FHDY organlari tuman va shahar hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.
Farmonga muvofiq, kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali tamoyili bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etiladi.
Ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- Hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;
- Davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish;
- Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, «respublika – viloyat – tuman – mahalla» tamoyili bo‘yicha huquqiy targ‘ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- Tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish;
- Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish, uning barqarorligi va bir xilligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
- Davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish, shuningdek, ularning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va metodik ta’minlash.
2018-yil 1-iyuldan boshlab huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik ta’minlash, «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha vazifalar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter