Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Guruch narxi oshishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Guruch narxi oshishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda guruch taqchilligi yuzaga kelishi sabab uning narxi keskin oshishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga sabab qilib Hindiston O‘zbekistonga guruch eksportini kamaytirgani ko‘rsatildi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi 5 yilda Hindistondan jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos. Joriy yilda guruch asosan Qozog‘istondan (29,3 ming tonna, 54,7 foiz) va Pokistondan (23,2 ming tonna 43,3 foiz) import qilingan.

Joriy yilda Hindistonning boshqa mamlakatlarga guruch eksportini to‘xtatishi O‘zbekistonga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi.

O‘zbekiston hududlarida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021 yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).

Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 foizga o‘sgan).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring