Eron elchisi: ziyorat turizmi, jahondagi vaziyat va O‘zbekiston bilan aloqalar haqida
Kecha, 4-aprel kuni Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Iftorlik dasturxoni ustida kechgan samimiy muloqotda elchi janoblari Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik haqida batafasil to‘xtaldi.
Mamlakatimiz bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlar 1992-yildan boshlangan. Dastlab poytaxtimizda Eron elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 1995-yili Tehronda O‘zbekiston elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Elchi Muhammadali Iskandariyning ta’kidlashicha, shu davrga qadar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik asosan savdo-iqtisodiy yo‘nalishda bo‘lgan. 2022-yil sentyabr oyida Eron Islom Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga va 2023-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Eronga tashrifi hamkorlikni yanada jonlantirib yubordi. Ana shu tashriflar natijasida o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangan. Ikki davlat iqtisodiy, siyosiy, madaniy, sport va boshqa sohalarda 20 dan ortiq yuqori darajadagi delegatsiyalarning o‘zaro tashrifi amalga oshirilgan. Shu vaqtga qadar savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan va boshqa sohalarga oid 50 dan ortiq hujjat imzolangan. Hamadon va Buxoro viloyatlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lgan qo‘yilgan. Joriy yilda O‘zbekiston va Eronda san’at va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
2022-yili savdo hajmi 436 million dollar, 2023-yili esa 504 million dollarni tashkil qilgan. 2022-yil bilan solishtirganda bu boradagi o‘sish 17 foizga yetgan.
– Albatta, bu o‘sish mamlakatlarimiz uchun yetarli emas, – dedi Elchi Muhammadali Iskandariy. – Shu sababli ham ikki mamlakat tadbikorlari o‘rtasida yanada kuchli hamkorlik qo‘yilishi zarur. Eronda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yevrostandart talablariga to‘liq javob beradi.
Yetmishdan ortiq mamlakatda bo‘lgan diplomat sifatida o‘zbek xalqidek mehribon va mehmondo‘st xalqni ko‘rmadim. Mamlakatlarimiz o‘rtasida haftasiga ikki marta aviaparvozlar amalga oshiriladi. Bu kam, chunki eronliklar ham O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand va Buxoroga kelishni, ziyorat qilishni xohlashadi. Albatta, kelgusida ziyorat turizm bo‘yicha hamkorligimiz kuchayishiga ishonaman.
Elchi Muhammadali Iskandariy xalqaro masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. U «Afg‘oniston va va G‘azo sektoridagi voqealar bizni ham tashvishga soladi» dedi, Elchining bildirishicha, Eron 6 milliondan ortiq afg‘onistonlik qochqinlarga joy bergan, ular ta’lim, tibbiy xizmat bilan qamrab olingan. U dunyo hamjamiyati G‘azo sektorida tezroq tinchlik o‘rnatilishi, bu mintaqada har qanday urushlar to‘xtalishi zarurligini ta’kidladi.
Muloqot jarayonida elchi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter