Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Forish tog‘larida adashib qolgan 4 yoshli qizcha yarim tunda topildi

Forish tog‘larida adashib qolgan 4 yoshli qizcha yarim tunda topildi

Foto: O‘zA

Jizzax viloyati Forish tumani Choshtepa qishlog‘ida yashovchi Zamira Qurolova 2019 yil 17 avgust kuni 4 yoshli qizini yo‘qotib qo‘ydi.

Ona qizalog‘ini o‘zi bilan birga toqqa – chorva mollari boqish uchun olib chiqqan. Soat 17:00 larda Zamira Qurolova qiziga «shu yerda qimirlamasdan o‘tir» deydi va atrofida ko‘zdan uzoqlashayotgan qoramollarini qaytarishga ketadi.

Ozroq muddatdan so‘ng qaytgan ayol bolasini qoldirgan joyida ko‘rmaydi va qidira boshlaydi. Topa olmagach, soat 19 larda hudud profilaktika inspektori Dilmurod Rahmatovga bu voqea haqida xabar beradi.

Inspektor zudlik bilan qidiruvga aholini jalb qildi. Fuqarolar bilan birga Forish tumani IIB tergov-tezkor guruhi qizchani izlashga kirishdi. Qidiruvchilar guruhlarga ajralib, hududni ko‘zdan kechira boshladilar.

Tungi soat 00.20 minut o‘tganida qizaloqni yo‘qolgan joyidan 4-5 kilometr uzoqlikda profilaktika inspektori, katta leytenant Dilmurod Rahmatov topishga muvaffaq bo‘ladi. Qizchaning ozroq qo‘rqqanini aytmasa, sog‘ligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda onasining bag‘rida.

— Qizimni yo‘qotib qo‘ygach, 1 soatlar o‘zim qidirdim, — deydi Zamira Qurolova. — Topa olmagach, qo‘rqib ketdim. Keyin bu to‘g‘rida profilaktika inspektoriga xabar berdim. U qidiruv uchun odamlarni to‘pladi. Bolam yarim kechadan oqqanda topildi. Buning uchun qishloqdoshlarimdan, ayniqsa, qizimni topib bergan profilaktika inspektoridan minnatdorman.

Ma’lum bo‘lishicha, bola yolg‘iz qolganidan so‘ng onasini qidirib, adashib ketadi. Qizchaning topilishiga yig‘isi sabab bo‘lgan. Ya’ni, qorong‘i tunda eshitilgan yig‘i profilaktika inspektori e’tiborini tortgan. Aytish kerakki, barcha tog‘li hududlardagi singari Forish tumanida ham bo‘rilar uchraydi. Shu ma’noda, qizchani qidirishga ko‘pchilik jalb qilinib qisqa vaqtda topilishi tufayli baxtsiz hodisaning oldi olingan, deyiladi Jizzax viloyati IIB axborot multimedia guruhi bergan xabarda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring