Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firibgar jurnalistni chuv tushirdi, jurnalist esa...

Firibgar jurnalistni chuv tushirdi, jurnalist esa...

Muallif izohi:

Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan voqea tafsilotlari butkul hayotiy. U huquqni muhofaza qiluvchi organlar buyurtmasi yoxud badiiy to‘qima emas. Faqat uslubi boshqacharoq. Aniqrog‘i, kuni kecha «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan «Yoshlarni «ijtimoiy impotentlik»dan asrang» mavzusidagi «Oq va qora» ko‘rsatuvida ilgari surilgan fikrlar maqolaga shunday yondashishimizga sabab bo‘ldi. Ya’ni, jinoyat sodir etilganligi haqidagi xabarni sovuqqina qilib, o‘z holicha uzatish jamiyatda loqaydlik kayfiyatini paydo qilishini, oqibatda beparvolik tanazzulga yetaklashini anglagan holda materialga boshqacharoq rakursdan qarashga harakat qildik.

 Yakshanba

...Mashinaning oldingi chap shinasi uch kundirki shig‘illagan ovoz chiqarib, asabni egovlaydi. Ertalabdan tanish ustaga qo‘ng‘iroq qildim, u uyqusirab g‘o‘ldiradi:

— Tushdan keyin, soat to‘rtlarda keling.

Aytilgan vaqtdan xiyla avvalroq chiqdim. Poytaxtimizning Uchtepa va Bektemir tumanlari oralig‘i o‘ttiz chaqirimcha kelar. Xullas, manzilga uch bekat qolganda «Archa ko‘cha»dan o‘ngga burilib, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtadim. Oldimda yana ikki mashina bor — «Spark» va «Matiz». Azim chinorlar quyuq soya tashlagan, xalq tilida «Jukovskiy» deb ataladigan shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi oldidan o‘tuvchi ko‘cha chetida chamalab aytsak o‘n beshdan ortiq dorixona ko‘zga tashlanadi. Yo‘l chetida esa Bo‘zbola (hozircha shartli ravishda shunday atadim, chunki tergov ishlari ketayapti) turardi. U dastlab «Matiz» avtomashinasi old oynasiga bukilib, haydovchi bilan nimalarnidir gaplashdi. Savdosi pishmadi chog‘i, uch qadam tashlab men tarafga egildi.

— Taksimisiz, aka?

— Yo‘g‘u, lekin yo‘lim shu yoqqa edi.

— Manavi dorilarni aytilgan joyga oborib berolmaysizmi, juda zaril edi.

U shunday der ekan, ixcham qilib qadoqlangan ikki dona dorini ko‘rsatdi.

— Qayerga, kimga berish kerak?

— Gaplashing, telefon raqamini aytaman.

Raqam terildi. Ikki gudok chaqiruvidan so‘ng narigi tarafdan xavotirli ovoz eshitildi.

— Allo, allo.

— Sizga dori bervorishayotuvdi.

— Ha-ha, akajon, iltimos, faqat tezroq keling.

— Qayerga?

— «Gulzor» mavzesi «Oqtepa lavash»ning yonida turibman.

Yaqin ekan-ku, o‘n minutlik yo‘l.

— Bo‘ldi, gaplashdim, ber dorilaringni, — dedim Bo‘zbolaga.

U dorilarni uzata turib qo‘shimcha qildi:

— Aka, men dorilarning pulini ham olib qolishim kerak-da. Shunga... U hozir beradi sizga.

— E-ha, qancha berish kerak?

— 38 ming so‘m.

Cho‘ntak kovladim. Mayda yo‘q ekan. Qirq ming uzatdim.

— Qaytimim yo‘q-da!

— E, sen qanaqa aptekachisan qaytiming bo‘lmasa?

Bo‘zbola u yoq-bu yog‘ini tintigan kishim bo‘ldi-yu, besh mingtalikni qaytarib uzatdi.

— Mayli, uch mingni o‘zi menga «paynet» qivorar.

— O‘zing bilasan...

 Hojatbarorlik badali

Agar siz ko‘ngilchanroq bo‘lsangiz, menga o‘xshar ekansiz. Xavotirli ovoz shu qadar ta’sir qildiki, mashinani belgilangan tezlik me’yoridan oshirib, shamolday uchirib bordim. Umumiy ovqatlanish shoxobchasi avtoturargohiga yetganim hamonoq qo‘ng‘iroq qildim.

— Aka, men keldi...

Dut, dut, dut...

Raqamni qayta teraman, yana shu ahvol.

Uchinchi martasida operator qiz tilga kirdi: «Kechirasiz, siz chaqirayotgan abonent...».

Buyog‘i necha puldan tushdi? Bechora, telefonining quvvati tugab qoldimikan? Mashinadan tushib atrofga alangladim, jonsarak kas ko‘rinmaydi.

«Mayli, — dedim o‘zimga o‘zim. — Kutib turay-chi, kelib qolar».

O‘n minut o‘tdi, yigirma minut. Bu orada tevarakni ikki marta izg‘ib keldim. Tarvuzim hali qo‘ltig‘imda, rulni ortga burdim: ochib ko‘rilmagan dorilarni qaytarish kerak.

Katta-kichik, baland-past, yonboshi turtib chiqqan dorixonalar qatoriga kelib, Bo‘zbola chiqqan joyni mo‘ljalladim. Ichkariga kirsam, xushbichimgina sotuvchi ayol qarshi oldi:

— Keling, xizmat?

— Sizlarda qorachadan kelgan, qoshlari qayiriq, ko‘rinishi o‘ktam yigit ishlamaydimi?

— Yo‘q, nimaydi?

Muddaomni aytdim. Opa yelka qisdi. Qo‘shni dorixonaga o‘taman, undan narigisiga, undan keyingisiga... Sanoq bo‘yicha oltinchisiga kelganda, peshonamga shap etib urdim.

— Kechirasiz, mana bu dorilar necha so‘m turadi?

— 4200 so‘m!..

Ichkin o‘ylardan — ichki ishlarga

Shu kuni qaysidir yumush bilan yo‘lingiz shu taraflarga tushib, mashinasiga suyanib qah-qaha otayotgan odamga nogahon ajabsinib qaragandirsiz? Ha, adashmadingiz: o‘sha azamat menman-da!

Avvalboshda jag‘im qiyshayib qolguncha kuldim. Obbo, shovvozlar-ye! Zap tushirishdi-da o‘ziyam. E’tiborimni tortgan jihat — ular shunchaki aldab ketishmadi. Firib uchun ozgina sarmoya kiritishdi. Keyin ishontirishdi. To‘g‘risi, o‘sha paytda G‘afur G‘ulomning «Yodgor» qissasi qahramonidek edimki, azbaroyi yaxshilik qilaman deb hatto xizmat haqi ham so‘ramabman. Shu narsa alam qilib ketdi.

Ayting-chi, mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda nima qilgan bo‘lardingiz? 38 ming so‘m pul uchun qo‘l siltab ketarmidingiz? Taktika shu qadar ustalik bilan tuzilgan ediki, bir tushlik narxiga teng summa uchun uncha-munchaga IIB eshigini taqillatib bormaysiz. Ular buni yaxshi bilishgan.

Shoshma, bo‘lgan voqea — bo‘lib o‘tdi. Ana, Uchtepa tuman IIB binosi to‘rt bekat narida-ku. Shartta borib, ariza yozaman. Tabiiyki, kasbimni sir tutaman. Shu bahona IIB tezkor xodimlari haqiqatan tezkormi, yo kunora televizorda ko‘rsatilayotgan lavhalar shunchaki tomoshami — bilib olaman.  

* * *

— Nima xizmat bilan keldingiz?

— Firibgarlik to‘g‘risida arzim bor edi.

— Hujjatlaringizni bering...

Yopiray, «Tashqarida kutib tur», «Hozir yo‘q ekan, ertaga kel», «Propiskang bormi?» degan bepisandlikdan asar ham yo‘q. O‘n minutda ishim bitdi. Ochig‘i, hayron qoldim. Chunki bundan uch yilcha avval ham ayni shu idoraga ishim tushgan — ovorai sarson bo‘lib, so‘kina-so‘kina hafsalam pir bo‘lgan edi-da.

Bo‘yi kichikrok, zuvalasi pishiqqina tezkor xodim boshlig‘i nomiga ariza yozdirib olgach, voqea tafsilotlarini ipidan-ignasigacha so‘rab-surishtirdi.

— Bo‘ldi, aka. Hozirdan qidiruvni boshlaymiz. Balki ko‘proq vaqt ketar, sabrliroq bo‘lasiz.

— Gap pulda ham emas, bular uyushgan guruhga o‘xshaydi. Kim bilsin, yana menga o‘xshagan nechta sodda odamni chuv tushirishdi, — deyman. Zora, shu gapim bilan ijtimoiy xavflililik darajasi ko‘tarilsa.

— Aka, bu yog‘i bizning ish. Siz bemalol ketavering. O‘zim qo‘ng‘iroq qilaman...

 Yuzma-yuz

Ertasi kuni tushga yaqin telefonim jiringladi. Narigi go‘shakdan tezkor xodimning g‘olibnamo ovozi yangradi:

— Ish jadallashib ketdi, yana ozroq sabr qilib turasiz.

Seshanba kuni yana qo‘ng‘iroq. Kunda xabar beradi. Murojaatchilar bilan ishlash mexanizmining barcha murvatlari ishlay ketibdi-da, xayriyat! Shanbada tergovchi qo‘ng‘iroq qildi: «Bir kelib keting, yuzlashtirib olaylik».

Mashina rulini mahkam siqib olganman. «La’natilar, meni o‘zlaringga o‘xshagan mishiqi deb o‘ylovdilaringmi, buzoqning yugurgani somonxonagacha!». G‘azabnok o‘ylar bir zumda Toshkent shahar Uchtepa tuman IIB binosiga eltadi.

Tergovchi koridorda kutib oldi. Hozir xonasiga kiritishini, xolislar, advokat hozir ekanini, meni chuv tushirgan kimsa kimligini tanib, qo‘lim bilan ko‘rsatishimni, shu asosda bayonnoma rasmiylashtirilishini aytdi. Keyin ichkariladik. Tergov xonasining bir burchagida besh yigit saf tortib turardi. Har birining qo‘lidagi qog‘ozchaga raqami yozilgan. Deraza oldidagisi meni ko‘riboq yerga qaradi. Tanidim, tanimay bo‘ladimi, sal demasa, uning qayrilma qoshlari tushlarimga kirib chiqay dedi-ku!

Kerakli hujjatlarga imzo chekildi. «Qayrilma qosh» uzr so‘radi, tavba qilganini aytdi. Indamadim. Sudda ko‘rishadigan bo‘ldik...

Tashqarida tezkor xodim bilan ozgina hangoma qildik. Aytishicha, firibgarlar ko‘pchilikni aldab, pulini o‘zlashtirgan. Navbatini kutib turgan miqtigina oqsoch kishi ulardan biri ekan. Dardimiz bir — ko‘ngil so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, uni mendan ham battar qilishibdi. «Beshbola» guruhi akamizga 2007 yilda chiqarilgan dori qo‘llanmalari yozilgan varaq kseronusxasini naq yetmish ming so‘mga pullabdi...

 Bo‘zbolaning iqrori

...Binodan chiqqanimda nomozshom edi. Bahorning ilimiliq havosi. Kayfiyatim masrur, negadir kim bo‘lsa ham suhbat qurgim, maqtangim keladi. Kutish o‘rindig‘iga nazar tashlayman. Qatlari g‘ijim, eski ko‘ylak kiygan, ro‘molini kampirnusxa o‘ragan onaxon yerga mahzun tikiladi. To‘kilishdan qolgan yakam-dukkam sariq tishlarini lablari yashirmas, ko‘cha shovqini-da uni g‘arq o‘yidan uyg‘otolmas edi. Manzara shu qadar ayanchliki, bir lahzada xotiram qatlari junbushga keldi; o‘n to‘rt yil ilgari universitetda g‘o‘rlik ortidan o‘qituvchim bilan tortishganim, achchiq qilib darsga bormay, ijara xonadan chiqmay yotganim esga tushadi. O‘shanda dekanat uyimizga meni universitetdan haydash to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborgan, onam kelgani haqida kursdosh-xonadoshim xabar bergan, oyog‘imni qo‘ltig‘imga olib dekanatga chopgandim. Ming vahki, halloslab yetib kelganimda onam stulga cho‘kkancha unsiz yig‘lab o‘tirar, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mening o‘rnimga dekandan qayta-qayta uzr so‘rardi... Negadir men bu alamli xotirani hech unutolmayman...

Kalovlanib qoldim. Yuzlashtirish asnosida Bo‘zbola shaharga yaqindagina kelganini, sherigi undoviga laqqa tushganini, endilikda qattiq pushaymonligini, qishloqda qari onasi borligini aytib, mo‘ltiragan edi.

Mana o‘sha iqror: «Akajon, uzr. Bu yerga kelib «moyka»da ishlamoqchi edim. Lekin shaharga kelishga yo‘lkiram yo‘q edi. Tanishim taksi pulini to‘lab berdi. Evaziga ishlab berasan dedi. Men o‘sha kuni xato qilayotganimni kechroq anglab yetdim. Ertasi kuni Chilonzor ko‘chalari bo‘ylab sizni izladim. Sizdan tashqari yana ikki kishini ham aldagandim. Ularga ertasi kuni pullarini qaytarib berdim. U yoqda qari onam qolgan...».

U paytda qo‘yib bersa, o‘zim jazolash kayfiyatida edimki, iltijolarga aslo parvo qilmasdim. Gapi rostmikan? Nahotki, iztirob-la o‘tirgan anovi mushtipar onaxon shu kishi bo‘lsa? Bo‘zbola shu qilmishi uchun qancha vaqt vijdon azobi chekarkin? Yo hammasi nayrangmi?..

Ortga burilib, onaxonning yuziga tikilgim, Bo‘zbolaga o‘xshash belgilarni uning yuzlaridan izlagim, topgim keldi.

Ammo qaramadim. Qarolmadim...

Asliddin Alimardonov

«XXI asr» gazetasining rasmiy saytidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring