yer uchastkasiga va unda qurilgan ko‘chmas mulkka nisbatan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan, shuningdek, mazkur ob’yektlarda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda yoki tushumlarga nisbatan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etilmoqda.
Bundan tashqari, investorlarga markaz binolari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab 3 yil davomida mazkur binolarda foydalanilmayotgan xonalarni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Tijorat banklariga investorlarga markaz binolari va ajratilgan yer uchastkasi doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha ob’yektlar qurish uchun 10 yil muddatga, jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning kayta moliyalash stavkasi miqdoridan oshmaydigan stavka bo‘yicha kreditlar berish tavsiya etilgan.
— Mazmunli suhbat uchun katta rahmat! Ishlaringizda rivoj tilaymiz.
Sobit Ahadov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter