Fin diplomati YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi
Finlyandiyalik diplomat Teri Hakala xonim Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Yevropa Ittifoqi Kengashining tegishli qarori ko‘ra, u joriy yil 1- iyuldan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.
«Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda muvozanatni saqlab turuvchi hamkor sifatida mintaqadagi muammolarni hal etishga ko‘mak bera oladi. Qolaversa, YeI global pandemiyadan keyin qayta tiklanishda asqotadigan ko‘plab vositalarga ega», – deydi T.Hakala.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Josep Borrel rahbarligida faoliyat yuritadi va uning umumiy tashqi va xavfsizlik siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishlariga ko‘maklashadi.
Ayni paytda YeIning mintaqa davlatlari bilan hamkorligi xavfsizlik, qonun ustuvorligi, atrof-muhit, suv resurslari, iqlim o‘zgarishi, ta’lim, ayollar masalalari, inson huquqlari kabi sohalarni o‘z ichiga olgan. YeIning Markaziy Osiyo strategiyasiga muvofiq, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda barqaror aloqani rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Maxsus vakil mintaqa mamlakatlari bilan rasmiy Bryusselning har tomonlama hamkorligini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
T.Hakala 33 yillik diplomatlik faoliyati davomida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi hamda YeXHT tizimida mas’ul vazifalarni bajargan. Jumladan, Finlyandiyaning Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya Hindiston kabi mamlakatlardagi elchisi, TIVning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti rahbari, YeXHTning Gruziyadagi missiyasi rahbari kabi lavozimlarda ishlagan. So‘nggi yillarda esa Finlyandiya TIVda maxsus elchi vazifasini bajargan.
Hozirga qadar YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlab kelgan Piter Burianning vakolat muddati 30-iyun kuni tugaydi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yil 24-may kuni diplomat P.Burianni qabul qilgan va uning Toshkent hamda Bryussel o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida e’tirof etgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter