«Gazli» koni o‘zining 65 yilligini keng nishonladi
Buxoroda O‘zbekistonning eng yirik gaz konlaridan biri bo‘lgan «Gazli»ning 65 yillik yubileyi nishonlandi.
1956 yilning 17 oktyabr kuni Buxorodan 90 km shimoli-g‘arbda, 600 metr chuqurlikdagi 1-sonli quduqdan ilk bora kuchli gaz oqimi olindi.
O‘sha paytda «Gazli» SSSRdagi eng yirik gaz koniga aylandi. O‘z zaxiralari bo‘yicha u dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinlardan birini egallab, ishlashning juda qulay sharoitlari bilan, ya’ni gazga boy qatlamlarning yuqori quvvati va gaz unchalik chuqur joylashmagani bilan ifodalanar edi. Bundan tashqari, «Gazli»ga yangi gaz konlari tutashib, yangi istiqbollarni ochardi va mamlakatning rivojlanish strategiyasi va iqtisodiy maqsadlariga to‘la mos kelardi.
«Gazli» konining ochilishi yangi gaz va neft qazib chiqarish bazasini yaratish va mamlakatning yoqilg‘i-energetika muvozanati tuzilmasini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.
1959 yilda sobiq ittifoq gaz sanoati vazirligining «Buxoroneftgaz» neft qazib chiqarish sanoat boshqarmasi tuzildi. Yangi korxona o‘zbek gaz industriyasiga poydevor qo‘ydi. Bir yilning o‘zida 50,5 mlrd kub. m tabiiy gaz qazib olindi. 1960 yilga kelib O‘zbekiston sanoat va aholining maishiy ehtiyojlarini ta’minlash uchun qazib olinadigan tabiiy gazning ulkan zaxiralariga ega respublikalardan biriga aylandi.
Gazlining yangi tarixi
2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» AJ oldiga gaz omborining faol hajmini 3 mlrd kub metrdan 10 mlrd kub metrgacha oshirishga doir loyihani tayyorlash vazifasini qo‘ygan edi.
2018 yilda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi davomida «Forus» va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida loyiha oldi hujjatlarini hamkorlikda ishlab chiqish, «Gazli» yer osti gaz omborini kengaytirish yoki rekonstruksiya qilish orqali saqlash quvvatini bosqichma-bosqich oshirish va hamkorlikda foydalanish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil qilishni ko‘zda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bugungi kunda Buxoro — Ural, O‘rta Osiyo — Markaz va Gazli — Chimkent magistral gaz quvurlariga ega «Gazli» koni yurtimiz gaz-transport tizimining yuragi hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistondan Uralga, Rossiyaning Yevropa qismi, Qozog‘iston janubi va Xitoyga gaz eksport qilish imkonini bermoqda.
«Gazli» koni yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Gazli «Gas Storage» kompaniyasi xodimlari, konning faxriy xodimlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zlitineftegaz» AJ hamda boshqa idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
«Gas Storage» kompaniyasi vakillari uzoq yillar «Gazli» konida mehnat qilgan faxriylarni qutlab, ularga esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Tantanali tadbir ochilishida «O‘zlitineftegaz» AJ raisi Ulug‘bek Nazarov so‘zga chiqdi. Yig‘ilganlarga konning 1956 yilda boshlangan boy tarixi haqida eslatib o‘tdi. O‘z nutqida Ulug‘bek Sultanovich «Gazli»da ishlagan barcha xodimlarning xizmatlarini tilga oldi.
Tadbir davomida yig‘ilganlarga tabrik so‘zi bilan Buxoro viloyati Romitan tumani xokimi Xurshid Toxirov yuzlandi:
«Barcha yig‘ilganlarni hokimiyat va shaxsan o‘z nomimdan tabriklayman. Hayotimizni neft va gazsiz tasavvur qilish mushkul. So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligi ostida sohaga katta investitsiyalar jalb qilinmoqda. O‘tgan yili gazni qayta ishlash zavodi tashkil etilgan edi, neft va gaz sohasidagi investitsiya muhiti yaxshilanmoqda va investorlar uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda».
Hokim shuningdek Gazli «Gas Storage» kompaniyasi tomonidan 2035 yilgacha 850 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilayotgani, natijada bizning bu boradagi salohiyatimiz yanada ortishini ta’kidladi. Neft va gaz sohasi rivoji mamlakat uchun juda muhim va bu boradagi ishlar davom ettirilishi aytib o‘tildi.
Tadbir davomida kon faxriylari ham so‘zga chiqdi. Ularning orasida Olimjon Zakirov, G‘ani Ikramov, Ne’matjon Obidov, Kenjibay Erdashev va boshqalar ham bo‘ldi. Faxriylar shuningdek konda mehnat qilgan yillariga oid xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar va «Gas Storage» rahbariyatiga ko‘rsatilgan e’tibor hamda bayramona kayfiyat uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter