Erkin Turdimov kim obuna bo‘lishi lozimligi va pulni qayerdan olish kerakligini aytdi
Bugun Samarqand viloyat hokimi Erkin Turdimov Xalq deputatlari kengashi yig‘ilishidagi murojaat bilan chiqish qildi va yil yakunlari hamda kelgusi yil rejalari bo‘yicha hisobot berdi. AOKA tomonidan tashkil qilingan press-tur doirasida OAV vakillari ham ushbu yig‘ilishda ishtirok etdi.
Xabar.uz muxbiri tomonidan ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi o‘z murojaati davomida obuna masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
— Obuna bo‘yicha hamma bilib olishi kerak, odamlarning gazeta o‘qishga chanqog‘i baland. Ko‘pchilik internetdan yangiliklarni o‘qib olsa bo‘ladi, deydi. Yo‘q, internetni o‘qiydigan toifa boshqa.
O‘zbekistonning asosiy aholisi qishloqlarda yashaydi. Mahallaga kirib, so‘rab ko‘ringchi, kim internetga kirar ekan? Yoshi ellikdan oshganlardan sanoqlisi internetdan foydalanadi. Aksariyati gazeta o‘qiydi.
Nima, chet davlatda gazeta o‘qilmaydimi? Hamma joyda gazeta sotiladi. Shunchaki u yerda odamlar o‘z ixtiyori bilan obuna bo‘ladi.
Biz ham o‘zgarishimiz kerak, redaksiyalar ham.
Har bir maktab bitta gazetaga davlat hisobidan obuna bo‘lishi kerak. Biz biror o‘qituvchini obuna bo‘lishga majbur qilmayapmiz. Hamma bilib olsin. Men buni alohida gapiryapman.
Maktabga borib: «Hokim aytyapti, obuna bo‘larkansan», deydiganlarning kuchi kimga yetadi? Farroshga, keyin bechora o‘qituvchiga yetadi, ulardan pul yig‘ishni boshlaydi.
Hammaga murojaat qilmoqchiman, agar kimdir borib «hokim aytyapti, obuna bo‘larkansan», desa, bu noinsof bizga dushman bo‘ladi. Biz xodimlardan pul yig‘, degan gap aytmaganmiz.
Har bir maktabning birinchi navbatda rivojlantirish jamg‘armasi bor, iqtisod qilingan mablag‘ bor va agar shunda ham yetmasa moliya boshqarmasi, kerak bo‘lsa viloyat boshqarmasidan pul olib, obuna tashkillashtirish kerak.
Ikkinchidan, maktab direktori fidoyi bo‘lsa, o‘zi obuna bo‘lsin. Juda vatanparvarlik qilsa, xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri bor, u obuna bo‘lsin. Bo‘ldi, boshqa hech kim majburlanmasin, — dedi Erkin Turdimov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter