Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa Ittifoqi Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekadi

Yevropa Ittifoqi Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekadi

Sharlotta Adrian xonim boshchiligidagi yevropalik diplomatlar nihol qadamoqda.

Foto: YeI delegatsiyasi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatining sahroga aylanayotgan hududni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlariga ko‘mak sifatida joriy yil oxirigacha Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian mintaqaga safar davomida ma’lum qilgan.

YeI, unga a’zo davlatlar va O‘zbekiston vakillaridan iborat 30 kishili delegatsiya Orolbo‘yi mintaqasiga bordi. Mo‘ynoq va «Kemalar qabristoni»ga tashrifning ilk kunida YeI elchilari nihollarning birinchi to‘plamini o‘tqazdilar. Shu yerda mintaqaning «yashil» kelajagida YeI va a’zo davlatlarning ulushini eslatib turuvchi esdalik taxtacha ham o‘rnatildi.

«Orol dengizining yo‘qolishi  bu – milliy va xalqaro chegaralarni ham bosib o‘tgan falokatdir. Yevropa yashil kursi va Markaziy Osiyo bo‘yicha YeIning yangi Strategiyasiga muvofiq YeI va a’zo davlatlar O‘zbekistonni atrof-muhit degradatsiyasini oldini olish va zarar ko‘rgan aholining barqarorligini oshirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor», – deydi Sharlotta Adrian xonim.

YeI Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ziyod mablag‘ ajratdi. Qayd etilishicha, bu tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish ishiga sodiqlik ifodasi sanaladi.

«Shunday qilib, biz bo‘lg‘usi «yashil» investitsiyalar va ekotizimning hamda  Orol dengizi mintaqasida  barqaror turmushning yaxshilanishi uchun imkoniyat yaratilishiga umid qilamiz», – deydi  YeI elchisi.

Sir emas, 1960-yillargacha dunyoda kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turgan ko‘l – Orol dengizi qurishi milliy va mintaqaviy chegaralar doirasidan chiqib global ekologik fojiaga aylandi. Ko‘l qurishi va cho‘llanish mintaqada yashovchi ko‘p sonli aholi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzaga keltirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil noyabr oyida Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumida muhim mavzular qatorida yashil tiklanish masalasi ham muhokama etilgandi. Xususan, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida yashil sarmoya iqtisodiyotining ahamiyatiga ham to‘xtalgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring