Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fleshmob fojiasi

Fleshmob fojiasi

Ayrim tadqiqotchilar fleshmob aksiyalarni «poroxsiz terror»ga qiyoslasa, boshqa bir guruh olimlar ularning inson ongiga ta’siri narkotik-psixotrop moddalardan kam emasligini ta’kidlab keladi.

Foto: «elect-assist.ru»

Millatni yo‘q qilishning yangi texnologiyasi haqida

AQShlik nazariyotchi olimlardan biri Noam Xomskiy turli mediavositalar orqali inson ongini boshqarishning sinalgan usullarini sanar ekan, jumladan shunday yozadi: «Odamlarning tafakkuri, hissiyotlariga ega chiqmoqchimisiz? Ishni eng avvalo ularning ongiga «johillik», «behayolik» va «tarbiyasizlik» go‘yoki urf ekani to‘g‘risidagi tushunchani singdirishdan boshlang!».

Bugun parda, to‘g‘rirog‘i internet ortidagi mavhum kuchlar millat ma’naviyati, ruhiyatini o‘qqa tutishda Xomskiy e’tirof etgan usuldan juda keng va samarali foydalanayapti. Masalan, hozir jinsni almashtirish, besoqolbozlik, nudizm (jamoatchilik oldida qip yalang‘och ko‘rinish), evtanaziya (o‘z joniga qasd qilish), terisiga shaytoniy tasvirlar chizdirish, badanning turli a’zolariga temir-tersak ilib yurish va shu kabi g‘ayriaxloqiy illatlar ayrim mamlakatlarda modaga, ta’bir joiz bo‘lsa «zamonaviylik» ramziga aylanayapti.

To‘g‘ri, hali axloqiy qadriyatlari, e’tiqodi, bir so‘z bilan aytganda — o‘zligidan voz kechmagan, yuqoridagi «oliy madaniyat ko‘rinishlari»ga qarshi imkon qadar kurashayotgan millatlar, mamlakatlar ko‘p. Ammo haqiqat shuki, ozgina xotirjamlik ham ularni yangidan-yangi ma’naviy-ruhiy xurujlar, masalan, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali harakatga keltirilayotgan «fleshmob aksiyalar» ko‘rinishidagi tahdidlarga ro‘para qiladi...

Poroxsiz terror

2003-yil 17-iyun. AQShning Nyu-York shtatida yuzlab olomon avvaldan kelishib  qo‘yilgan joy — shahardagi eng yirik savdo markazining mebel bo‘limiga bir vaqtda yopiriladi. Qo‘rquv va hayratdan titrayotgan sotuvchi qizdan esa he yo‘q-be yo‘q «sevgi to‘shagi» topib berishni talab qilishadi. Eng qizig‘i, uning javobini kutmasdanoq, tezda yana hammasi har tomonga tarqaladi. Go‘yo hech narsa sodir bo‘lmagandek, barchasi tabiiydek...

Dastlabki fleshmob, ya’ni avvaldan rejalashtirilgan ommaviy aksiya mana shunday, ko‘ngilxushlik, bekorchi vaqtni «mazmunli» o‘tkazish uchun tashkil etilgan. Uning qoidasi juda oddiy: ijtimoiy tarmoqlarda «do‘stlashgan» bir guruh olomon jamoat joyida to‘planadi, oldindan o‘ylangan «ssenariy»ni ijro etadi va tarqaladi. Ilk bor 2002 yilda amerikalik sotsiolog Hovard Reyngoldning «Aqlli olomon: navbatdagi ijtimoiy inqilob» asarida qayd etilgan «fleshmob» so‘zi o‘zbek tilida ham — «bir lahzali birlashuv», «oniy olomon» degan ma’nolarni anglatadi. 

AQShning Dyuka universiteti professori Mark Lirining e’tirof etishicha, fleshmob aksiyalarda asosan — umumaxloqiy me’yorlardan voz kechib, lahzalik ko‘ngilxushlikka berilish, hissiy quvvat olish, shuningdek muayyan vaqt mobaynida ichidagi yovvoyi istaklar, vahshatlarni «chiqarib tashlash» istagida bo‘lgan o‘smir-yoshlar faollik ko‘rsatadi. 

«Odamlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali olomon bo‘lib birlashishi ularda o‘z-o‘zidan hech narsadan qaytmaslik tuyg‘usini uyg‘otadi. Ya’ni, olomonning ajralmas qismi sifatida ko‘pchilikka qo‘shilgan odam ongsiz ravishda axloqan va aqlan tubanlashadi. Shu darajada tubanlashadiki, u endi aql-idrok ostonasida turadi va doimo, har qanday daqiqada olomon tomonidan harakatga keltirilishi mumkin bo‘ladi», — deydi professor.

Shundan bo‘lsa kerak, ayrim tadqiqotchilar fleshmob aksiyalarni «poroxsiz terror»ga qiyoslasa, boshqa bir guruh olimlar ularning inson ongiga ta’siri narkotik-psixotrop moddalardan kam emasligini ta’kidlab keladi.

Ayniqsa, keyingi  vaqtlarda fleshmobning «polit-mob» (olomondan siyosiy maqsadlar yo‘lida foydalanish), «farshing» (har qanday ijtimoiy-axloqiy, etik qoidalarni nazar-pisand qilmaslik. Misol sifatida bugun ayrim g‘arb davlatlarida ommaviylashgan «metroda ishtonsiz yurish», «nudistlar — yalang‘ochlar namoyishi», «zombilar hujumi» kabi ommaviy farshing aksiyalarni ko‘rsatish mumkin), «flesh-rob» (ommaviy talonchilik, o‘g‘irlik, bezorilik kabi jinoiy xatti-harakatlarni amalga oshirish) kabi «zamonaviy» ko‘rinishlarining paydo bo‘layotgani, eng yomoni, fleshmob nafaqat axloqiy qadriyatlarni parchalash, balki odamlarni jisman mahv etish vositasiga ham aylanib qolayotganidan anglash mumkinki, xavotirlar bejiz emas.

«Fleshmob suiqasd»

2015-yil 8-dekabr. «VKontakte»  ijtimoiy tarmog‘ida rus tilida yuritiladigan guruhlarning birida shu nomdagi virtual aksiya o‘tkaziladi.  Shartga ko‘ra guruh a’zolari turli usullar bilan o‘z joniga qasd qilishi va bu jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni internet orqali onlayn shaklda guruhning boshqa vakillariga ham namoyish etishi yoki o‘limini «tasdiqlovchi» fotosuratlarni o‘z shaxsiy sahifasiga joylashtirishi lozim edi.

— Guruh administratorlari boshqalarni ham ishontirish uchun «jasadini» yuborgan ishtirokchilardan ma’lum muddat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish bermaslikni so‘raydi, — deydi ushbu jinoyat ishini taftish qilgan rossiyalik jurnalist Galina Mursaliyeva. — Afsuski, ular yovuz maqsadlariga erishadi. Bu nayrangga chuv tushgan ayrim irodasi bo‘sh, tushkunlikda yurgan o‘nga yaqin o‘smir haqiqatan o‘z joniga qasd qiladi va hayotining so‘nggi lahzalarini suratga olib, tarmoqqa joylashtirishga ulguradi.

Umuman, bu murg‘ak qalblar ruhiyatini boshi berk ko‘chaga yetaklaydigan yagona usul emas. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardagi «o‘lim guruhlari» tomonidan ommalashtirilgan «Ko‘k kit», «Yettinchi osmon»,  «Kosmik kovboy», «Yugur yoki jon ber» kabi fleshmob-aksiyalar yoki fleshmob-suiqasdlar ham o‘nlab, balki yuzlab ota-onalarni aziz farzanlaridan judo qilayapti. Birgina Rossiyada 2015 yilning noyabridan 2016 yilning apreligacha «o‘lim guruhlari»ga a’zo 130 nafar bolaning hayotdan ko‘z yumishi juda katta fojia...

Shundan bo‘lsa kerak, yaqinda mamlakat tergov qo‘mitasi ota-onalarni «zamonaviy ideologlar hamda xorijiy razvedka psixiatrlari» tomonidan ishlab chiqilgan «Internetda neyrolingvistik dasturlash orqali muayyan millatni yo‘q qilishning yangi texnologiyasi» haqida ogohlantirdi. Xususan, tergovchilarning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «o‘z joniga qasd qiluvchilar guruhi» ta’siriga tushib qolgan bolalarda quyidagi belgi-ishoralar paydo bo‘ladi:

«belgilangan» shoirlarning ijodiga qiziqish uyg‘onishi (misol tariqasida Sergey Yesenin va Iosof Brodskiy nomi keltirilgan);

kitlar, meduzalar, mushuklar, kapalaklar va yakkashox kabi hayvonlar suratini saqlash (rasmlarga, masalan, «o‘lim yakkashoxda jahannamga ketayapti» qabilida nom berish);

ertalab barvaqt uyg‘onish;

qo‘lning turli qismlariga «sayyoralar, sionist va masonlarning belgilari, xochning teskari shakli, iblis qiyofasi aks etgan yulduzlar» tasvirini tushirish;

rasmlarda so‘fi barmoq, ya’ni jimjiloq yonidagi barmoqni namoyish etish;

«Nike», «Marlboro» va «Winston» brendlari ramziy ishoralaridan foydalanish;

sochni och yashil hamda qizil ranglarga bo‘yash...

— 10-12 yoshli bolada o‘lim nima ekanligi haqida to‘liq tushuncha bo‘lmaydi, — deydi Bolalar muammolari bo‘yicha psixologiya-pedagogika jamoatchilik instituti direktori Tatyana Volosovets. — Ular qizil chiroqdan hech bir hadiksiz o‘tib ketishi yoki jarlikdan daryoga qo‘rquvsiz sakrashi mumkin. Bizning tadqiqotlarimizga ko‘ra bolalarning faqat 10 foizi internetdan o‘qib-o‘rganish, ta’lim olish uchun foydalanadi, qolgan 90 foizi o‘z vaqtini asosan ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Shuning uchun ham eng avvalo ota-onalar farzandlarining tarmoqdan nima maqsadda foydalanayotganini nazorat qilib borishlari shart!

«Onajon, meni qutqar!»

2015-yil 23-noyabr. «O‘lim guruhi» ta’siriga tushib qolgan Rina xatosini anglab yetganida kech edi. Guruh administratori undan «o‘yin»ning so‘nggi shartini bajarishni talab qiladi. Agar buyruq ado etilmasa, oila a’zolaridan birini o‘ldirish bilan qo‘rqitadi. Qizaloq endigina o‘n olti yoshga to‘lgandi. Chorasiz edi. Qo‘liga telefonini olib, onasiga eng oxirgi xabarini qoldiradi  va ...po‘lat izlarga sekingina bosh qo‘yadi. Unda shunday so‘zlar yozilgan edi: «Onajon, meni qutqar!».

Mazkur fojia butun dunyoni, keng jamoatchilikni larzaga soldi. Rossiya parlamenti Federatsiya kengashining Oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi zudlik bilan ta’lim muassasalari, xususan maktablarda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik ongi, o‘smirlar tafakkuri, hissiyotlarini manipulyasiya qilishga qarshi darslar, mashg‘ulotlar tashkil qilish lozimligi to‘g‘risida taklif kiritdi...

Men otaman. Siz — ona. Yuqoridagi fojialar bizdan uzoqda deb o‘ylashga, xotirjam bo‘lishga bizning haqqimiz yo‘q. Aksincha, ular shundoq ko‘z o‘ngimizda, yonginamizda yuz berayapti. Illat internet, telefon yoki ijtimoiy tarmoqda emas. Ularni ezgu maqsadlarga ham yo‘naltirish mumkin.  Hamma gap e’tiborsizlik, beparvolik, loqaydlikda. Ishoning, fleshmobga o‘xshagan turli balolarni yog‘dirib, millatlarni mahv etishga tayyor kuchlar siz bilan mendan faqat shuni kutadi.

Agar ko‘zimizni ertaroq ochmasak — «Farzandimiz qayerda yuribdi?»,  «Kim bilan gaplashayapti?», «Internetda nima bilan mashg‘ul?», «Bolamning virtual do‘stlari qanday odamlar?» kabi savollarga o‘z vaqtida javob topmasak, Rinaning ota-onasi boshiga tushgan kulfat sizni ham, meni ham chetlab o‘tishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

P/S. Yaqinda o‘zbek axborot saytlaridan biri Toshkent viloyatida sakkiz yoshli bolaning bir yo‘la ikkita — «iPhone» va «Samsung» rusumli qimmatbaho telefonlarini tortib olgan bezorilar haqida xabar e’lon qildi. Aytilishicha, jinoyatchilar fosh etilibdi. Matohlar kichik egasiga qaytarilibdi. Ammo materialning mazmunidan ham ko‘ra unga qo‘yilgan sarlavha e’tiborimni tortdi — «Toshkentda 2-sinf o‘quvchisining «iPhone» va «Samsung» telefonlarini tortib olgan talonchilar qo‘lga olindi». Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: haqiqiy talonchi kim?

Xulosa o‘zingizdan.

Dilshod Nurulloh

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring