Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Fermerlar mustaqil tadbirkor emas, mahalliy hokimliklarning qora ishchisi...»

«Fermerlar mustaqil tadbirkor emas, mahalliy hokimliklarning qora ishchisi...»

Foto:«Gazeta.uz»

Kecha Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova tumandagi fermerlar bilan uchrashuvda ularni «maraz», «iflos» deb haqoratlagan, soya o‘simligi bilan bog‘liq rejani bajarmagan fermerlarga yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aks etgan audioyozuvi tarqaldi.  Mazkur audioyozuv bilan bog‘liq shov-shuvlar avj nuqtaga chiqqach, hokim opa holat bo‘yicha  bahona-uzr aralash izoh berdi. Andijon viloyat hokimiligi matbuot xizmati esa amaldor ayolning oddiy odob me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan «nutqi» uchun unga ogohlashtirish berilganini bildirdi. Uzrlar-u ogohlantirishlar so‘ng «og‘zi polvon» amaldorlar etagini yig‘ishtirib olmasligi ayon. Ya’nikim, shu bilan  muammoga barham berilmasligi achchiq tajribalar ko‘rsatib turibdi.  Hozir gap bunda emas. Gap amaldorlarning  tiligi erk beraverishi ularning ma’naviy-axloqiy qiyyofasini namoyon etishi barobarida jamiyatdagi maddalab ketgan illatlarni ham ko‘rsatib beradi. Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Bo‘ston tumani hokimi audiosi bahona o‘sha illatlar haqida fikr yuritdi. U  «...bu  audiodan quyidagi xulosalarga keladi:

- aksariyat hokimlarga haqorat qilish bobomeros. «Boshqachasiga ishlab bo‘lmaydi, yaxshi gap bilan natija qilishning iloji yo‘q» degan oltin qoidaga sidqidildan amal qilishadi;

- fermerlar qog‘ozlarda mustaqil, balki hatto qog‘ozda ham mustaqil emasdir, kim bilsin. Amaliyotda esa qo‘pol aytganda «zamonaviy quldek» gap. Ularning aksari mustaqil tadbirkor emas, yelkasiga bir dunyo majburiyat ortilgan hokimlikning qora ishchisi, majlislarda so‘kishdan tortib haqoratgacha jimgina eshitadigan, mabodo gap qaytarib qo‘ysa, ertaga tekshiruvchilardan tinkayi madori qurib, shimildiriqsiz qoladigan bir nochor qatlam;

- boz ustiga fermerlarning shu nochorligi yetmaganday nodavlat tashkilot bo‘lgan Fermerlar kengashiga badal to‘lashga ham majbur. Qonunlar orqali shunaqa to‘lov undirishga majburlanadi ular. Dunyoda birorta mamlakatda fermerlar majburlab qaysidir nodavlat tashkilotga badal (soliq) to‘lamaydi, faqat O‘zbekistonda shunaqa. Bu aqlga sig‘maydi, bu qonunning Konstitutsiyaga mos kelishi ham bahsli masala;

- paxta va g‘allada plan yo‘qoldi degan gaplarning barchasi hozircha shunchaki balandparvoz hayqiriqlar, xolos. Xalqaro reytinglarda o‘rnimizni yaxshilash, qanaqadir sanksiyalarni bekor qilish uchun faqat qog‘ozdagi jimjimador gaplar bu. Amalda esa barchasi o‘zgacha. Plan, plan va yana plan! Buni men fermerlik bilan shug‘ullanadigan bir tanishimiz garchi davlat oldidagi shartnomaviy majburiyatini to‘liq bajargan bo‘lsa ham, sektor rahbari bo‘lgan tuman IIB boshlig‘ining shaxsan o‘zi kelib, ortib qolgan barcha g‘allasini hech bir so‘roqsiz bir boshoq ham qoldirmasdan o‘rib ketganida, qarshilik qilsa o‘ziga yomon bo‘lishi haqida udag‘aylaganida tushunib yetgandim;

- O‘zbekistonda mulk huquqi haligacha eng nozik Xitoy chinnisi kabi mo‘rt. Hokim-opa fermerlarga qarata qayta va qayta yerini tortib olib qo‘yishi haqida do‘q uryapti. Amalda ham shunaqa. Istalgan payt fermer bo‘ladimi u, klaster bo‘ladimi u, tadbirkor bo‘ladimi u, va o‘zi umuman oddiy fuqaro bo‘ladimi, yeridan (uyidan) ajrab qolish xavfi saqlanib turibdi. Agar hokim yoki birorta boshqa kattaroq amaldor qasdlashsa, na sud, na boshqasi yordam bera olmasligiga ko‘p misollarni keltirishimiz mumkin;

- va kechagi audiodan oxirgi xulosa: ayollar hokim bo‘lyapti degani, hammasi zo‘r bo‘lib ketadi, degani emas. Bu shunday tizimki, jinsiga qaramaydi, yoki sen tizimga moslashasan, yoki seni bu maydondan uloqtirib tashlashadi. O‘zbekistonda uchinchi variant hozircha yo‘q...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring